Isroil G‘azo sektoridagi amaliyotni kengaytirmoqchi
Maqsad – «G‘azoni egallash va uning hududlarini ushlab turish». Buning uchun zaxiradagilar armiyaga chaqirilmoqda. Harbiy rahbariyat bu qaror garovdagilarning hayotini xavf ostida qoldirishidan ogohlantirgan.

Menahem Kahana / AFP / Scanpix / LETA
Isroil xavfsizlik kabineti bir necha soat davom etgan yig‘ilishdan keyin G‘azo sektorida Hamasga qarshi quruqlik amaliyotini sezilarli darajada kengaytirish rejasini ma’qulladi, deb xabar beradi Ynetnews va The Times of Israel.
Isroil mudofaa armiyasi boshlig‘i Eyal Zamirning so‘zlariga ko‘ra, reja «G‘azoni bosib olish va hududni ushlab turish»ni nazarda tutadi. Associated Press xabariga ko‘ra, gap butun G‘azo sektorini egallash va Isroil armiyasi bu hududda noma’lum vaqt davomida qolishi haqida ketmoqda. Isroil rasmiylariga ko‘ra, reja Tel-Avivga o‘zining harbiy maqsadlariga erishishda yordam berishga qaratilgan: Hamasni uzil-kesil tor-mor keltirish va hali ham G‘azoda garovda ushlab turilganlarni ozod qilish. Shu bilan birga, harbiy harakatlarning kengayishi yuz minglab falastinliklar sektorning janubiy qismiga qochishiga olib keladi, bu esa shundoq ham og‘ir gumanitar inqirozni yanada kuchaytirishi mumkin.
G‘azodagi quruqlikdagi operatsiyani kengaytirish bir necha bosqichda amalga oshiriladi va shiddatli janglar bir necha oy davom etishi kutilmoqda, deb yozadi The Times of Israel. Nashrning ta’kidlashicha, reja katta ehtimol bilan AQSh prezidenti Donald Trampning kelasi hafta mintaqaga tashrifidan keyingina amalga oshiriladi. Ungacha, deb yozadi The Times of Israel, Hamas bilan o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagi isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar davom etadi.
Operatsiyani kengaytirish to‘g‘risidagi qaror TSAHAL bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamirning harbiy harakatlar garovdagi isroilliklar hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishiga qaramay, bir ovozdan qabul qilingan. Hamas vakillari hali ham G‘azoda 2023 yil 7 oktyabr kungi hujum paytida o‘g‘irlab ketilgan 59 kishini garovda ushlab turibdi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, ulardan kamida 35 nafari allaqachon halok bo‘lgan.
Jurnalistlarga ko‘ra, Zamir vazirlarni shunday ogohlantirgan: «E’tiborga oling: keng ko‘lamli manyovr davomida biz garovga olinganlarni yo‘qotishimiz mumkin». Shuningdek, u Isroilning Hamas bilan urushidan ko‘zlangan ikki maqsad – mazkur tashkilotni tor-mor etish va garovga olinganlarni qaytarish bir-biriga zid ekanini qayd etgan. Buning ortidan garovga olinganlar va bedarak yo‘qolganlarning oilalari shtabi Zamirning ogohlantirishi «Isroilning hech bir fuqarosiga uyqu bermasligi kerakligi»ni bildirdi. «Millatning mutlaq ko‘pchiligi quyidagi fikrga qo‘shiladi: garovga olinganlarni qaytarmasdan Isroil g‘alaba qozondi deb bo‘lmaydi. Garovga olinganlarni yo‘qotish mag‘lubiyatni anglatadi. Milliy va ijtimoiy xavfsizlik to‘g‘ridan to‘g‘ri ularning qaytishiga bog‘liq – hammasini», – deb hisoblaydi garovga olinganlarning oilalari.
Isroil harbiy bosim sezilarli darajada oshirilmasa, Hamas o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish takliflarini qabul qilishiga umid qilmayapti, degan The Times of Israel manbasi. Uning ta’kidlashicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘z nutqlarida Hamasni yo‘q qilishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda va bu bosim kampaniyasi doirasida garovga olinganlarni ozod qilishga kamroq e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 1 may kuni Netanyahu garovga olinganlarning oilalarini g‘azablantirgan holda, garovga olinganlarni qaytarish «juda muhim» bo‘lsa-da, urushning «oliy maqsadi» – Hamas ustidan g‘alaba qozonish ekani haqida gapirdi.
Hukumat G‘azodagi amaliyot kengayishi fonida zaxiradagilar chaqirilishini ham ma’qulladi, deb yozadi Ynetnews. TSAHAL 3 may kuniyoq shoshilinch tarzda o‘n minglab chaqiruv qog‘ozlarini tarqatishni boshlashini e’lon qildi. Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, zaxiradagilarning chaqirilishi Hamasga bosimni bosqichma-bosqich kuchaytirish rejasining bir qismi bo‘lib, uning maqsadi guruhni garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yana kelishuv tuzishga majbur qilishdir. Shu bilan birga, Isroil nashrlari ta’kidlashicha, zaxira brigadalarining katta qismi urush boshlanganidan beri oltinchi yoki yettinchi marta safarbar qilinadi. Zaxiradagilar, deb yozadi The Times of Israel, G‘azoga emas, balki frontning boshqa uchastkalariga – Livan, Suriya va G‘arbiy sohilga – muntazam armiya askarlari o‘rniga yuborilishi mumkin, u yerdagilar esa G‘azo sektoriga yuboriladi.
Vazirlar G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazib berishni qayta tiklash taklifi va bunday yordamni taqsimlashning dastlabki sxemasini ham ma’qulladi. Insonparvarlik yordami xalqaro jamg‘arma tomonidan amalga oshirilishi taxmin qilinmoqda, u Hamasning ushbu yuklardan foydalanmasligini kafolatlashi kerak. Yordam ko‘rsatish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan, deya qayd etadi Ynetnews.
Associated Press xabariga ko‘ra, Isroil oldinroq BMTga G‘azo sektoridagi yordam taqsimotini nazorat qilish uchun xususiy qo‘riqlash kompaniyalaridan foydalanishini, yordamning o‘zi esa maxsus logistika markazlarida tarqatilishi haqida xabar bergan. Isroil rejasi aks etgan hujjatni olgan gumanitar tashkilotlar esa uni tanqid qilgan. Ular yordamni falastinliklarga yashash joyi bo‘yicha yetkazib berish o‘rniga markazlashtirish rejasi odamlarning majburan ko‘chirilishiga olib keladi, deb hisoblaydi. BMTdagilar reja G‘azo sektori aholisining katta qismi, jumladan, eng zaif qatlamini ta’minotsiz qoldirishidan xavotirda. Tashkilot Isroil rasmiylarini harbiy strategiya doirasida «bosim taktikasi» siftida gumanitar yordam ustidan nazoratni kuchaytirishni istayotganlikda ayblagan.
Isroil mudofaa armiyasi ikki oylik tanaffusdan keyin 18 mart kuni G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni qaytadan boshlagandi. Keyingi kuni isroil harbiylari quruqlik orqali ham hududga kirishdi. Netanyahu Hamas yakson etilmagunicha va garovdagilarning barchasi qutqarilmagunicha urush to‘xtamasligi haqidagi gapini takrorlagan. Hamas esa garovdagilarni qo‘yib yuborishi uchun Isroil urushni butunlay to‘xtatishini talab qilmoqda.
Mavzuga oid

14:21 / 05.05.2025
NYT: Isroildan Ukrainaga Patriot kompleksi yuboriladi

07:56 / 05.05.2025
Isroil qamoqxonalarida minglab falastinlik mahkumlar o‘lyapti - Abdulla al-Zegariy

16:43 / 04.05.2025
Husiychilar raketasi Tel-Avivdagi aeroport yaqinida quladi

07:50 / 03.05.2025