Sport | 23:40 / 20.04.2025
13373
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo Kubogi U-17. Turnirining eng yaxshilari aniqlandi

Saudiya Arabistonidagi «Qirol Fahd» stadionida o‘tkazilgan tantanli taqdirlash marosimida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo kubogini qabul qilib oldi. OFK prezidenti o‘zbekistonlik futbolchilarni g‘oliblikni qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi.

Foto: UFA

Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Finalda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Saudiya Arabistoni jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi. Finaldan so‘ng, Osiyo chempionatining eng yaxshi darvozaboni, futbolchisi va to‘purari nomi e’lon qilindi.

Ne’matulloh Rustamjonov

Osiyo Kubogi o‘yinlarining eng yaxshi darvozaboni O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi posboni Ne’matulloh Rustamjonov bo‘ldi. Turnir to‘purari deb Asilbek Aliyev topildi, Sadriddin Hasanov esa turnirning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.

Asilbek Aliyev

Toif shahridagi «Qirol Fahd» stadionida o‘tkazilgan final bahsidan keyin tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo kubogini qabul qilib oldi.

Sadriddin Hasanov

O‘z navbatida, Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa O‘zbekiston U-17 terma jamoasining Osiyo kubogida chempionlikni qo‘lga kiritgani munosabati O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov nomiga tabrik yo‘lladi.

«Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritganingiz bilan Sizni va O‘zbekiston futbol oilasini chin qalbimdan tabriklashdan mamnunman.

O‘zbekistonning musobaqa davomida ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari yurtingizda futbolni rivojlantirish va ommalashtirish yo‘lida amalga oshirilgan mehnat va sa’y-harakatlaridan dalolatdir. Islom Ismoilov va butun jamoaga turnir davomida namoyish etgan yorqin o‘yinlari uchun minnatdorchilik bildiraman va FIFA U-17 Jahon chempionatida ham muvaffaqiyat tilayman!

O‘zbekiston futbol jamoatchiligiga esa kelgusi faoliyatida zafarlar tilayman», — deyiladi OFK prezidentining tabrigida.

Mavzuga oid