Iqtisodiyot | 20:44 / 17.04.2025
3336
5 daqiqa o‘qiladi

Tashqi qarz miqdori: xalqaro tavsiyalar va joriy vaziyat qanday?

Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi tasnifiga asosan, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun davlat tashqi qarzining tavsiya etilgan chegaraviy miqdori YaIMning 55 foizi deb belgilangan. 2024 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi 33,9 mlrd dollar yoki YaIMga nisbatan 29,5 foizni tashkil etgan.

Foto: Blomberg

Oxirgi paytlarda tashqi qarz masalasi ijtimoiy tarmoqda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, dolzarb mavzulardan biriga aylanib ulgurdi.

Ko‘p holatlarda moliya sohasidagi mutaxassislar tomonidan davlatning tashqi qarzi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Shu bois mamlakatning tashqi qarzi bilan bog‘liq vaziyatni to‘la aks ettiradigan ko‘rsatkichlardan biri sifatida davlat umumiy qarzining YaIMga nisbati olinadi.

Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasining tavsiyasi hamda tasnifiga ko‘ra, iqtisodiyoti rivojlanayotgan, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davridagi mamlakatlar uchun jami davlat qarzi YaIMga nisbatan 75 foizdan (diskontlanganda 70 foiz), davlat tashqi qarzi YaIMga nisbatan 55 foizdan (diskontlanganda 50 foiz) oshmasligi tavsiya etilgan.

Biroq ko‘plab mamlakatlar, xususan rivojlangan mamlakatlar ham o‘nlab yillar davomida yuqori davlat qarzi bilan yashab kelmoqda. Masalan, Fransiya, Italiya va Yaponiyada bu ko‘rsatkich 100 foizdan oshadi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, 2024 yilda Fransiyaning umumiy tashqi qarzi mamlakat YaIMning 236 foizini tashkil qilgan holda 7,3 trln dollarni, Italiyaning tashqi qarzi mamlakat YaIMning 129 foizini tashkil qilib, umumiy tashqi qarz 2,6 trln dollarni tashkil etgan. Yaponiyaning tashqi qarzi esa 2024 yilda YaIMning 102 foizini tashkil qilgan holda umumiy tashqi qarzi 4,3 trln dollarga yetgan.

O‘zbekistonning 2024 yil yakuni bo‘yicha umumiy tashqi qarz hajmiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich o‘tgan yil yakuni bo‘yicha 64,1 mlrd dollar (YaIMga nisbatan 55,7 foiz)ni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi qariyb 33,9 mlrd dollar (YaIMga nisbatan 29,5 foiz)ga, korporativ tashqi qarz hajmi esa 30,2 mlrd dollarga teng bo‘ldi.

“Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunining 35-moddasida “davlat qarzining eng yuqori miqdori YaIMning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak”, deb belgilab qo‘yilgan. Demak, bundan ko‘rinadiki, O‘zbekistonning tashqi qarzi bilan bog‘liq vaziyat doim vakolatli davlat organlari va malakali mutaxassislarning nazorati ostida ekani esimizdan chiqmasligi lozim.

Shu nuqtayi nazaridan 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etiladigan tashqi qarz bilan bog‘liq masalalar quyidagi sharoitlarni nazarda tutadi:

Birinchidan, Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd AQSh dollari miqdorida bo‘lishi 2025–2027 yillar uchun ishlab chiqilgan Budjetnoma loyihasida keltirib o‘tilgan. Ko‘rsatilgan 5,5 mlrd AQSh dollaridan 3,0 mlrd AQSh dollari Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirishga, qolgan qismi esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan.

Ikkinchidan, mamlakatimiz YaIM har yili o‘rtacha 5,0-6,5 foizga oshmoqda, aholi soni ham har yili ko‘payib, bugungi kunga kelib 37,5 mln nafarga yetdi. Bu holat o‘z navbatida davlat budjetidan qilinadigan xarajatlarning ham ko‘payishiga olib keladi. Demak, yurtimizda qo‘shimcha uy-joy, maktab, bog‘cha va boshqa ijtimoiy obektlarni qurishga qo‘shimcha pul talab etiladi. Bunga yana qanday tushuntirish yoki izoh kerak.

Umuman olganda, O‘zbekistonning tashqaridan qarz jalb qilish darajasi ortib borayotgan bo‘lsa-da, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lib, yillik o‘sish 6,0-6,5 foizdan kam bo‘lmayapti. Qolaversa, O‘zbekiston oltin-valuta zahiralari 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 41,18 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va tashqi qarz miqdori xavotirli darajada emas.

Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo‘lsak, qarz olish mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, budjet taqchilligini kamaytirish, infratuzilma obektlarini yaxshilash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikka qulay investitsion iqlim yaratishga maqsadli yo‘naltirilishi lozim.

Eng muhimi davlatning tashqi qarzi belgilangan iqtisodiy me’yorlardan oshmagan holda bo‘lishi va uning maqsadli sarflanishini nazorat qilinishi o‘z navbatida iqtisodiyotga jalb etilayotgan investitsiyaviy loyihalar samaradorligini oshiradi.

Nodirbek Rasulov,
iqtisodiyot fanlari doktori

Mavzuga oid