YeMB rahbari: Global iqtisodiy o‘zgarishlar yevroni kuchaytirishi mumkin
YeMB prezidenti Kristin Lagardning so‘zlariga ko‘ra, proteksionizm va iqtisodiyotdagi xalqaro hamkorlikning qisqarishi yevro kursining oshishiga olib kelishi mumkin.

Kristin Lagard Foto: Kai Pfaffenbach / File Photo / Reuters
Jahon iqtisodiyotidagi global o‘zgarishlar, ko‘plab mamlakatlarning proteksionistik siyosatga o‘tishi va xalqaro hamkorlikdan uzoqlashishi Yevropa iqtisodiyoti foydasiga ishlashi va yevro kursining o‘sishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi Yevropa Markaziy banki (YeMB) rahbari Kristin Lagard. U bu fikrini 26 may, dushanba kuni Berlindagi Hertie School universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirdagi nutqi davomida aytdi.
Lagardning so‘zlariga ko‘ra, hukmron jahon valutasi sifatida AQSh dollariga nisbatan noaniqlik yevroning o‘sishiga yordam berishi mumkin: «Jahon iqtisodiyoti ochiqlik va ko‘p qirralilik asosida AQSh yetakchiligida rivojlandi, ammo bugungi kunda u qulamoqda», — deya uning so‘zlarini keltiradi AFP. Uning fikricha, Yevropa oqilona ish tutsa, yangi imkoniyatlar ochilishi mumkin. «Yevroning xalqaro rolini kuchaytirish yevro hududiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», dedi YeMB rahbari. Masalan, Yevropa davlatlari va kompaniyalari yanada qulay shartlarda kredit olishlari mumkin bo‘ladi, bu esa ichki talabni rag‘batlantiradi: «Valuta kursining o‘zgarishi bizga kamroq ta’sir qiladi, chunki ko‘proq savdo yevroda olib boriladi, bu esa Yevropani kapital oqimi beqarorligidan himoya qiladi». Uning qo‘shimcha qilishicha, yevrohudud shu tariqa sanksiyalarga nisbatan chidamliroq bo‘ladi.
Ayni paytda, Reuters qayd etishicha, yevro valuta zaxiralarining 20 foizga yaqin ulushi bilan dunyodagi ikkinchi eng muhim zaxira valutasi bo‘lib qolmoqda. AQSh dollarining ulushi 58 foizni tashkil etadi.
Mavzuga oid

09:05 / 20.08.2024
YeIda 11 mln yevrolik qalbaki banknotlar tayyorlagan shaxs hibsga olindi

12:02 / 28.12.2023
«Yevroning otasi» sifatida tanilgan siyosatchi Jak Delor vafot etdi

11:24 / 29.06.2023
YeIda raqamli yevroni joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi taqdim etildi

21:02 / 21.06.2023