Jahon | 18:37 / 22.04.2025
1640
3 daqiqa o‘qiladi

Harvard universiteti Tramp ma’muriyatini sudga berdi

Da’vo arizasi Boston federal sudiga kiritilgan. Unda javobgar sifatida turli amaldorlar va hukumat agentliklari ko‘rsatilgan.

Foto: AP

Harvard universiteti moliyalashtirish muzlatib qo‘yilgani uchun prezident Donald Tramp ma’muriyati ustidan sudga va’do arizasini kiritdi. Bu haqda universitet prezidenti Alan Garberning bayonotida so‘z boradi.

«Biz moliyalashtirishni muzlatib qo‘yishni bekor qilish uchun sudga murojaat qildik, chunki bu noqonuniy va hukumat vakolatlari doirasidan chiqishdir», — deydi Garber.

Uning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyatining harakatlari oqibati «jiddiy va uzoq muddatli bo‘ladi». Garberning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy, ilmiy va texnologik tadqiqotlar qisqartirilishi «mamlakatning amerikaliklar hayotini saqlab qolish qobiliyatiga putur yetkazadi».

«Yahudiy va amerikalik sifatida men antisemitizmning kuchayishi borasida asosli xavotirlar mavjudligini juda yaxshi bilaman. Bu muammoni samarali hal qilish uchun tushunish, intilish va hushyorlik zarur. Harvard bu masalaga jiddiy yondashadi. Biz bu nafratga qarshi zarur darajadagi qat’iyat bilan kurashishda davom etamiz, chunki biz qonun oldidagi majburiyatlarimizni to‘liq bajaramiz. Bu faqat bizning huquqiy javobgarligimiz emas. Bu bizning axloqiy burchimizdir», — deydi Garber.

Da’vo arizasi Boston federal sudiga kiritilgan. Unda javobgar sifatida turli amaldorlar va hukumat agentliklar ko‘rsatilgan.

Oq uy vakili Harrison Filds universitet da’vosiga izoh berarkan, Harvard kabi muassasalarga federal yordam ko‘rsatish dasturi oxirlab borayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 11 aprel kuni Tramp ma’muriyati Harvard universitetiga maktub yo‘llab, universitet boshqaruvida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish, shuningdek, qabul siyosatini o‘zgartirishga chaqirdi. Tramp ma’muriyatining Harvardga qo‘ygan talablari, shuningdek, universitet, professor-o‘qituvchilar va rahbariyatning xilma-xillik haqidagi qarashlarini ko‘rib chiqish va kampusda niqob kiyishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Jurnalistlarning fikricha, oxirgi talab aniq Falastin tarafdori namoyishchilarga qaratilgan.

14 aprel kuni esa AQSh federal hukumati Harvard universitetiga 2,2 milliard dollardan ortiq grantlar va 60 million dollarlik shartnomalarni muzlatib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid