Jahon | 22:46 / 03.05.2025
6444
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya migrantlarga vataniga qaytishi uchun 32 ming yevro to‘laydi

Hozir yordam puli kattalar uchun 900 yevroni tashkil qiladi, ammo bu juda samarasiz ekani aniqlangan.

Foto: AP

Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson migrantlarning vatanga qaytishi uchun oladigan yordam puli miqdorini 900 yevrodan 32 ming yevrogacha oshirishni rejalashtirayotganini aytdi.

«Migratsiya ustidan nazoratni o‘rnatish mutlaqo zarur», dedi Kristersson.

Shvetsiya bosh vazirining aytishicha, mamlakatni tark etish uchun moliyaviy rag‘batni oshirish ba’zi muammolarini hal qilishga yordam beradi. Nashrning eslatishicha, hozir yordam puli kattalar uchun 900 yevroni tashkil qiladi.

Kristersson hozirgi moliyaviy rag‘batlantirish kutilgan natijalarni bermaganini aytdi. 2023 yilda 70 ta arizadan faqat bittasi ma’qullangan xolos. Shuning uchun Shvetsiya hukumati 2026 yil 1 yanvardan boshlab moliyaviy rag‘batlantirishni 3400 foizga oshirmoqchi.

«Biz asosan Daniya modelidan nusxa ko‘chirmoqdamiz va o‘z vataniga qaytishni afzal ko‘radigan va turli sabablarga ko‘ra Shvetsiyada to‘liq hayot qurishga qodir emasligini his qiladiganlar uchun yordam miqdorini sezilarli darajada oshirmoqdamiz», dedi Kristersson.

Shvetsiya bosh vazirining ta’kidlashicha, bu usul mamlakatning barcha aholisiga yoqmasligi mumkin.

«Bu usul ko‘pchilik uchun samarali bo‘ladi deb o‘ylamayman, lekin bizda integratsiya bilan bog‘liq muammo bor va agar Shvetsiyada qolishga qonuniy huquqi bo‘lgan, lekin asosan integratsiya bo‘lmagan odamlar bizning turmush tarzimizni qadrlamasa, hech bo‘lmaganda o‘z vataniga qaytish haqida o‘ylashi kerak», deb qo‘shimcha qildi Kristersson.

Mavzuga oid