O‘zbekiston | 16:55 / 04.05.2025
5376
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda sinov tariqasida yo‘llar bo‘yida pulli avtoturargohlar ishga tushirildi

Toshkentda ilk yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar sinov tarzida ishga tushirildi. Hozircha ularning soni 86 ta, sig‘imi 13–14 ming o‘rinli. Ular maxsus belgi – to‘q sariq fonda qora rangdagi katta «P» harfi bilan ajratilgan.

Foto: holymeer / Instagram

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda ilk yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar sinov tarzida ishga tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Spot xabar qilishicha, Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bu haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan.

Hokimlikning qayd etishicha, avvalroq taxmin qilinganidek, birinchi bosqichda yo‘l bo‘yi avtoturargohlari uchun 13–14 ming o‘ringa mo‘ljallangan 86 ta pulli avtoturargoh ishga tushirilgan.

Pulli avtoturargohlardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan bo‘lib, maxsus belgi – to‘q sariq fonda qora rang bilan katta «P» harfi tasvirlangan. Uning narxi soatiga 12 ming so‘mni tashkil etadi, to‘lamaganlik uchun jarima ko‘zda tutilgan.

Avtoturargoh uchun to‘lovlarni Poytaxt Parking ilovasi orqali onlayn yoki Paynet terminallari orqali naqd pulda amalga oshirish mumkin. Qayd etilishicha, App Store va Google Play do‘konlaridan bunday ilova topilmagan. Mobil ilovani ishlab chiqish bilan pulli «parkovka» tashkil etish huquqini qo‘lga kiritgan Streetpark Systems kompaniyasi shug‘ullangan.

Yo‘l bo‘yidagi dastlabki pulli avtoturargohlarni mart oyida sinov tariqasida ishga tushirish ko‘zda tutilgandi, iyul oyidan esa pulli avtoturargohlarni ommaviy ravishda joriy etish kutilayotgandi. Pulli avtoturargohlar to‘rtta tarif zonasiga bo‘lingan: soatiga 5, 8, 10 va 12 ming so‘mlik. Eng yuqori tarif Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilib, 30 ming so‘m etib belgilangan.

To‘lovlarni nazorat qilish maxsus planshetlar va avtomobillar bilan joylarda tekshiruvchi videokuzatuv kameralari yordamida amalga oshiriladi. To‘lov qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik faqat 2026 yildan joriy etilishi mumkin.

Barchasi – bitta kompaniyaga

Toshkent shahrida ko‘chalar bo‘yida parkomat bilan jihozlangan pulli avtoturargohlar tashkil etilishi haqida 2018 yildan buyon aytib kelinadi.

2023 yil yanvarida poytaxt hokimligi shaharning 10 ta markaziy ko‘chasida pulli avtoturargohlar tashkil etish huquqini tendersiz Kasy Park MChJga topshirdi. Lekin loyiha amalga oshmadi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz bilan suhbatda bunday huquq «to‘g‘ridan to‘g‘ri bitta tashkilotga berilmasdan, tender asosida tarqatilishi»ni aytdi. «Talabgorlar juda ko‘p», degandi u.

2024 yil noyabrda hokimlik shaharning 86 ta nuqtasida yo‘lbo‘yi avtoturargohlar tashkil etish huquqini auksionga qo‘ydi. 25 noyabr kungi auksion ikkita arizachi ishtirokida, 2 soat-u 10 daqiqa davom etdi, unda da’vogarlar 22 marta narx taklifini ilgari surdi. Yakunda Balcomuz MChJ boshlang‘ich narxdan qariyb 2 barobar yuqori – yiliga 120,15 mlrd so‘m to‘lash taklifi bilan, auksion g‘olibi deb topildi. Zaxira g‘olibi e’lon qilinmadi.

Ko‘p o‘tmay, Balcomuz bilan shartnoma tuzilmagani oydinlashdi. 17 dekabr kuni takroriy o‘tkazilgan auksion raqobat jihatdan birinchisiga qaraganda mutlaqo farqli bo‘ldi: 20 daqiqa davom etgan savdo atigi ikkita qadamdan iborat bo‘ldi. Natijada boshlang‘ich narxdan roppa-rosa 10 foiz yuqori – 62,9 mlrd so‘m taklif qilgan Streetpark Systems MChJ g‘olib deb topildi. Bu narx, birinchi aksionda Balcomuz bergan narxdan qariyb 2 barobarga kam edi. Ikkinchi auksionda ham zaxira g‘olibi e’lon qilinmadi.

Yakuniy g‘olib Streetpark Systems birinchi auksionda ishtirok etgani yoki yo‘qligi ma’lum emas. E’tiborlisi, bu kompaniya ta’sischilari qatorida nomi yuqorida tilga olingan Kasy Park ham bor.

Dekabr oyida, shuningdek, Toshkentdagi avtoturargohlarining yagona axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha tender ham o‘tkazildi va unda ham Streetpark Systems g‘olib deb topildi. 8,2 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan boshlangan, kamayib borish tartibidagi savdoda ikkita ishtirokchi qatnashdi: «Intermobiliti» (Rossiya) 7,15 mlrd so‘m, Streetpark Systems 6,78 mlrd so‘m taklif qildi. Natijada, axborot tizimini ishlab chiqish uchun arzonroq narx taklif qilgan Streetpark Systems bilan QQSni ham hisobga olib 7,59 mlrd so‘mlik shartnoma tuzildi.