Jahon | 18:13 / 06.05.2025
978
2 daqiqa o‘qiladi

OpenAI tijoriy kompaniyaga aylanish rejasidan voz kechdi

Sem Altman tomonidan xodimlarga yo‘llangan xatda OpenAI notijoriy mas’uliyati cheklangan jamiyatdan jamoatchilik manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha korporatsiyaga aylantirilishi ma’lum qilingan.

Foto: AFP/Getty Images

Amerikaning OpenAI kompaniyasi notijorat tashkilot boshqaruvi ostida qolishini ma’lum qildi.

Kompaniya rahbari Sem Altmanning xodimlarga yo‘llagan xatida qayd etilishicha, OpenAI notijoriy mas’uliyati cheklangan jamiyatdan jamoatchilik manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha korporatsiyaga aylantiriladi.

«Fuqarolik jamiyati yetakchilarining fikrini tinglab, Kaliforniya va Delaver shtatlari bosh prokurorlari idoralari bilan muzokaralar olib borgach, notijoriy tashkilot ustidan nazoratni saqlab qolish qaroriga keldik. Microsoft va yangi tayinlangan notijoriy tashkilotlar komissiyasi a’zolari hamda yuqoridagi idoralar bilan keyingi muzokaralar davomida ushbu rejaning tafsilotlarini ishlab chiqishni intiqlik bilan kutmoqdamiz», — deyiladi Sem Altman xatida.

Oldinroq kompaniya xodimlarni saqlab qolish va yangi investorlarni jalb qilish uchun o‘z tuzilmasini tijoriy boshqaruvga o‘zgartirishni rejalashtirayotganini e’lon qilgandi.

Ma’lumot uchun, OpenAI 2015 yilda tashkil etilgan bo‘lib, sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir. U vaqtda kompaniyaning ikki raisi bor edi — Ilon Mask va Sem Altman. Kompaniya «sun’iy intellekt sohasida notijoriy va insoniyatga foyda keltiradigan tadqiqotlar bilan shug‘ullanishi» belgilangan. Ammo 2018 yilda Mask tijoriy faoliyatga o‘tganidan norozi bo‘lib, kompaniyani tark etgan.

Avvalroq ChatGPT chatbotini taqdim etgan OpenAI kompaniyasi Twitterʼga o‘xshash o‘zining ijtimoiy tarmog‘ini yaratish ustida ish olib borayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid