O‘zbekiston | 10:48
1440
10 daqiqa o‘qiladi

Top-menejerlarga fidutsiar majburiyat yuklash: afzalliklar va risklar

O‘zbekistonda MChJ va AJlarning rahbarlari va kuzatuv kengashi a’zolariga vijdonan ishlash talabini qo‘yuvchi, aks holda javobgarlikni keltirib chiqaruvchi fidutsiar majburiyatlar instituti joriy etilishi kutilmoqda. Bu, bir tomondan, hissadorlar uchun qo‘shimcha nazorat instrumenti, boshqa tomondan, biznes muhitini chigallashtiruvchi omilga aylanishi mumkin.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston korporativ qonunchiligiga fidutsiar majburiyatlar instituti – kompaniya rahbarlarining vijdonan va oqilona qaror qabul qilish majburiyati kiritilyapti.

Bundan bir yil avval regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo‘yilgan “Xo‘jalik jamiyatlarining ijro organi, kuzatuv kengashi va majoritar ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi uzoq tortushuvlardan so‘ng 2025 yil 15 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Fidutsiar majburiyat – nima u?

“Fidutsiar majburiyat” tushunchasi huquqiy hujjatlarda yoki qonunlarda juda rasmiy tilda, tushunarsiz ko‘rinishda keladi. Aslida bu hamma tushunishi kerak bo‘lgan tamoyildir.

Fidutsiar majburiyat bu – ishonch asosida berilgan mas’uliyatni halol, vijdonan va boshqalarning manfaati uchun ado etish majburiyatidir. Boshqacha qilib aytganda, agar sizga birov bir ishni ishonib topshirgan bo‘lsa, siz bu ishni o‘sha – sizga ishonganning (inson yoki tashkilotning) foydasi uchun halollik bilan bajarishingiz kerak.

Kompaniya direktori – oddiy odam emas. Direktor kompaniya ishtirokchilari, aksiyadorlari va hatto jamiyat oldidagi mas’uliyatli shaxs hisoblanadi. U o‘z vakolatlaridan shaxsiy manfaat uchun emas, kompaniya manfaatlari uchun foydalanishi shart.

Fidutsiar majburiyatlar direktorlar va kuzatuv kengashi a’zolaridan:

·       vijdonan harakat qilishni;

·       kompaniya mulkidan shaxsiy manfaatda foydalanmaslikni;

·       jamiyatning asosiy faoliyati yo‘nalishlariga xos bo‘lgan sohada tadbirkorlik faoliyatini boshqaruv organlari roziligisiz amalga oshirmaslikni;

·       qarorlar qabul qilishda mulkiy manfaatlardan voz kechishni talab yetiladi.

Bu esa O‘zbekistondagi ko‘plab kompaniya rahbarlari uchun “o‘rganib qolingan qulayliklar”ning tugashidir. Endi har bir noto‘g‘ri qaror potensial javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Biznes yuritishdagi keskin burilish

Yangi institut bir qarashda odatiy huquqiy yangilikdek tuyulishi mumkin. Ammo amaliy jihatdan, bu biznesni boshqaruvchi direktorlar uchun qattiq javobgarlik davri boshlanishi demakdir.

Endi direktorlarning “men kompaniya uchun harakat qildim”, “sub’yektiv ishonchda yedim” kabi vajlari sud oldida o‘z kuchini yo‘qotadi. Tabiiyki, o‘z lavozimini shaxsiy biznesiga aylantirib olgan rahbarlar uchun “noqulaylik” davri kelmoqda. Endi har bir qaror, har bir imzo, har bir harakat orqasida potensial javobgarlik riski turadi.

“Direktor hammasini biladi” degan kayfiyatni yo‘qotish kerak

O‘zbekiston biznes boshqaruvidagi eng katta muammolardan biri – kompaniya direktorlari o‘zini “xon” kabi tutib kelgani, o‘zini nazoratsiz shaxs deb bilgani. Yangi tartib ana shu cheklanmagan vakolat davrini tugatishga qaratilgan.

Fidutsiar majburiyatlar kompaniya rahbarlaridan kompaniya manfaatlari uchun xizmat qilishni talab qiladi, kompaniyaga yetkazilgan zarar uchun doimiy moddiy javobgarlik soyasi ostida ishlashga olib keladi.

Banklar va ularning kuzatuv kengashlarida formalizm davri ortda qolishi kerak

Fidutsiar majburiyatlar instituti xususan banklardagi kuzatuv kengashlarining ishlash muhitini keskin o‘zgartiradi. Bugungi kunda ko‘plab banklarning kuzatuv kengashlari formallikka asoslangan qarorlar qabul qilishadi. Ya’ni bosh direktorlar bilan “kelishilgan” qarorlar tezda tasdiqlanib, jiddiy muhokamalar deyarli kuzatilmaydi.

Yangi qoidalar bilan kuzatuv kengashi a’zosi endi mas’uliyatni boshqaruvga topshira olmaydi. Endi ular qarorlar oqibatini chuqur tahlil qilishi, mustaqil fikr bildirishga jur’at etishi va o‘z harakatlarini yozma asosda isbotlay olishi kerak. Aks holda, ular ham direktorlar bilan bir qatorda javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bu bank sohasida qarorlar sifatini oshirish, qog‘ozda bor-u, amalda yo‘q kuzatuv kengashlariga barham berish imkoniyatini beradi. Endi bu lavozim “obro‘” uchun emas, balki mas’uliyatli tahlil va faol ishtirok uchun beriladi.

Kichik va o‘rta biznes uchun bu nima?

Fidutsiar majburiyatlar instituti kichik va o‘rta biznes subektlarini ham chetlab o‘tmaydi. Ushbu o‘zgarishlardan keyin ushbu turdagi kompaniyalaridagi ulushdorlar, ayniqsa, passiv sarmoyadorlar direktorlar ustidan huquqiy nazorat vositasiga ega bo‘ladilar. Endilikda direktorlar o‘z qarorlari uchun ulushdorlar oldida halollik, oqillik va adolat tamoyillari asosida javob beradilar. Bu esa kichik biznesda o‘zaro ishonchni oshiradi, sheriklik madaniyatini kuchaytiradi.

Sudlarning mustaqil emasligi – xavf

Fidutsiar majburiyatlar institutining samarali amalga oshishi, albatta, uning faqatgina qonun hujjatlarida aks etgani bilan emas, balki sudlar tomonidan qanday talqin qilinishi va qo‘llanishi bilan ham bevosita bog‘liq. Ushbu majburiyatlarni amaliyotga qo‘llash to‘liqligicha sudlarning vakolat doirasiga kiradi. Shu sababli ushbu masalalarda sudlarning mustaqilligi muhim.

Aks holda, yangi majburiyatlar biznes uchun qo‘shimcha bosim yoki adolatsizlik manbayi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Agar sudlar fidutsiar majburiyatlarni amalda noto‘g‘ri yoki sub’yektiv talqin qilishsa, bu nafaqat kompaniya direktorlari, balki butun boshqaruv tizimi uchun huquqiy noaniqlik, investitsion xavf va jamiyatda ishonchsizlik muhitini yuzaga keltiradi.

Bizning milliy sudlarda fidutsiar majburiyatlar bilan bog‘liq sud amaliyotning tadrijiy shakllanmagani, uning nazariy doktrinalari sudyalar tomonidan o‘rganilmagani, shuningdek sud hokimiyatining to‘liq mustaqil emasligi ushbu majburiyatlarni amaliyotda qo‘llashda to‘siq bo‘lishi mumkin, biznes-muhitga salbiy ta’sirni keltirib chiqarishi mumkin.

Sudlar tomonidan fidutsiar majburiyatlarning mohiyati buzilishi va mezonlarning noaniq talqin qilinishi biznes muhitidagi huquqiy aniqlik va barqarorlik tamoyillariga xavf tug‘diradi. Direktorlar faoliyatiga baho berishda birxillik bo‘lmasa, bu bevosita qaror qabul qilish erkinligini cheklaydi va biznes xavfini oshiradi.

Bundan tashqari, fidutsiar majburiyatlar bo‘yicha da’volarni ko‘rib chiqish, sudlar tomonidan biznes-qarorlarni chuqur tekshirish jarayonida sudlarning kompaniyaning ichki boshqaruviga ortiqcha aralashuvi xavfi tug‘iladi. Natijada, bu turdagi da’volar ortidan tijorat qarorlari ustidan haddan tashqari nazorat kuchayadi va kompaniyaning ichki ishlariga sudlarning aralashuvi oddiy holga aylanishi mumkin.

Shuningdek, fidutsiar majburiyatlar doirasida mas’uliyatni belgilashda byurokratik to‘siqlar paydo bo‘lishi xavfi ham bor. Masalan, har bir direktor qarori ortida uning fidutsiar majburiyatlarga mos yoki mos emasligini isbotlovchi hujjatlar talab etilishi, bu esa kompaniyalarning ichki hujjat aylanmasini ko‘paytirishi mumkin. Bu holat ayniqsa kichik va o‘rta biznes sub’yektlari uchun og‘ir yuk bo‘lib qolishi, hamda ularning yuridik barqarorligiga tahdid solishi mumkin.

Mazkur xavflarni yumshatish uchun sudlar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan bir necha tavsiyalarimiz:

·       Majburiyatlar buzilganini belgilovchi aniq baholash mezonlari ishlab chiqilishi zarur. Asosli tarzda qabul qilingan, biroq oxir-oqibat salbiy natijaga olib kelgan qarorlar uchun direktorlarni javobgarlikdan ozod qilish imkonini beruvchi business judgement rule tamoyili qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilishi kerak.

·       Sudlarga korporativ nizolar bo‘yicha da’volarni kiritishning maxsus protsessual tartib-taomillari ishlab chiqilishi kerak. Bu jarayon nizolarni tezkor va adolatli ko‘rib chiqishni ta’minlaydi, shuningdek, asossiz murojaatlarni kamaytiradi.

·       Biznes boshqaruvchilar ya’ni direktorlar uchun doimiy o‘quv kurslari, seminarlar va master-klasslar tashkil etilishi hamda korporativ boshqaruv etikasiga oid maxsus yo‘riqnomalar va metodik ko‘rsatmalar ishlab chiqilishi lozim. Ayniqsa, fidutsiar majburiyatlarning huquqiy mohiyati, ular buzilgan taqdirda yuzaga keladigan javobgarlik va qaror qabul qilishda ehtiyot choralariga oid amaliy mashg‘ulotlar biznes boshqaruviga tayyor kadrlar yetkazib berish uchun muhimdir.

·       Kompaniya ulushdorlari (aksiyadorlari), ayniqsa kam ulushga ega ishtirokchilarning biznes boshqaruvida ishtirok etish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha dasturlar joriy etilishi zarur. Bu ularga o‘z huquqlarini anglash, nazorat mexanizmlaridan foydalanish va direktorlar faoliyati ustidan qonuniy asosda monitoring yuritish imkonini beradi.

Fidutsiar majburiyatlar institutini muvaffaqiyatli joriy etish faqat sud tizimi faoliyatining izchil bo‘lishi bilan emas, balki direktorlar, ishchilar va hissadorlar bilimini oshirish, faolligini rag‘batlantirish va nizolarni hal etish mexanizmlarini soddalashtirish kabi omillar bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ushbu kompleks yondashuv orqali qonunchilikdagi o‘zgarishlarni haqiqiy islohotga aylantirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlar va biznesdagi huquqiy noaniqliklarning oldini olish mumkin.

Aks holda, bu institut islohot emas, balki korporativ boshqaruvdagi yangi murakkabliklarga aylanadi.

Ibrohim Said,
Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi, “Unilex” advokatlik byurosi advokati

Mavzuga oid