Umra litsenziyasi berilgan turfirmalar soni 2 taga ko‘paydi
Din ishlar bo‘yicha qo‘mita Umra tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tanlov natijalariga ko‘ra yana 2 ta turfirmaga litsenziya berdi. Shu tariqa, «Ziyorat» jamg‘armasiga million dollar zaxira qo‘yib, odamlarni Umraga yuborish uchun qonuniy ruxsat olgan xususiy tashkilotlar soni 14 taga yetdi.

Foto: Kun.uz
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 15 may kuni Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha tanlov natijalariga ko‘ra yana 2 ta tur firmaga litsenziya berdi.
Xususan, tanlov komissiyasi Toshkent shahrida joylashgan «Centrum holidays» MChJ hamda Buxoroda joylashgan «Buxoro umra jamiyati» MChJlarini tanlov g‘olibi deb topgan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita joriy yil 7 mart kuni ikkinchi marotaba Umra litsenziyasini olish uchun tadbirkorlik sub’yektlaridan yangi arizalar qabuli boshlanganini e’lon qilgan edi.
Kun.uz manbalariga ko‘ra, litsenziyalovchi vakolatli organga 10 dan ortiq ariza kelib tushgan, lekin qo‘mita ularning faqat 2 tasiga litsenziya bergan. Ushbu ma’lumotni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan bog‘lanib, aniqlashtirishning imkoni bo‘lmadi. Davlat tashkilotining rasmiy saytida ko‘rsatilgan raqamlar javob bermayapti. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yangi litsenziya uchun tanlov e’lon qilinganini ham, uning natijalarini ham keng aholi foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilmadi.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda Umra ziyoratini tashkil qilish uchun litsenziya berilgan turfirmalar soni 14 taga yetdi (ro‘yxat).
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda yuzga yaqin turfirma Umra xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega edi. Ammo litsenziya olish qiyinlashtirilishi, xususan, 1 mln dollarlik zaxira talabi kiritilganidan keyin bu xizmatni ko‘rsatuvchilar soni keskin qisqargan. Xususan, 2024 yil noyabr oyida Umra ziyoratini tashkil qilish uchun atigi 12 ta turfirmaga litsenziya berildi.
Avvalroq, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Umra litsenziyasining yangi shartlari haqida gapirib, bu monopoliya emasligi va 1 million dollar katta miqdor emasligini aytgan edi.
Qo‘mita avvalroq, o‘tkazilgan tekshiruvlarda «Umra» litsenziyasiga ega bo‘lmasdan, ushbu xizmatni ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga jinoiy ish ochilgani, faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan turfirmalarga 75 million so‘mdan jarimalar qo‘llanganini aytgan edi.
Mavzuga oid

16:40 / 14.05.2025
Haj va Umra ziyoratlarini noqonuniy tashkil etishga uringan sayyohlik firmalari aniqlandi

16:23 / 30.04.2025
Turagentlik faoliyati uchun litsenziya talabi bekor qilinadi

16:31 / 28.04.2025
Umraga oid reklama qonunchiligini buzganlar jazolandi

07:32 / 25.04.2025