Jamiyat | 17:23 / 20.05.2025
6447
6 daqiqa o‘qiladi

Nima qilsa muzqaymoq bolalarning tomog‘ini og‘ritmaydi? – pediatr maslahati

Yoz oylari kelishi bilanoq bolalar sovuq yeguliklar, ayniqsa, muzqaymoq yeyishni xohlab qoladi. Bu esa aksariyat ota-onalarda “sovuq yesa, ertaga tomog‘i og‘rib qolmaydimi?”, “muzqaymoqdan keyin burni oqishi, yo‘talishi mumkin” degan xavotirlarni keltirib chiqaradi. Mutaxassis fikriga ko‘ra, bunday qo‘rquvlar har doim ham asosli emas. Me’yor va ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilinsa, muzqaymoq bolalar uchun foydali bo‘ladi. Bu haqida pediatr, lor-xirurg Javlonbek Hamdamov Kun.uz muxbiriga gapirib berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Avvalo, bir yoshga to‘lmagan chaqaloqlarga muzqaymoq yedirish tavsiya etilmaydi. Chunki bu davrda bolalarning ovqat hazm qilish tizimi hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi, shuningdek, sovuq mahsulotlar ularning tomoq sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, hatto shamollash, angina kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bir yoshdan bolaga muzqaymoq berish mumkin, lekin juda ehtiyotkorlik bilan va kichik miqdorda. Ushbu mahsulot tarkibida oqsil, kalsiy kabi turli vitaminlar bor. Misol uchun, 100 gramm sutli muzqaymoqda taxminan 3,5 g oqsil va 120 mg kalsiy mavjud. Mazkur moddalar bolaning suyaklari mustahkam bo‘lishi, asab tizimi to‘g‘ri rivojlanishi va immuniteti kuchli bo‘lishiga yordam beradi”, – deydi Javlonbek Hamdamov.

Shifokorning aytishicha, deyarli barcha sanoat mahsulotlari tarkibiga ortiqcha shakar, sun’iy qo‘shimchalar va trans-yog‘lar qo‘shiladi. Shu sabab muzqaymoqni sog‘lom ovqat deb bo‘lmaydi. Mazkur omillarni hisobga olib, yaxna yegulikni bola ratsioniga kiritishda doimiy ravishda emas, balki vaqti-vaqti bilan, ya’ni haftasiga bir-ikki marta zavq uchun berish tavsiya etiladi. Bola uchun sutkalik norma 50-60 grammni tashkil qiladi. Eng muhimi, uni och qoringa emas, ovqatdan keyin, issiq ob-havo paytida va biroz eritilgan holda berish kerak. Muzdek holatda birdaniga katta hajmda iste’mol qilish esa tomoq og‘rig‘iga sabab bo‘lishi mumkin.

Muzqaymoq bolaning kayfiyatini ko‘taradi, hissiy holatini yaxshilaydi. Yoshiga qarab belgilangan norma bilan oz-ozdan berilsa, hech qanday zarar yetkazmaydi, Ko‘pchilik ota-onalar bolaga muzqaymoqni eritib, suv holida berishni afzal ko‘radi. Ammo bu holatda muzqaymoq o‘z foydali xususiyatlarini yo‘qotadi. Eng to‘g‘ri yondashuv uni xona haroratiga moslashtirib, me’yorida berishdir. Agar bola me’yordan ortiq, muz holida katta-katta tishlab yesa, tish yoki bosh og‘rig‘i yuzaga kelishi mumkin”, – deydi pediatr.

Lor-xirurg Javlonbekning ogohlantirishicha, sovuq mahsulotlarni noto‘g‘ri iste’mol qilish natijasida bolalarda laringit – ovoz boylamlarining yallig‘lanishi holatlari tez-tez uchraydi. Bu esa nafaqat ovoz bo‘g‘ilishi, tomoq shishi, balki nafas olish tizimida ham turli yallig‘lanishlarni yuzaga keltiradi.

Tomoqda qolgan muzqaymoq ingrediyentlari, shira yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Shu bois muzqaymoq iste’molidan keyin iliq suv yoki choy ichish tavsiya etiladi, bu tomoqni yuvishga yordam beradi”, – deydi u.

Muzqaymoqlar orasida imkon qadar mevali turlarini tanlagan ma’qul. Sababi, sut mahsulotlaridan tayyorlangan muzqaymoqlar ba’zida bolalarda hazm bo‘lmaslik, ich ketishi kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Mevali muzqaymoqlar esa yengil hazm bo‘ladi.

Shuningdek, bolalar uchun quyma muzqaymoqlar foydaliroq. Negaki uning tarkibiga sun’iy ingrediyentlar, yaroqlilikni saqlab turuvchi moddalar qadoqlangan muzqaymoqlarga qaraganda nisbatan kamroq qo‘shilgan bo‘ladi.

Bolalarning muzqaymoqni muntazam va ko‘p miqdorda iste’mol qilishi ularda shakarga qaramlikni ham hosil qiladi. Shakarli mahsulotlar haddan ziyod ko‘p yeyilsa, bolalarda ishtaha pasayadi, ichak mikroflorasi buziladi va immunitet zaiflashadi. Natijada bola tez-tez kasal bo‘la boshlaydi, adenoidlar kattalashib, surunkali lor kasalliklari kuchayadi”, – deydi shifokor.

Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, muzqaymoqlarni ishonchli va taniqli brendlardan, yaroqlilik muddatiga qarab olish lozim. Arzon va taniqsiz nomdagi muzqaymoqlar esa ko‘pincha sifat jihatdan talabga javob bermaydi. Bunday mahsulotlar tarkibida sun’iy qo‘shimchalar, rang beruvchilar, sifatsiz yog‘lar, hatto zararli kanserogen moddalar bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, noaniq ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilinmagan holatda tayyorlangan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bunday muzqaymoqlarni iste’mol qilgan bolalarda oshqozon-ichak buzilishlari, zaharlanish alomatlari (ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi), teri toshmalari va allergik reaksiyalar yuzaga kelisi xavfi paydo bo‘ladi. Shu bois, ota-onalarga muzqaymoq tanlashda ham mas’uliyat bilan yondashib, faqat ishonchli, sifatli mahsulotlarni xarid qilishlari tavsiya etiladi.

Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.

Mavzuga oid