Jahon | 20:48
3743
4 daqiqa o‘qiladi

9 may sulhi: Rossiya va Ukraina bir-birini «manipulyatsiya»da ayblamoqda

Zelenskiy Putin 30 kun muddatga o‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga parad uchun pauza e’lon qilib, yana manipulyatsiya qilayotganini aytdi. Peskov esa Moskva 9 may kuni munosabati bilan e’lon qilgan qisqa muddatli otashkesim tashabbusiga Kiyev tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri javob qatyrilmaganini «manipulyatsiya» deb atadi.

Foto: Jose Colon / Anadolu / Getty Images

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 9 may kuni munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusiga to‘g‘ridan to‘g‘ri reaksiya ko‘rsatmaganini «manipulyatsiya» deb atadi.

«Manipulyatsiya – bu prezident Putinning tashabbusiga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermaslik. Bu manipulyatsiyadan ham badtar. Lekin baribir Rossiya prezidentining tinchlik tashabbusi o‘z bahosini olishiga umid qilamiz. Chunki Yevropa poytaxtlaridan bu tashabbusga berilgan bahoni eshitmadik, Ukrainadan javobni eshitmadik. Bu yerda kim haqiqatan ham tinchlikka intilayotgani va kim urush himoyachisi ekani aniq bo‘ladi», – dedi Peskov.

Rossiya 8 may yarim tundan 11 may yarim tungacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida sulh e’lon qildi. Kreml xabariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish Ukraina rasmiylarining roziligi yoki rad etishidan qat’i nazar, bir tomonlama bo‘ladi – biroq unda Ukraina «bundan o‘rnak olish»ga chaqirilgan, shuningdek, agar o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Ukraina tomonidan buzilsa, Rossiya qurolli kuchlari «adekvat va samarali javob qaytarishi» qayd etilgan.

Kiyevdagilar taklifni tanqid qilishdi. Dastlab Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga Rossiya «haqiqatan ham tinchlikni istasa», zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishi mumkinligini aytdi. Keyin xuddi shunday bayonot Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan berildi. «Biz paradlarni emas, insonlar hayotini qadrlaymiz. Aynan shuning uchun biz 8 mayni kutish uchun hech qanday sabab yo‘q deb hisoblaymiz», – dedi u.

Zelenskiy, shuningdek, Putinni «navbatdagi manipulyatsiyaga urinish» va tinchlikni emas, balki faqat «parad paytida sukunatni ta’minlash»ni istashda aybladi. U 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish sulhi tuzishga chaqirdi, biroq Moskva uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortgan taqdirda, Ukraina armiyasi Putin taklif qilgan sulh rejimiga rioya qilish-qilmasligiga aniqlik kiritmadi.

Peskov bugun Zelenskiyning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonotlariga izoh berarkan, bunday sulh «prezident Putin aytgan nyuanslar» hisobga olingan taqdirda mumkin bo‘lishini aytdi.

30 kunga o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasi AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan mart oyidayoq taklif qilingan edi. Ukraina hukumati darhol bunga tayyorligini bildirgan. Putin ham sulhga roziligini e’lon qildi, biroq u «nyuanslar» borligini aytdi – xususan, uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish rejimi ustidan nazorat ta’minlanishi kerakligini. Shundan beri, AQSh va Yevropa ishtirokidagi tinimsiz muzokaralarga qaramay, bu masalalarni hal qilishda oldinga siljish kuzatilmadi.

G‘arb nashrlari Putinning o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmagani Trampning noroziligiga sabab bo‘layotgani haqida bir necha bor xabar tarqatgan. Bunday xabarlar fonida Putin kutilmaganda Pasxa munosabati bilan bir yarim kun muddatga o‘t ochishni to‘xtatishini e’lon qildi. Ukraina ham bu taklifga rozi bo‘ldi. Keyinchalik tomonlar bir necha bor bir-birini sulh rejimi buzilishida aybladi, ammo umuman olganda, ma’lum soatlarda harbiy harakatlar intensivligi haqiqatan ham pasayganini tan olishdi.

Mavzuga oid