Maxsus tribunal 20 nafar rossiyalik amaldor ustidan tergovga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Aniq ro‘yxatni Kiyev tuzadi. Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, bosh vazir Mishustin va TIV rahbari Lavrov lavozimdan ketmaguncha sud qilinmaydi.

Foto: REUTERS
Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatlari bo‘yicha sud uchun maxsus tribunal 20 nafar rossiyalik amaldorni javobgarlikka tortishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Deutsche Welle o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aniq ro‘yxatni Kiyev tuzadi, ammo ushbu shaxslar o‘z lavozimiga bog‘liq (funksional) immunitetga ega va bu ularni himoya qilmaydi. Gap Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatini rejalashtirish, tayyorlash, boshlash va amalga oshirishga mas’ul yuqori lavozimli siyosiy va harbiy rahbarlar haqida ketmoqda.
Avvaliga maxsus tribunal Rossiya prezidenti Vladimir Putin, bosh vazir Mixail Mishustin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kabi eng yuqori martabali shaxslarga ham tatbiq etilishi mumkinligi aytilgan edi. Biroq ular lavozimidan ketmaguncha sud qilinmaydi. Shunga qaramay, ular ustidan tergov olib borilishi va ayblov xulosasi tayyorlanishi mumkin. Boshqa bir manbaga ko‘ra, ularga qarshi ayblov va hibsga olish bo‘yicha order berish sud tomonidan faqat daxlsizlik olib tashlangandan keyin amalga oshiriladi. Putin, Mishustin va Lavrov ustidan sud jarayoni esa sirtdan o‘tkazilishi mumkin.
Maxsus tribunal G‘arb davlatlari tomonidan Haaga shahrida, Yevropa Kengashi asosida tashkil etilmoqda. U o‘z yurisdiksiyasini Ukrainadan oladi. Tribunal Ikkinchi jahon urushidan keyin natsist jinoyatchilarini sud qilgan Nyurnberg tribunali modeliga asoslangan. Maxsus tribunal prokurori Haagadagi Xalqaro tajovuz jinoyatlarini ta’qib qilish markazi (ICPA) tomonidan to‘plangan dalillar va Ukraina topshirgan boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqadi.
Tajovuz jinoyatini alohida sudda ko‘rib chiqish g‘oyasi ilk bor 2022 yilda Buyuk Britaniya tomonidan ilgari surilgandi. Bu tashabbusni Ukraina hukumati va AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati qo‘llab-quvvatlagan, mablag‘ ajratgan va amerikalik prokurorlarni tashkilotchilikka yordam berish uchun yuborgan. Ammo Donald Tramp Oq uyga qaytgach, AQSh ushbu tashabbusdagi ishtirokini to‘xtatdi va 2025 yil mart oyida ICPA’dan chiqishini e’lon qildi. Ayni vaqtda 2023 yildan beri tribunalni tashkil etish konsepsiyasini ishlab chiqayotgan asosiy guruh tarkibida 38 ta davlat bor.
Mart oyi oxirida tribunalning nizomi va boshqaruv bitimini o‘z ichiga olgan uchta asosiy hujjat loyihasi taqdim etilgandi. Tribunal tuzilishi uchun Yevropa Kengashi a’zolarining uchdan ikki qismi bu hujjatlarni ma’qullashi kerak. Bundan tashqari, ko‘plab davlatlar boshqaruv bitimini ratifikatsiya qilish uchun o‘z parlamentlarida ovoz berish jarayonlarini o‘tkazishlari lozim bo‘ladi, chunki bu moliyaviy va siyosiy masaladir. Ratifikatsiya jarayoni bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.
Mavzuga oid

17:30 / 05.02.2025
Yevroittifoq Putin uchun tribunal tashkil etish loyihasini tasdiqladi

15:30 / 01.10.2024
Haagadagi XJCdan Lukashenkoga qarshi tergov o‘tkazish so‘raldi

07:59 / 30.04.2024
AQSh Haaga sudining Isroilga nisbatan tergoviga qarshi chiqyapti

12:20 / 05.04.2024