O‘zbekiston | 12:30
999
3 daqiqa o‘qiladi

Yuristlar malakasini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilmoqda

Adliya vazirining buyrug‘i bilan Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida yuridik kadrlarning kredit-modul tizimi asosida malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: 123RF

Nizom institutda yuridik xizmat, advokatura va notariat sohalari bo‘yicha yuridik kadrlarning malakasini oshirish tartibini belgilaydi.

Institut buyurtmachi tashkilotlarning rejalari asosida o‘quv guruhlarini shakllantiradi va malaka oshirish kurslarini to‘lov asosida tashkil etadi.

Malaka oshirish kurslari o‘quvchilarning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablari va malaka talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan o‘quv dasturlari asosida tashkil etiladi.

Institut direktori tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturlari institutning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Buyurtmachi tashkilot malaka oshirish kursi boshlangan kundan e’tiboran besh kun ichida o‘quvchining elektron platformada shaxsiy kabineti shakllantirilishini, uning ro‘yxatdan o‘tkazilishini hamda malaka oshirish kurslarida qatnashishini ta’minlaydi.

O‘quvchilar elektron platforma orqali taqdim etilgan modul mazmunini asinxron rejimda mustaqil ravishda o‘zlashtiradi.

Institutda kredit-modul tizimida 1 kredit 2 akademik soatga teng. Tinglovchi malaka oshirish kursining bir yili davomida 12 kredit (24 akademik soat)ga teng bo‘lgan o‘quv yuklamasini o‘zlashtirishi lozim.

Malaka oshirish kurslari tinglovchidan 3 yilda 36 kredit (72 akademik soat) hajmdagi o‘quv dasturini o‘zlashtirishni talab qiladi.

Modul bo‘yicha tinglovchining o‘zlashtirish darajasi 56 foiz va undan yuqori baholangan taqdirda ushbu modul o‘zlashtirilgan hisoblanadi.

Kredit-modul tizimi bo‘yicha malaka oshirishda tegishli kredit ballarni to‘plash uchun quyidagilar ham hisobga olinadi:

  • ilmiy maqolalar, monografiyalar, darsliklar nashr ettirish;
  • malaka oshirishning muqobillik tamoyiliga asoslangan holda institut tomonidan tashkil qilinadigan qisqa muddatli o‘quv kurslarida ixtiyoriy ravishda o‘qish;
  • kamida 100 soat hajmda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish;
  • malaka oshirishning belgilangan davriyligi davomida falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega bo‘lish.

Malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Mavzuga oid