Jahon | 22:40 / 17.04.2025
4285
3 daqiqa o‘qiladi

Skandinaviya muzliklari shiddat bilan eriyotgani ma’lum qilindi

Anomal issiqlik tufayli o‘tgan yili Skandinaviya muzliklari o‘rtacha 1,8 metrga qisqargan - bu esa tarixiy me’yorlardan ancha yuqori ko‘rsatkichdir.

Foto: AP

Shvetsiya va Norvegiyadagi muzliklar misli ko‘rilmagan tezlikda erimoqda. Olimlar bu holatni bevosita iqlim o‘zgarishi, atmosferaning ifloslanishi va issiqxona gazlari sabab yuzaga kelayotgan global isish bilan bog‘layapti.

«Kopernik» Yevropa iqlimni kuzatish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil Yevropa tarixidagi eng issiq yil bo‘lgan. Anomal issiqlik tufayli Skandinaviya muzliklari o‘rtacha 1,8 metrga qisqargan — bu esa tarixiy me’yorlardan ancha yuqori ko‘rsatkichdir.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar hozirgi tendensiya davom etsa, muzliklarning katta qismi yaqin o‘n yilliklar ichida yo‘qolib ketadi.

«Biz bu kichik muzli cho‘qqilarni asrashimiz kerak. Ular insonlar uchun nihoyatda muhim — energetika, qishloq xo‘jaligi, ichimlik suv ta’minoti, hamma narsa uchun! Tog‘lar ekologiyasi butunlay shu suvning qanday yig‘ilishi va sarflanishiga bog‘liq,» — deya tushuntiradi muzliklar bo‘yicha shvetsiyalik mutaxassis Erik Huss.

«Avgust oyida Korsaglasirenga borganimizda, old qismi butunlay qulaganini ko‘rib, hayratga tushdim. Ichimni og‘riq qamrab oldi, ko‘zlarimga yosh keldi. Qanday qilib u bunchalik tez yemirilishi mumkin edi?», — deydi mutaxassis.

Joriy yilda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lib, muzliklar erishini vaqtinchalik sekinlashtirgan bo‘lsada, mutaxassislar bu holatga aldanmaslikka chaqirmoqda.

«Eng muhimi — bu qorli qishni xavf yo‘q bo‘ldi deya qabul qilmaslik. Uzoq muddatda bu ahamiyatga ega emas. Shvetsiyadagi muzliklar qisqarishda davom etadi», — deydi professor Nina Kirxner.

Muzliklarning erishi tabiiy iqlim siklining bir qismi bo‘lsada, bu jarayonning yuqori sur’ati ekotizimlarga moslashish imkonini bermayapti. Jahon meteorologiya tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzidagi ichimlik suvining 70 foizi aynan muzliklar va qor qoplamidan kelib chiqadi. Bu manbalar qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika va ichimlik suvi ta’minoti uchun hayotiy ahamiyatga ega.

Dunyo bo‘ylab 275 mingdan ortiq muzlik mavjud bo‘lib, ular taxminan 700 ming kilometr kvadrat maydonni egallagan. Ularda 170 ming kilometr kubga yaqin muz saqlanadi. Muzliklar nafaqat suv manbai, balki o‘ziga xos «vaqt kapsulalari»dir — ular iqlim, ekotizimlar va inson faoliyati tarixini o‘zida saqlaydi.

Ma’lumot uchun, fevral oyi boshida Arktika va Antarktidadagi muz qoplamining umumiy maydoni 16,04 million kvadrat kilometrni tashkil etgan — bu 1979 yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Mavzuga oid