Jahon | 09:50 / 15.04.2025
2751
2 daqiqa o‘qiladi

London Ukrainaga ko‘p millionlik yordam taqdim etdi

Buyuk Britaniya G7 dasturi doirasida Kiyevga 752 million funt sterling o‘tkazdi. To‘lov Rossiya aktivlaridan olingan daromaddan amalga oshiriladi.

Foto: Jack Taylor / Getty Images

Buyuk Britaniya G7'ning Ukraina uchun favqulodda daromadlarni tezlashtirish (Extraordinary Revenue Acceleration Loans for Ukraine, ERA) kreditlar dasturi doirasida 752 million funt sterling (875 million yevro ekvivalenti) miqdorida ikkinchi to‘lovni amalga oshirdi. Bu haqda 14 aprel, dushanba kuni Buyuk Britaniya hukumati saytida chop etilgan press-relizda aytilgan.

Qayd etilishicha, bu to‘lov 2,26 milliard funt sterling (2,63 milliard yevro miqdorida) miqdoridagi yirikroq kreditning bir qismi bo‘lib, u Yevropa Ittifoqi hududida joylashgan muzlatilgan Rossiya davlat aktivlaridan olingan rejadan tashqari daromadlar hisobidan to‘lanadi. Tegishli kelishuvni 1 mart kuni Buyuk Britaniya moliya vaziri Reychel Rivz va Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko imzoladi.

«Ushbu mablag‘ Ukrainaga muhim harbiy texnika, jumladan, zudlik bilan zarur bo‘lgan havo hujumidan mudofaa uskunalarini sotib olishga yordam beradi. Bu Rossiyaning Sumi shahrini nishonga olgan holda Ukrainaga qarshi havo hujumini davom ettirishi bilan bog‘liq», — deyiladi Britaniya hukumatining 14 aprel kungi matbuot-relizida.

Londonda ta’kidlanganidek, ajratilgan mablag‘ga sotib olingan asbob-uskunalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun mablag‘lar asosan Buyuk Britaniyada sarflanadi va bu, o‘z navbatida, mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi va malakali ish o‘rinlari sonining ko‘payishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid