Iqtisodiyot | 12:24 / 24.04.2025
1502
5 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Regulyator yalpi talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosibliklar hamda tashqi noaniqliklarning kuchayib borishi bilan bog‘liq xatarlar pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy, joriy darajasida saqlab qolishni taqozo etganini ma’lum qildi.

Foto: Markaziy bank

24 aprel kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank nima sababdan bunday qaror qabul qilinganini izohlovchi rasmiy press relizni e’lon qildi.

Regulyatorga ko‘ra, so‘nggi oylarda shakllangan umumiy va bazaviy inflatsiya ko‘rsatkichlari inflyatsion jarayonlar va vaziyatning muallaq holatda qolayotganini ko‘rsatmoqda. Yalpi talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosibliklar hamda tashqi noaniqliklarning kuchayib borishi bilan bog‘liq xatarlar pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy, joriy darajasida saqlab qolishni taqozo etgan.

“Ushbu qaror inflatsiya ko‘rsatkichlari va kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga xizmat qiladi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

MB ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan umumiy inflatsiya darajasi o‘suvchi trendga o‘tib, mart oyida yillik 10,3 foizni tashkil etdi. Ayni paytda, bazaviy inflatsiya ham tezlashishda davom etib, yillik 8,1 foizga yetdi. Bu, o‘z navbatida, narxlarga taklif omillari bilan bir qatorda talab omillari ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatayotganini aks ettirmoqda.

“Yoqilg‘i va energiya ta’minoti yaxshilanishi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanishi ta’sirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mart oyida pasaygan bo‘lsa-da, joriy inflatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada qolmoqda.

2024 yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi ta’siri II chorak yakunida tugab, umumiy inflatsiya uchun pasaytiruvchi ta’sirga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, xalqaro savdo sharoitlarining yomonlashishi global iste’mol narxlari bilan bir qatorda ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi va tashqi inflyatsion bosimlarning kuchayishi xavfini oshirmoqda”, - deyiladi regulyator xabarida.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar umumiy inflatsiya ko‘rsatkichi 7-8 foizlik prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.

Birinchi chorakda yalpi iste’mol va investitsion faollikning oshishi hisobiga iqtisodiy o‘sish 6,8 foizgacha tezlashdi. Transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi hamda kreditlash sur’atlarining tezlashishi ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Regulyator 2025 yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishini prognoz qilyapti. Bunda xususiy investitsiyalar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

2025 yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valuta kurslarining mustahkamlanishi hamda so‘m almashuv kursining savdo hamkor davlatlar valuta kurslariga nisbatan barqarorligi fonida real samarali almashuv kursi o‘zining o‘rta muddatli trendi doirasida shakllanmoqda.

Bundan tashqari, pul-kredit sharoitlari joriy qat’iylik darajasining saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining mo‘’tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishini ta’minlab yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflatsiyaga ta’sirini kamaytiruvchi xususiyatga ega bo‘lishi kutilyapti.

Markaziy bank yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.

Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanishi qo‘shimcha qilingan.

Regulyator may oyida kutilayotgan energiya narxlari erkinlashtirilishining navbatdagi bosqichi inflatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi ta’sirlaridan kelib chiqqan holda pul-kredit sharoitlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytmoqda.

Ma’lumot uchun, asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 12 iyun kuniga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, MB boshqaruvining 20 martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilashga qaror qilingandi. Bu qarorga “inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida kelingan.

Mavzuga oid