Iqtisodiyot | 15:20 / 01.05.2025
11534
2 daqiqa o‘qiladi

Gaz quyish shoxobchalarida metan narxi 5200 so‘mgacha qimmatlashdi

1 maydan boshlab gaz quyish shoxobchalari uchun tabiiy gaz narxi 1 kub metr uchun 1800 so‘mdan 2500 so‘mgacha (+38,9 foiz) oshirildi. Natijada metan narxi iste’molchilar uchun 5200 so‘mgacha ko‘tarilgan. Shuningdek, birja savdolarida propan narxi ham oxirgi 10 kunlikda qariyb 15 foizga qimmatlashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi gaz to‘ldirish  shoxobchalarida metan narxi 1 kub metr uchun 5200 so‘mgacha oshgan.

Bunga 1 maydan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar joriy qilingani asosiy sabab sifatida keltirilyapti. Gaz quyish shoxobchalari uchun tabiiy gaz narxi 1 kub metr uchun 1800 so‘mdan 2500 so‘mgacha (+38,9 foiz) oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, prezident hukumatga gaz va elektr energiyasi tariflari o‘zgarishini bir oyga kechiktirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Narxlar rejalashtirilganidek 1 apreldan emas, balki 1 maydan oshdi. Qaror aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingani aytilgandi.

Ma’lumot uchun, 2023 yil sentabrda qabul qilingan hukumat qarorida 6 oy davomida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan gaz narxi 3250 so‘mdan oshib ketmasligi belgilangandi. Ushbu davr tugashi munosabati bilan 2024 yil 1 apreldan bir kub metr uchun maksimal narx 3250 so‘mdan 3350 so‘mgacha oshirilib, imtiyozli davr yana ikki oyga uzaytirildi. 1 iyundan esa eng baland narxi 3750 so‘m etib belgilanib, uning amal qilish muddati 31 iyulgacha o‘zgartirildi.

Bugungi kungacha metan respublikaning turli hududlarida 3950 so‘mdan 4250 so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotib kelinayotgandi.

So‘nggi kunlarda propan narxlarida ham sezilarli oshish kuzatilyapti. Xususan, birja savdolarida 18 aprel holatiga propanning 1 tonnasi 5 mln 244 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, bu 29 aprelga kelib 6 mln 14 ming so‘mgacha yoki 14,7 foizga qimmatlashgan.

Mavzuga oid