Janubiy Koreya Harbiy-havo kuchlari deyarli barcha parvozlarni to‘xtatdi
KA-1 shturmovigi o‘quv mashg‘uloti paytida tasodifan ikkita pulemyot konteyneri va ikkita bo‘sh yonilg‘i bakini tashlab yubordi. Shu bois mamlakatdagi deyarli barcha harbiy havo kemalari parvozi 22 aprelga qadar to‘xtatildi.

Foto: AP
Janubiy Koreya Harbiy-havo kuchlari KA-1 yengil shturmovigi ikkita pulemyot konteyneri hamda bo‘sh yonilg‘i baklarini tasodifan tashlab yuborganidan keyin o‘zining deyarli barcha havo kemalari parvozini to‘xtatib qo‘ydi, deb xabar beradi Yonhap.
Harbiy-havo kuchlari (HHK) vakillarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur voqeadan keyin 22 aprelga qadar parvozlarni cheklashga qaror qilingan. Bunda faqat razvedka operatsiyalarini amalga oshiradigan yoki yuqori jangovar shay holat rejimida bo‘lgan samolyotlar parvoz qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, ushbu qadam AQSh bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan Freedom Flag o‘q mashg‘ulotlariga ta’sir ko‘rsatadi. HHK shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 2 mayga qadar davom etadigan manyovrlarga qariyb 1,1 ming harbiy xizmatchi va 90 ta samolyot, jumladan, Janubiy Koreyaning F-35A, F-15K va KF-16, Amerikaning F-16 va F35B qiruvchilari, shuningdek, MQ-1 va MQ-9 dronlari jalb etilgan.
Harbiy-havo kuchlari shtab boshlig‘i general Li Yon Su 21 aprel kuni qo‘mondonlar bilan kelajakda bu kabi holatlarning oldini olishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi.
Yonhap’ning yozishicha, KA-1 shturmovigi ikkita pulemyot konteyneri va ikkita bo‘sh yonilg‘i bakini 18 aprel kuni Pxyonchxanda o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari davomida yo‘qotib qo‘ygan. Hodisa oqibatida hech kimga zarar yetmagan.
Konteynerlarni qidirishga HH-60 vertolyoti va 270 ga yaqin harbiy xizmatchi yo‘naltirilgan. Ular konteynerlarni Kanvondo provinsiyasidagi Yonvol uyezdidan topishga muvaffaq bo‘lgan. Ular bilan birga pulemyot va 12,7 millimetr kalibrli 500 ta naryad ham tushib ketgandi.
HHK fuqarolardan yuz bergan voqea uchun uzr so‘radi.
Mart oyida ikkita KF-16 qiruvchi samolyoti tasodifan Pxochxon shahri atrofida sakkizta MK-82 bombalarini tashlab yuborgandi. Uchuvchining xatosi sabab sodir bo‘lgan hodisa oqibatida 52 kishi jarohat olgan edi.
Mavzuga oid

12:36 / 24.04.2025
Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Mun Je In poraxo‘rlikda ayblandi

18:42 / 21.04.2025
Seulda erkak pestitsid purkagich yordamida 21 qavatli binoga o‘t qo‘ydi

08:10 / 19.04.2025
O‘zbekiston va Janubiy Koreya viza talablarini soddalashtirish masalasini muhokama qilmoqda

18:28 / 08.04.2025