Jahon | 11:16
2987
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi general Moskalikni o‘ldirishda ayblanayotgan shaxsni hibsga oldi

Teraktda ayblangan Ignat Kuzin salkam ikki oyga hibsga olindi. Rossiya Tergov qo‘mitasi u Balashixada general Yaroslav Moskalikning o‘ldirilishida aybini to‘liq tan olganini da’vo qilmoqda.

Foto: Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari / TASS

Moskvaning Basmanniy sudi tergovchilarning iltimosnomasini qanoatlantirib, general-leytenant Yaroslav Moskalikni o‘ldirishda ayblanayotgan Ignat Kuzinni dastlabki hibsga olishga hukm qildi. Bu haqda 27 aprel, yakshanba kuni Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi matbuot xizmatlari xabar berdi.

Sud xulosasida aytilishicha, Kuzin 1 oy-u 30 kun muddatga poytaxt tergov izolyatoriga yuborilgan. Unga terrorizm, noqonuniy savdo va portlovchi moddalar va portlovchi moslamalar ishlab chiqarish ayblovlari qo‘yilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenkoning aytishicha, sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Ukraina Xavfsizlik xizmatiga 18 ming AQSh dollariga yollangan.

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Yaroslav Moskalik 25 aprel kuni Moskva viloyatining Balashixa shahrida o‘z uyidan chiqib ketayotib, o‘sha paytda portlagan mashina yonidan o‘tib ketayotganda vafot etdi. U portlash sodir bo‘lgan hovlidagi uyda yashagan. Ertasi kuni  Federal xavfsizlik xizmati harbiyning o‘ldirilishida gumonlanuvchining qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Rossiyada va Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi tomonidan bosib olingan hududlarida rossiyalik harbiy xizmatchilar va mansabdor shaxslarga suiqasd urinishlari muntazam ravishda sodir bo‘ladi. Ukraina razvedka xizmatlari hech qachon ular uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan, lekin ba’zida ommaviy axborot vositalari orqali ularga aloqadorligini tasdiqlagan.

Mavzuga oid