O‘zbekiston | 22:05 / 15.05.2025
1575
6 daqiqa o‘qiladi

15 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekistonda «Harvardchilar maktabi» ochiladi, bolalarga mashinani boshqarishni berganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi, Yangi Toshkentning 30 foizi bog‘ va xiyobonlar uchun ajratiladi, bolalar kontentini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi markaz tashkil etildi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bolalarga mashinani boshqarishni berganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Prezident Namanganda maktab o‘quvchilariga avtomobilni ijaraga berish avj olganini tanqid qilib, oqibatda ko‘plab yoshlar majruh bo‘lib qolayotgani, o‘lim holatlari ham ko‘pligini aytdi. Bunday qilmish uchun javobgarlik kuchaytiriladigan bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Namanganda o‘quvchilarga avtomobilni ijaraga berish avj olgani oqibatida, har oyda 10-15 nafar yoshlar majruh bo‘lib qolyapti. O‘lim bilan tugayotgan holatlar ham ko‘p.

Prezident ichki ishlar boshliqlari, viloyat va tuman prokurorlari qonun ustuvorligini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan bolalarga mashina boshqarishni berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.

Namanganda maktab o‘quvchilariga avtomobilni ijaraga berish «biznesi» gullayotgani haqida Kun.uz bir necha bor yozgandi. Xususan, 17 aprel kuni e’lon qilingan maqolada namanganlik maktab o‘quvchilari ijaraga olingan mashinada yana avtohalokatga uchragani, mashinasini bir necha soatga ijaraga berish orqali oson pul topayotganlar bu noqonuniy ishini hammaning ko‘z o‘ngida qilayotgani, viloyat IIB va YHXB mas’ullari esa negadir ularga nisbatan jiddiy chora ko‘rolmayotgani ta’kidlangan edi.

Yangi Toshkentning 30 foizi bog‘ va xiyobonlar uchun ajratiladi

Yangi Toshkent aholisi zarur xizmatlardan piyoda yoki velosipedda 15 daqiqa ichida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi Toshkent direksiyasi axborot xizmati rahbari Shahnoza Nurmatovaga ko‘ra, shaharning energiya ta’minoti deyarli 100 foiz qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslanadi. Birinchi bosqichda paxta poyalaridan ishlab chiqariladigan bioyonilg‘i asosidagi trigeneratsiya qurilmasi ishga tushiriladi. Bu inshoot 50 megavatt issiqlik va 27 megavatt elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Quyosh elektr stansiyalari va gidroelektr quvvatlari orqali shaharga 1 gigavatdan ortiq yashil energiya yetkazib beriladi. Energiya uzluksizligini ta’minlash maqsadida yirik energiya saqlash tizimlari o‘rnatiladi.

Loyiha doirasida birinchi bosqichda yerning 30 foizi yashil park va xiyobonlar uchun ajratiladi. Binolarda yashil tom texnologiyasi joriy etilib, ularning jazirama yoz kunlarida salqinlikni saqlashiga xizmat qiladi. Bu innovatsion yechim shaharning iqlimiy barqarorligini oshiradi va energiya tejamkorligini ta’minlaydi.

O‘zbekistonda «Harvardchilar maktabi» ochiladi

Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, xorijda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik yoshlarning atigi 1 foizi top-100 dagi oliygohlarga kirgan. Vaholanki, top-10 bilan top-200 dagi ta’lim narxi bir-biridan atigi 15-20 foizga farq qiladi.

«Yoshlarimiz juda iqtidorli. Ularni tizimli yo‘naltirib, oliygoh tanlashga ko‘maklashib, maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘ysak bo‘ldi, ko‘rsatkichlarimiz karrasiga oshadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari «Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dasturini boshlash va «Harvardchilar maktabi»ni ochish bo‘yicha katta farmon imzolaganini aytdi.

Bu muassasa Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida tashkil etiladi. Bu yil 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, xalqaro maktabda top-10 oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumta’lim maktablariga biriktiriladi.

Milliy dastur asosida maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini tanlab olib, AQShning Harvard, Yyel, Kolumbiya, Kornel kabi oliygohlariga tayyorlaydi.

Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi

Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi.

Ushbu markaz bolalar tarbiyasi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi. Mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi. Qori Niyoziy instituti markazga ilmiy jihatdan ko‘maklashadi.

Bolalar kontentini rivojlantirish markaziga direktor etib taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tayinlandi.

Shuningdek, prezident tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, hududlarda 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh, 2 mingdan ortiq turizm obektlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid