Sport | 15:13 / 21.05.2025
4923
21 daqiqa o‘qiladi

«MYu» yoki «Tottenhem»: ikkinchi darajali yevrokubok kimga ko‘proq kerak?

21 may oqshomida Angliyaning inqiroz botqog‘idagi ikki katta jamoasi yevrokubok finalida maydonga tushadi.

Foto: Getty Images

Bugun, 21 may kuni Bilbaoda Yevropa Ligasi finali bo‘lib o‘tadi. Angliyaning ikki jamoasi – «Manchester Yunayted» va «Tottenhem» nufuz jihatidan ikkinchi o‘rinda turadigan yevrokubok uchun o‘zaro kuch sinashadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 23:55 da boshlanadi va «Zo‘r TV» orqali namoyish etiladi.

«Ayni damda hamma narsa»

Sen uchun Quddus nima, deb so‘rashadi mashhur filmda sarkardadan. Javob shunday bo‘ladi: – «Hech narsa! Ayni damda hamma narsa...»

Agar bu iborani boshqa qayerdadir qo‘llash uchun birgina imkoniyatingiz bo‘lsa va shu paytgacha ishlatmagan bo‘lsangiz, baxtlisiz. Bugun ayni payti. Bugun finalda maydonga tushadigan har ikki klub rahbarlaridan tortib, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar ham yuqoridagi so‘zlar bilan javob berishadi, shubhasiz.

Paradoks jihati ham shu yerda. Biz shu paytgacha juda ko‘p finallarni ko‘rganmiz, boshlanmasdan g‘olib aniq bo‘lib, yakunda o‘sha jamoa kubokni ko‘targan o‘yinlar ham, oxiri noma’lum dramatik to‘qnashuvlar ham, boshlanmasdan g‘olib aniq bo‘lib, keyin oxiri noma’lum dramatik to‘qnashuvga aylanib ketganlarini ham ko‘rganmiz. Ammo doim birgina umumiy jihat bo‘lardi finallarda – mag‘lub ham har qancha tushkun bo‘lmasin, boshini yuqori ko‘tarib tark etardi stadionni. Axir bir musobaqaning g‘olibi bo‘lishga bir o‘yin masofada yaqin kela olish ham katta natija, shunday emasmi?

Bugungi finalning o‘ziga xosligi ham shunda – yo‘q, shunday emas. Bugun g‘olib batutning eng tubidan uchgandek osmonga sapchishi, mag‘lub esa mavsum bo‘yicha davom etgan surunkali sharmandalikning shokini bir onda his qilishi mumkin.

Hech qo‘rqinchli, yomon tush ko‘rganmisiz? Uyg‘onib ketgan palladagi his bor, qanaqadir shukr hissi, hozirgina ko‘rilganlar dahshatli, ammo faqat tush ekanini anglash... Bugungi g‘olib jamoa aynan mana shundek uyg‘onadi, unda butun mavsumni unutish, hech narsa bo‘lmagandek kechagi kundan boshlash imkoniyati bo‘ladi. Mag‘lub esa yana qancha vaqt o‘sha tushda yashaydi, noma’lum.

«Manchester Yunayted» va «Tottenhem» ayni damda APLda mos ravishda 16 va 17-o‘rinlarni egallab turishibdi. Pastda faqat Chempionship. So‘nggi turdagi g‘alaba jamoalarni nari borsa 14-o‘ringa ko‘taradi. Har qanaqasiga APL tarixidagi eng yomon natija.

«Tottenhem» Angliyadagi oxirgi 11 o‘yindan atigi bittasini o‘z foydasiga hal qilgan. G‘alabaga faqat yaqqol autsayder «Sauthempton» ustidan erishilgan. «MYu» ham qolishmaydi, oxirgi g‘alaba ikki oydan sal ko‘proq avval, boshqa bir autsayder «Lester» bilan o‘yinda bo‘lgan. «Manchester Yunayted»da to‘plar nisbati «–12», «Tottenhem» esa 2025 yil ligada darvozasi oldida eng ko‘p vaziyat yaratilgan jamoa sanaladi.

Lekin mana shu ikki jamoadan biri bugun Yevropa Ligasi kubogini boshi uzra ko‘tarib, kelasi mavsum Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. O‘tgan yili Yevropa Ligasiga eng qisqa yo‘l – Angliya kubogi orqali borgan «MYu» xuddi shu shaklda Chempionlar Ligasi ishtirokchisiga aylanishi, iste’foga bir qadam turgan Anjye Posteko‘g‘li esa «shporlar» bilan oxirgi 16 yilda birinchi sovrin yutgan, oxirgi 40 yilda yevrokubokda g‘alaba qozongan ilk murabbiyga aylanadi. Omadsizlik va qahramonlik masofasi shuncha, atigi to‘qson daqiqalik yo‘l bugun.

Murabbiylar jangi

«MYu» futbolchilarining aksariyati ustidan allaqachon qizil chiziq tortilgan, avvalgi murabbiylarda ham muvaffaqiyatsizlikka uchrab bo‘lishgan, memga aylanib ketgan ismlar bor. Yangilar bilan almashtirilmaguncha klub odam bo‘lmasligi eng ko‘p aytilayotgan fikr hisoblanadi. «Tottenhem» esa jarohatlar girdobida qoldi – mavsumdagi eng yaxshi davr qahramonlari bo‘lgan Meddison, Kulushevski, Bergval kabi futbolchilar jarohat olishdi va finalda sheriklariga yordam bera olishmaydi. Tabiiyki, bunday sharoitda murabbiylar salohiyati asosiy planga chiqadi. Bugun ko‘p jihatdan Amorim va Posteko‘g‘lining prinsipial qarama-qarshiligi bo‘lib o‘tadi, deb bemalol aytish mumkin.

Birinchidan, yuqorida aytilganidek, finalga nafaqat jamoaning balki murabbiylarning ham kelajagi tikilgan. Posteko‘g‘lini hatto g‘alaba ham qutqarib qolmasligi mumkin, ammo nihoyat sovrin yutgan murabbiyga aylanish rahbariyat va muxlislar munosabatini o‘zgartirishi mumkin. Amorim esa kelasi mavsumda ham jamoani boshqarishi aniq bo‘lsa-da, aynan kelasi mavsumga tayyorgarlik, transfer bozorida ko‘ngildagidek harakatlanish, qisqasi, o‘zi istagan futbolchilar bilan o‘z jamoasini qurishi uchun ham bugungi g‘alaba muhim. Qaysidir ma’noda Yevropa Ligasi kubogi ortidan keladigan YeChL yo‘llanmasi Amorimning keyingi taqdirida katta ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, APL doirasidagi muvaffaqiyatsizlik har ikki murabbiyga ham finalga uzoq vaqt tayyorlanish, aynan final uchun turli eksperimentlarni maydonda sinash uchun yetarli vaqt bo‘ldi. Qariyb ikki oydan beri har ikki jamoa muxlislari ham chempionatdan umidni uzgan holda, aynan Yevropa Ligasiga urg‘u qaratishmoqda, ba’zi qurbonliklarni to‘g‘ri qabul qilishyapti. Posteko‘g‘li final oldidan maydonga ikkinchi tarkibni tashlab mag‘lubiyatga uchraganda ham hech kim e’tiroz qilmadi, aksincha, «Chelsi» maydonida asosiy tarkib bilan o‘ynagan Amorimni biroz tushunishmadi. Xullas, har ikki murabbiy tayyorgarlik uchun yetarli vaqtga va tonus uchun sparring uchrashuvlarga ega bo‘lishdi. Hammasi final uchun, murabbiylar aynan nimalar tayyorlab qo‘ygani qiziq bo‘ladi.

Uslublar to‘qnashuvi

Yana murabbiylar haqida. Posteko‘g‘li va Amorimda bir jihatdan umumiylik bor – har ikkisi ham o‘z uslubiga sodiq va deyarli voz kechishmaydi. Uslub deganda, albatta, turlicha tushunish mumkin – masalan, Posteko‘g‘li buni intensivlikda, yuqori himoya va pressingda ifodalaydi. Tarkibda kimlar va qanday sxemada tushishidan qat’i nazar mana shu bazaviy prinsiplarga sodiq qolinadi. Buning yaqqol namunasini biz o‘tgan mavsumda «Chelsi» bilan o‘yinda ko‘rgandik. Maydonda 9 kishi qolgan bo‘lsa-da, Posteko‘g‘li himoya chizig‘ini yuqoriga joylashtirgan holda o‘ynashda davom etgan va o‘yindan keyin ham hech qachon natija uchun uslubidan kechmasligini ta’kidlagandi. Balki bu uch ochkodan mahrum qilgandir, ammo Anjyening romantizmi ko‘pchilikni o‘ziga o‘shanda jalb qilgan va yillar davomida Mourinio, Konte, Nunu kabi himoyaviy murabbiylar bilan zeriktirib qo‘ygan «Tottenhem» chiroyli futbol namoyish eta boshlagandi.

Ruben Amorimning uslubi Anjyenikiga teskari, unda xaos emas tartib, qat’iy pozitsiyalar birlamchi hisoblanadi. Portugaliyalik murabbiy avvalo to‘pni va o‘yinni nazorat qilishga intiladi, futbolchilarning harakatlari yagona tizim uchun xizmat qilishi, yagona mexanizmni namoyish qilishi kerak. Shu tufayli yozgi tayyorgarliklarsiz g‘oyalarni futbolchilarga singdirish Amorim uchun eng mushkul vazifaga aylanib qolmoqda. Agar hammasi avtomatizm darajasiga ko‘tarilsa, bundan nima chiqishi mumkinligini «Sporting» misolida isbotlangan, lekin ayni mehnat xuddi shunday natijani ancha kattaroq, bir necha barobar ko‘proq bosimga ega bo‘lgan klubda ish beradimi yoki yo‘q, hali xulosalanmadi.

Amorim o‘z tizimiga mos bo‘lgan futbolchilarning yo‘qligidan aziyat chekkan bo‘lsa, jarohatlar Posteko‘g‘lining ikkinchi mavsumida eng ko‘p pand bergan omil bo‘ldi. Amorim himoyaviy ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada yaxshilab, ammo hujumda, gollar urishda qiynalayotgan bo‘lsa, Posteko‘g‘liga jarohatlanib safdan chiqqan himoya vakillarining o‘rni juda bilindi. Har holda yuqori himoyada o‘ynashda Romero, van de Ven kabi tajribali futbolchilarning o‘rni beqiyos.

Xullas, Erik ten Hag davrida o‘yin kartinasi yo‘qligidan noligan «MYu» muxlislari Amorimdan, Posteko‘g‘li uslubiga oshiq bo‘lgan «Tottenhem» muxlislari esa undan, natija uchun biroz moslashuvchan bo‘lishni, pragmatik yondashuvni istay boshladi. Lekin so‘nggi o‘yinlarda Posteko‘g‘li biroz himoyaviy taktika tanlab, pressingdan voz kechgan bo‘lsa-da, natija yaxshilanmayapti.

O‘zaro o‘yinlar

Agar Anjye Posteko‘g‘li qo‘l ostidagi «Tottenhem»ning eng yaxshi o‘yini qaysi, deb so‘rashsa, ko‘pchilik «Old Trafford«»da bo‘lib o‘tgan mavsum boshidagi o‘yinni (3:0) tilga olsa kerak. Yirik hisobdan tashqari, o‘sha uchrashuvda mehmonlar raqibni poyezd misoli ezib o‘tib ketishgandi. Bir jamoaning ikkinchisi ustidan bu qadar ustunligi juda kam bo‘ladi – «Tottenhem» kutilgan gollar bo‘yicha qariyb 5 xG yaratgan, yo‘llangan zarbalardan 10 tasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan, 9 ta o‘ta xavfli vaziyat yuzaga keltirilgandi. Bir tomondan, aynan o‘sha uchrashuv Erik ten Hagning kursisini qimirlatishni boshlagan, shundan keyingi ilk mag‘lubiyat iste’foga sabab bo‘lgandi. Demak, Amorimning Manchesterga kelishida ham «Tottenhem»ning ishtiroki bor.

Ruben Amorimning o‘zi ham «Tottenhem»ga ikki marta yutqazdi. Ammo o‘yindagi farq u qadar yaqqol bo‘lmadi. Avvaliga Angliya Ligasi kubogida londonliklar 4:3, fevralda esa APL doirasida 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Bu o‘yinlarda ham «Tottenhem» raqibga nisbatan ishonchliroq ko‘ringan bo‘lsa-da, ayniqsa, kubokdagi o‘yinning ko‘p qismi manchesterliklar nazorati ostida o‘tgandi. Ya’ni ushbu mavsumda «Tottenhem» uch marta «MYu» ustidan g‘alaba qozongani final oldidan statistik bir fakt, xolos.

So‘nggi 6 o‘zaro o‘yinda «MYu» g‘alaba nimaligini bilmayapti – 4 mag‘lubiyat va 2 durang. Ammo undan oldin qatorasiga 4 uchrashuv «qizillarning» g‘alabasi bilan tugagandi. Umuman, «MYu» jami 96 o‘yinda, «Tottenhem» esa 57 marta o‘zaro bahsda ustun kelgan.

Ikki jamoa biror musobaqa finalida faqat bir marta to‘qnash kelishgan. 2008/09 yillar mavsumdagi Angliya Ligasi kubogi finalida (0:0) penaltilar seriyasida manchesterliklarning qo‘li baland kelgan. 1963/64 yillar mavsumida esa Kubok egalari kubogi 1/8 finalida raqib bo‘lishgan. «MYu» bu turnirda Angliya kubogi sohibi sifatida, «Tottenhem» esa bir yil oldin xuddi shu turnir g‘olibi bo‘lgani uchun qatnashgandi. Dastlabki o‘yinda londonliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Old Trafford»dagi javob o‘yini mezbonlarning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan.  

Final sari yo‘l

Davraviy bosqichni ikkala jamoa ham deyarli bir xil tempda bosib o‘tishgan: «MYu» 18 ochko bilan umumiy jadvalda uchinchi, «Tottenhem» esa 1 ochko kam jamg‘argan holda 4-o‘rinni egallagandi. Ammo pley-off bosqichida manchesterliklar ancha kuchliroq raqiblarga duch kelganini e’tirof etish kerak. Amorim shogirdlari avval «Real Sosiyedad»ni, keyin «Lion», yarimfinalda esa turnir favoriti sanalgan «Atletik»ni kurashdan chiqarib yubordi. «Tottenhem»ga esa final sari yo‘lda «AZ Alkmaar», «Ayntraxt» va «Budyo/Glimt» jamoalari raqib bo‘lishdi.

«MYu» va «Tottenhem»ning turnir boshidan buyon barcha o‘yinlari:

«MYu»: «Tvente» (uyda) – 1:1, «Fenerbahche» (safarda) – 1:1, «Portu» (safarda) – 3:3, PAOK (uyda) – 2:0, «Budyo/Glimt» (uyda) – 3:2, «Viktoriya Plzen» (safarda) – 2:1, «Reyndjyers» (uyda) – 2:1, «Styaua» (safarda) – 2:0, «Sosiyedad» (safarda) – 1:1, «Sosiyedad» (uyda) – 4:1, «Lion» (safarda) – 2:2, «Lion» (uyda) – 5:4, «Atletik» (safarda) – 3:0, «Atletik» (uyda) – 4:1.

14 o‘yin, 9 g‘alaba, 5 durang, 0 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati: 35-18

«Tottenhem»: «Qorabog‘» (uyda) – 3:0, «Ferensvarosh» (safarda) – 2:1, «AZ Alkmaar» (uyda) – 1:0, «Galatasaroy» (safarda) – 2:3, «Roma» (uyda) – 2:2, «Reyndjyers» (safarda) – 1:1, «Hoffenhaym» (safarda) – 3:2, «Elfsborg» (uyda) – 3:0, «AZ Alkmaar» (safarda) – 0:1, «AZ Alkmaar» (uyda) – 3:1, «Ayntraxt» (uyda) – 1:1, «Ayntraxt» (safarda) – 1:0, «Budyo/Glimt» (uyda) – 3:1, «Budyo/Glimt» (safarda) – 2:0)

14 o‘yin, 9 g‘alaba, 3 durang, 2 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati: 27-13

Tarkiblar

So‘nggi yillardagi ustunlikka qaramay, final oldidan «MYu» biroz favorit sifatida ko‘rilayotgani sababi – «Tottenhem» tarkibidagi bir qator yetakchi futbolchilar yo‘qligidir. To‘g‘ri, safdan chiqqan futbolchilar Amorimda ham talaygina, ammo londonliklarda Meddison va Kulushevskining o‘rnini bosishning iloji yo‘q. Buning ustiga Son Xon Minning sport formasi ham ko‘ngildagidek emas. Koreyalik futbolchi oxirgi bir oyda ilk bor asosiy tarkibda bir necha kun oldin «Aston Villa»ga qarshi maydonga tushdi. Oxirgi uch oyda atigi 1 gol muallifi bo‘lgan jamoa sardori gardaniga katta vazifani olishi juda qiyin. Sanab o‘tilgan futbolchilardan tashqari, markaziy himoyachi Radu Dragushin ham jarohat tufayli maydonga tusha olmaydi.

«Manchester Yunayted» tarkibida aksincha, bir qator futbolchilar safga qaytishmoqda. Joshua Zirkze va Diogu Dalot haqida butunlay sog‘ayib, to‘laqonli shug‘ullanayotgani aytilmoqda. Dalot bo‘yicha risk qilinmasa-da, Hoylundning so‘nggi o‘yinlardagi harakatlaridan keyin Zirkze hatto asosiy tarkibdan joy olish ehtimoli ham bor. Maydonga tushmasligi aniq bo‘lgan ikki futbolchi bor – Lisandro Martines va Matias de Ligt.

Yana bir qiziq holat. Final oldidan har ikki jamoa juma oqshomida APL doirasida tur o‘yinini o‘tkazishdi. Deyarli mos raqiblarga qarshi. «Tottenhem» «Aston Villa», «MYu» esa «Chelsi»ga qarshi o‘ynadi va har ikki raqib ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan, ya’ni g‘alaba uchun maydonga tushadigan jamoalar. Oqibatda «MYu» ham, «Tottenhem» ham mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, bu o‘yinga bo‘lgan munosabat har ikki murabbiyda farqli bo‘ldi va qaysi qaror to‘g‘riroq ekani ko‘p muhokama qilindi.

Posteko‘g‘li Birminghemda to‘liq ikkinchi tarkibni tushirdi. Finalning ilk daqiqalaridan tushishi mumkin bo‘lganlar ichida faqat Son va Sarr bo‘lishi mumkin, xolos. Amorim esa aksincha, deyarli asosiy tarkib bilan harakat qildi. Portugaliyalik murabbiyni ko‘pchilik kimdir jarohat olishi mumkinligi riski tufayli tanqid qilgan bo‘lsa-da, murabbiy final oldidan tonus ham muhim ekanini ta’kidladi.

Shu o‘rinda bu farqni mantiqiy izohlash ham mumkin. Anjye «Tottenhem»da ikkinchi yil ishlamoqda va bu davr mobaynida jamoa eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatib ulgurgan, murabbiy o‘z asosiy tarkibini va kimdan nimalar kutishni yaxshiroq biladi. Amorim esa aksincha, hamon izlanish bosqichida va shuning uchun ko‘p savollarga javob izlagan bo‘lishiyam tabiiy. «Chelsi»ga qarshi o‘yin tugagach, u final uchun asosiy tarkibni aniqlashda bu o‘yin yordam berganini ham aytib o‘tgandi.

Bundan tashqari, «Tottenhem»dan farqli ravishda «MYu»da tarkib nisbatan kengroq, bir-birini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan futbolchilar yetarli ekani ham rol o‘ynagan. «Tottenhem»da shundoq ham bir necha yetakchilar yo‘q, yana biror jarohat tarkibga ancha jiddiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap edi.

Taxminiy tarkiblar:

Tottenhem 4-3-3: Vikario – Udoji, van der Veyn, Romero, Porro – Bissuma, Bentankur, Sarr – Jonson, Son, Solanke.

MYu 3-4-3: Onana – Yoro, Maguayr, Lindelof – Dorgu, Kazemiro, Ugarte, Mazraui – Fernandesh, Amad, Hoylund. 

Darvoqe...

Bugungi final ishtirokchilari ichida bir qator o‘zaro bog‘liqliklar, umumiy tarix borki, albatta, bu ham o‘yin intrigasi oshishiga xizmat qiladi. Masalan, «Tottenhem» safidagi eng xavfli futbolchilardan biri Pedro Porroni o‘z vaqtida Ruben Amorim «Sporting»da kashf qilgan. «Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Kristian Eriksen esa uzoq yillar «Tottenhem»ning yetakchi futbolchisi bo‘lgan va londonliklar libosida 300 dan ortiq o‘yinda, jumladan, olti yil oldin Chempionlar Ligasi finalida ham harakat qilgan.

Shuningdek, Timo Verner va Meyson Maunt birgalikda «Chelsi» tarkibida Chempionlar Ligasini yutgan, Kristian Romero va Amad Diallo o‘z vaqtida Gasperi qo‘l ostida «Atalanta»da toblanishgan. Meddison Maguayr bilan «Lester»da birga o‘ynagan bo‘lsa, yaqinda, «Tottenhem» hujumchisi Matias Tel va «MYu» himoyachilari Mazraviy va de Ligt o‘tgan yili «Bavariya»da edi. Yuqorida tilga olingan Pedro Porro «Sporting»da o‘ynab yurganida Manuel Ugarte ham o‘sha jamoada edi.

Ugarte Rodrigo Bentankurning Urugvay milliy jamoasidagi safdoshi ham sanaladi. Kazemiro Risharlison bilan Braziliya, Romero esa Argentina safida Garnacho bilan birga o‘ynashadi. Meddison, Solanke, Maguayr, Shou, Maunt va Maynu Angliya milliy jamoasida, van de Ven, de Ligt va Zirkze Niderlandiya milliy jamoasida birga harakat qilishadi.

Mavzuga oid