O‘zbekiston | 07:21
18807
2 daqiqa o‘qiladi

Shukrullo Isroilovga tegishli avtomobilni olib qochgan yigit qamaldi

Transport vositasi ochiq qoldirilganidan foydalangan 1998 yilda tug‘ilgan Sherzod ismli shaxs uni olib qochgan.

Foto: Videodan kadr

Taniqli artist Shukrullo Isroilovga tegishli Mercedes-Benz avtomobilini o‘g‘irlab ketgan yigit sud hukmi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan ayblangan edi.

Sudda ma’lum bo‘lishicha, olib qochilgan avtomobil Isroilovning farzandi nomida bo‘lgan. U mashina olib qochilganini bilib, ichki ishlar organlariga xabar bergan.

Transport vositasi Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Zargarlik ko‘chasida to‘xtatilgan, uni boshqargan shaxs jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlariga topshirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 1998 yilda tug‘ilgan Sherzod ismli shaxs transport vositasini ochiq qoldirilganidan foydalanib, uni olib qochgan.

«Shu mashinani haydab ko‘rishga qiziqardim. Mashina ochiq turgandi, oldida hech kim yo‘q edi, unga o‘tirib, haydab ketdim. Shahar aylanib, Uchtepa tumanidagi «moyka» oldida to‘xtaganimda YPX xodimlari kelib ushladi. Qilgan ishimdan afsusdaman», dedi u sudda.

«Mashinamni qulflamasdan, kalitni ichida qoldirib, bir joyga kirib ketdim. Ishimni bitirib qaytib chiqsam, mashinam yo‘q. O‘zimcha kimdir men bilan hazillashgisi kelibdi, deb o‘yladim. Keyin 102 ga qo‘ng‘iroq qildim. 10 daqiqada mashinamni topib berishdi. Hurmatli hamshaharlar, hushyor bo‘lamiz, mashinangizni umuman ochiq qoldirmang», dedi Shukrullo Isroilov.

Sudda Isroilovning o‘g‘li sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan.

Mavzuga oid