Jahon | 16:53 / 17.04.2025
16168
9 daqiqa o‘qiladi

Kursk oblasti sobiq gubernatori hibsga olindi

U Ukraina bilan chegaradagi mudofaa inshootlari qurilishi uchun ajratilgan budjet mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanmoqda. «Ajdaho tishlari» yomg‘ir va qorga dosh berolmagan.

Foto: AFP / Scanpix / LETA

Kursk oblastining sobiq gubernatori Aleksey Smirnov budjetdan kamida bir milliard rublni o‘g‘irlash bo‘yicha jinoiy ish doirasida hibsga olindi. Politsiyachilar FXX xodimlari hamrohligida Smirnovni 15 aprel kuni qo‘lga olgan, shundan so‘ng u Moskvaga olib ketilgan. U Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi penthausda qo‘lga olindi, deb yozadi «Kommersant».

Moskvaning Meshchanskiy rayon sudi Smirnovni hibsga olish to‘g‘risida 16 aprelda qaror chiqardi, u ikki oy muddatga, 15 iyungacha hibsxonaga jo‘natilgan. Himoya tomoni Smirnovning yurak xastaligi borligini ro‘kach qilib, uni uy qamog‘iga jo‘natishni taklif qildi. Ayblanuvchining vakiliga ko‘ra, sud qarori ustidan shikoyat qilinadi.

Shuningdek, Kursk oblasti gubernatorining sobiq birinchi o‘rinbosari Aleksey Dedov ham qo‘lga olingan va Kurskdan Moskvaga olib ketilgan. Sud unga nisbatan ham qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llashi kutilmoqda.

Kursk oblastining sobiq rahbariga, shuningdek, uning o‘rinbosariga uyushgan guruh tarkibida xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik sodir etish aybi (Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi) qo‘yildi, dedi Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volk. Ushbu modda bilan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutiladi.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Smirnov va Dedov uyushgan guruh ishtirokchilariga rahbarlik qilgan va «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi» rahbariyati bilan birgalikda milliard rubldan ortiq budjet mablag‘larini o‘g‘irlashni tashkil qilgan. «Rivojlanish korporatsiyasi» Ukraina bilan chegarada mudofaa inshootlarini qurishda bosh pudratchi bo‘lib ishlagan, o‘g‘irlangan pullar muhandislik inshootlarini qurishga yo‘naltirilgan.

Smirnov va Dedov aybiga iqror bo‘lmadi. Sobiq gubernator ko‘rsatma berishdan bosh tortdi va ayblov matnini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqish va qarshi dalillarni tayyorlash uchun vaqt kerakligini aytdi, deb yozadi «Kommersant».

Avvalroq ish bo‘yicha «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi»ning uch rahbari – sobiq bosh direktor Vladimir Lukin va uning o‘rinbosarlari Igor Grabin va Snejana Martyanova qo‘lga olingan edi. Ichki ishlar vazirligi budjet mablag‘larini olgan va zarur qurilish ishlarini bajarmagan kompaniyalar rahbarlari ham ushlanganini ma’lum qildi. Ish bo‘yicha ayblanuvchilar hibsga olingan.

Tergov zirhli texnikaning harakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi katta beton piramidalar – sifatsiz «ajdar tishlari» tufayli boshlandi, deb yozadi RBK. Kursk oblastida himoya inshootlari qurilishini tekshirishdan so‘ng tergovchilar bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ish materiallari bilan tanish bo‘lgan RBK manbasining so‘zlariga ko‘ra, tergovning e’tirozlari qurilgan obektlar loyiha hujjatlariga mos kelmagani sababli yuzaga kelgan.

Dastlab jinoiy ishda beshta epizod bo‘lgan, ularning deyarli barchasi Ukraina hujumlaridan himoyalanish bilan bog‘liq, deb yozadi «Kommersant». Xususan, «ajdar tishlari»ni tayyorlashda yetkazilgan zarar taxminan 156 million rublni tashkil etadi. Konstruksiyalarni ishlab chiqarishda M500 markali beton o‘rniga M200 markali beton ishlatilgan. Nashrning izohlashicha, birinchisi sanoat ishlab chiqarishi uchun, ikkinchisi esa maishiy maqsadlarda qo‘llanadi. Shu sababli, «ajdar tishlari» yomg‘ir va qor yoqqanida buzilib ketgan va Ukraina armiyasining Kursk oblastiga hujumi paytida Ukraina qurolli kuchlarining zirhli texnikasi harakatiga to‘sqinlik qila olmagan. Tergov, shuningdek, Kursk oblasti rasmiylari qurilish kompaniyalari va yetkazib beruvchilarga ortiqcha pul to‘lagan bir nechta epizodlarni aniqladi.

Sobiq gubernator va uning o‘rinbosariga qarshi «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi» top-menejerlari ko‘rsatma berdi, deb xabar qiladi «Kommersant»ning huquq-tartibot idoralaridagi manbasi. Tashkilotning sobiq bosh direktori, mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblangan (Jinoyat kodeksining 285-moddasi 3-qismi) Vladimir Lukin va boshqa ba’zi shaxslar istehkom inshootlarini qurish uchun ajratilgan mablag‘larni o‘g‘irlashni Aleksey Smirnov va Aleksey Dedov tashkil etganini aytishgan.

«Kommersant» manbasiga ko‘ra, Smirnov va Dedov qurilishga faqat ular bilan shartnoma tuzish uchun kamida 15 foizlik to‘lovni (otkat) to‘lashga rozi bo‘lgan pudratchilarni jalb etgan.

Jurnalistlar fikricha, ishning dastlabki ishtirokchilari jinoiy uyushma tashkil etish bo‘yicha (20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan) yangi ayblovlar qo‘yilmasligi uchun, sudgacha bo‘lgan kelishuvlarni tuzishga va o‘g‘irlik tashkilotchilari haqida gapirishga rozi bo‘lishgan.

Aleksey Smirnovga nisbatan operativ tadbirlar «uning firibgarlik sxemasiga aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lganidan keyin bir necha oy davom etdi», deydi TASS manbasi.

Yetkazilgan zarar miqdori milliard rubldan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Bu boshlang‘ich summa, tergov korporatsiyaning pudratchilari bilan boshqa kelishuvlarni tekshirayotgani sababli zarar miqdori bir necha barobar oshishi mumkin, deb yozadi «Kommersant». O‘z navbatida, RBK manbasi ta’kidlashicha, umumiy qiymati 4,5 milliard rublga yaqin o‘g‘irlik tergov qilinmoqda.

Kursk oblastida himoya inshootlari: blindajlar, o‘t ochish nuqtalari, tayanch punktlari, tankka qarshi piramidalar va xandaqlar qurish uchun federal budjetdan jami 19,4 milliard rubl ajratilgan. Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi 2025 yil boshida Kurskning Lenin rayoni sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi»ning sobiq rahbari Vladimir Lukindan 3,2 milliard rubldan ortiq mablag‘ni undirishni so‘ragan. Idora versiyasiga ko‘ra, bu mablag‘lar mudofaa inshootlari qurilishi uchun ajratilgan, ammo oxir-oqibat o‘zlashtirib yuborilgan.

Aleksey Smirnov Kursk oblasti gubernatori lavozimida bir necha oy ishlagan. U 1990-yillar oxirida oblast ma’muriyatida ish boshlagan. 2011 yildan Moskva oblastida turli lavozimlarda ishlagan. 2018 yilda Smirnov Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoytga o‘rinbosar etib tayinlangan, 2021 yilda gubernatorning birinchi o‘rinbosariga aylangan, 2022 yildan esa bir vaqtning o‘zida region hukumatini boshqargan.

Kursk oblastining sobiq gubernatori Roman Starovoyt 2024 yil may oyida Rossiya Federatsiyasi transport vaziri bo‘lganida, Smirnov regionni vaqtinchalik gubernator vazifasini bajaruvchi sifatida boshqargan. 2024 yil sentabr oyida, Ukraina qurolli kuchlarining hujumiga qaramay, Kursk oblastida gubernatorlik saylovlari bo‘lib o‘tadi, unda Smirnov, saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 65,28 foiz ovoz olgan. 5 dekabr kuni esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin gubernator lavozimidan «o‘z xohishiga ko‘ra» iste’foga chiqqan Smirnovning iste’fosini qabul qilgani ma’lum qilinadi. O‘shanda Smirnov saylanganidan iste’fogacha 88 kun o‘tadi. Smirnovning iste’fosi haqidagi qaror Kremlda qabul qilindi, deb xabar bergan RBK manbalari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, region rahbari «aholi bilan», jumladan, Ukraina harbiylari tomonidan bosib olingan hududlardan kelgan qochqinlar bilan aloqa o‘rnatmagan.

Smirnov iste’foga chiqqanidan so‘ng, uning jamoasi vakillari ham Kursk oblasti ma’muriyatini tark etishni boshlaydi. Xususan, Aleksey Dedov 27 dekabr kuni o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shaydi. Bu vaqtda esa huquq-tartibot idoralari «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi» rahbarlarini hibsga olishni boshlaydi. Smirnovning o‘zi dekabr oyida so‘roqqa chaqirildi, deb xabar bergan Mash telegram-kanali. Aleksey Dedovni yanvar oyida so‘roqqa chaqirishadi. Kursk oblastining yangi rahbari Aleksandr Xinshteyn ko‘p marta «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi»ni tanqid qilib, uni «o‘zlashtirish korporatsiyasi» deb atagan, deb yozgandi TASS mart oyida.

Kursk oblastida mudofaa inshootlari qurilishi Roman Starovoyt rahbarlik qilgan davrda boshlangan. RBK nashining prezident ma’muriyatiga yaqin manbasining aytishicha, Starovoytga nisbatan hozirda o‘g‘irlik bo‘yicha gumonlar yo‘q. Kursk oblastining yangi rahbari Aleksandr Xinshteynning aytishicha, hudud ma’muriyati huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilmoqda.

Mavzuga oid