O‘zbekiston | 11:10
8451
7 daqiqa o‘qiladi

Parlamentda g‘oyalar to‘qnashuvi: Navbatdagi yalpi majlis qanday o‘tdi?

Oxirgi vaqtlarda Qonunchilik palatasida yalpi majlislar tobora jonlanib, fraksiyalar pozitsiyalari keskinlashib borayotganini ko‘ryapmiz. Bahslar jonli, fikrlar xilma-xil, deputatlar ancha dadil. Bugun yana bir marotaba parlamentda hech kuzatilmagan holatning guvohi bo‘ldik.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Gap shundaki, Qonunchilik palatasining bugungi yalpi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi 71 ta qarshi ovoz bilan rad etildi.

Iqtisodiy islohotlarni ustuvor qo‘yadigan O‘zLiDePchilarning tadbirkorlar manfaatlaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan qonun loyihasi aholining ijtimoiy qatlamlarining manfaatlarini himoya qiluvchi XDP vakillariga, iqtisodiy masalalarga so‘l qarash nuqtai nazari bilan yondashadigan, turli sohalarda davlat nazoratini kuchaytirish lozim, deb hisoblaydigan Adolatchilarga to‘g‘ri kelmadi. Ekologiya mafkurasi va g‘oyalarini ilgari suruvchi Ekopartiya fraksiyasi ham bu safar sotsial-demokratchilarni qo‘llab-quvvatladi.

Yalpi majlisda ushbu qonun loyihasi yuzasidan dastlab tashabbuskor deputatlar vakili Abdumannop Bo‘riyevning ma’ruzasi eshitildi.

Majlisda so‘z olgan, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi F. Sharipov ishchi-xodimlarni har tomonlama kuchli ijtimoiy himoya qilish XDP partiyasining o‘z oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab, Mehnat kodeksining 164-moddasiga taklif etilayotgan o‘zgartirish xodimlarning huquq va manfaatlariga zid emasmi? Bu ertaga tadbirkorlar tomonidan xohlagan xodimini ishdan bo‘shatishga olib kelmaydimi, degan savol bilan yuzlandi.

Abdumannop Bo‘riyev hamkasbining yuqoridagi savoliga kasaba uyushmasi 10 kun ichida xabarnomaga e’tiroz bildirsa, mehnat shartnomasi bekor qilinmasligi, ushbu o‘zgartirishdan ko‘zlanayotgan maqsad, kichik biznes sub’yektlari bo‘lgan ish beruvchilar tomonidan ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda ayrim byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, deya tushuntirish berdi.

XDP fraksiyasining yana bir a’zosi Shokirjon Ahmedov ham fraksiyadoshining munosabatini qo‘llab-quvvatlab, qonun loyihasini qaytarish taklifini bildirdi.

“Adolat” fraksiyasi a’zosi Bekzod To‘xtamurodov qonun loyihasidagi o‘zgartirishlarda tadbirkorlarga ko‘proq yon bosilayotgani, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlariga yuklatilgan asosiy ijtimoiy majburiyatlarning bekor qilinishini fraksiya noto‘g‘ri, deb hisoblashini qayd etib, qonun loyihasini bu shaklda ma’qullamasligini bildirdi.

Yana bir adolatchi deputat Shuhrat Yakubov tashabbuskorlar tomonidan qonun loyihasiga kiritilayotgan olti oydan ortiq uzluksiz to‘liq mehnatga layoqatsiz holati ham ishdan bo‘shatishga sabab bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq normaga jiddiy e’tiroz bildirdi.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Ruslan Sobirovning aytishicha, taklif etilayotgan o‘zgarishlar natijasida xodimning uzoq muddat davolanish vaqtidagi to‘lovlarni amalga oshirishi, xodimning belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga to‘liq qobiliyatsiz, deb e’tirof etilishidagi sansalorliklar, xususan, unga boshqa ish taklif qilish, TIEK xulosasini olish bilan bog‘liq muammolarga yechim topiladi.

Raislik qiluvchi tomonidan qonun loyihasi tashabbuskorlarining fikrlari so‘ralganidan so‘ng, tashabbuskorlardan biri Shuhrat Sharafutdinov qonun loyihasini ishlab chiqishda eng avvalo, tadbirkorlar faoliyatidagi ortiqcha yuklama, majburiyatlar va byuroratik to‘siqlarni olib tashlash orqali tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilinganini ta’kidladi. Bundan tashqari, u iqtisodiyotda norasmiy sektorda band bo‘lganlar ulushi ortib borayotgani, qonunchilikda tadbirkorlarga bu kabi yengilliklar berish, ular faoliyatini yanada rivojlantirish va o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratilishida, xodimlar ijtimoiy himoyasi ta’minlanishida muhim ahamiyatga egaligi nuqtai nazaridan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab berishlarini so‘radi.

Muhokamalarga qo‘shilgan Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi J.Abdullayev esa loyihaga kiritish taklif etilayotgan mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda xodim o‘zi bergan arizani ish beruvchining roziligi bilan qaytarib olishi bilan bog‘liq norma kelgusida ish beruvchi norozi bo‘lsa xodimning ishsiz qolishiga sabab bo‘ladimi, deb xavotirini bildirdi. Yana bir loyiha tashabbuskori bo‘lgan deputat Sevara Abdullayeva ushbu savol yuzasidan bu moddaga kiritilayotgan tahrirda xodimning huquqi cheklanmayotgani, aksincha, mehnat munosabatlaridagi har ikki tarafning ham manfaatlari inobatga olinmoqda, deya tushuntirish berdi.

Savol-javoblar, keskin munozaralar fonida so‘z olgan XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston XDP fraksiyasi ushbu qonun loyihasining bunday tarzda qabul qilinishiga qarshi ekanligini qayd etib, qonun loyihasini tashabbuskorlarga qaytarish taklifini ilgari surishini ma’lum qildi va boshqa deputatlarni ham bunga chaqirdi.

U. Inoyatovning pozitsiyasidan so‘ng, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitovning munosabati eshitildi. Uning ta’kidlashicha, qonun loyihasida ko‘tarilgan masalalar ish beruvchining manfaatlariga ustuvorlik berayotgandek tuyulsada, aslida bu ishchi-xodimlarni, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratish va mehnat bozorida ishchilarni samarali himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab ovoz berishni so‘radi.

Shundan so‘ng qonun loyihasi ovozga qo‘yildi hamda 71 ta qarshi ovoz bilan rad etildi.

Natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar, parlamentdagi o‘zgarishlar quvonarli.

Partiyalar saylovchilarga bergan va’dalarini bajarishga, saylovoldi dasturlarini amalga oshirishga, siyosiy maydonda munosib o‘rin egallashga jiddiy harakat boshlagan. Aytish mumkinki, saylov jarayonida partiyalar o‘rtasida bo‘lgan kurash va bahs-munozaralar parlamentga ko‘chayotgandek, tasavvur uyg‘otmoqda.

Buni partiyalarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylangan munosabatlardan ham sezish mumkin.

Yalpi majlisdan so‘ng XDPning telegram ijtimoiy tarmog‘ida qonun loyihasi yuzasidan — “Pozitsiyamiz o‘zgarmaydi: tadbirkorlarga yengilliklar ijtimoiy huquqlar kafolatini poymol qilish hisobiga bo‘lishi kerak emas”, — deya xabar joylangan.

O‘zLiDePning telegram sahifasida esa fraksiya rahbari Aktam Xaitovning munosabati berilibdi. Unda “Ushbu qonun loyihasi qarshiliklarga uchragan bo‘lishiga qaramay, fraksiyamiz a’zolari uni yanada takomillashtirib, albatta, qabul qilish uchun bor kuchini sarflaydi”, — deydi partiya yetakchisi.

Balki ilgari ham parlamentda shu kabi “to‘polon”lar bo‘lgan, qat’iy pozitsiyalar bildirilgandir, ammo tashqariga chiqmagan. Endi nafaqat jonli efirlarga, balki ijtimoiy tarmoqlarga ham ko‘chmoqda. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Bu, albatta, jamiyatga manfaatlidir.

Mavzuga oid