O‘zbekiston | 21:14 / 29.05.2025
2397
6 daqiqa o‘qiladi

28 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlaydi, Malibu uchun shartnomalar bir soatga qolmay tugadi, endi nogironlik pensiyalari proaktiv shaklda tayinlanadi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Samarqanddagi ko‘chaga Rim shahri nomi berildi

Samarqandda Jorja Melonining tashrifi doirasida O‘zbekiston–Italiya muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar faol siyosiy almashinuvni davom ettirishni qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, savdo sohasida biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirishga kelishib olindi.

O‘z navbatida Shavkat Mirziyoyev Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirishni taklif qildi. Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida Hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birga o‘tkazishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks «yo‘l xaritasi«ni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Muzokaralar so‘ngida Shavkat Mirziyoyev va Jorja Meloni Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi. Ular huzurida tashrif doirasida imzolangan bitimlarni almashish marosimi ham o‘tkazildi.

Oliy darajadagi O‘zbekiston–Italiya muzokaralari yakunida xalqaro Kongress-markazida Samarqand shahridagi ko‘chaga Rim shahri nomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu qaror chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, strategik sheriklik munosabatlarining hozirgi yuksak darajasini inobatga olgan holda, shuningdek, O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat ramzi sifatida qabul qilinganini ta’kidladi.

Bir soatga qolmay Malibu shartnomalari tugadi

UzAuto Motors kompaniyasi 29 may kuni soat 14:40 da Chevrolet Malibu XL avtomobili uchun kontraktatsiya qayta boshlanganini ma’lum qildi.

Kompaniya bugundan boshlab har bir mijoz avtomobilni o‘ziga yoqqan rangda, kerakli modifikatsiyasida tanlash imkoniga egaligini xabar qildi.

Lekin oradan bir soat ham o‘tmay, soat 15:22 da barcha shartnomalar yakunlangani ma’lum qilindi.

Aslida esa soat 14:58 holatida ham Uzavtosavdo.uz saytida Malibu XL avtomobili uchun shartnoma olish imkoniyati bo‘lmagan.

UzAuto Motors kompaniyasi Malibu sotuvini aprel oy boshida to‘xtatgandi. «Yangilangan» Malibu XL sotuvi 2023 yil mart oyidan boshlangan. O‘shanda kompaniya 3 xil komplektatsiyada sotuvga chiqarilishini e’lon qilgan. Amalda esa faqat eng qimmat komplektatsiyani xarid qilish mumkin edi.

Joriy yil aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda avtovozga ortilgan yangi Malibu-2 avtomobillari videosi tarqalgach, UzAuto Motors bu avtomobillar Xitoydan olib kelinayotganini bildirgandi.

Nogironlik pensiyalari proaktiv shaklda tayinlanadi

«Nogironlik pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashda proaktiv xizmatlarni joriy etish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Xususan, fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalar alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlanadi. Bunda fuqaroga proaktiv shaklda tayinlangan pensiyalarni rad qilish huquqi beriladi.

Shuningdek, ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlanadi.

Nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdori har 2 yilda proaktiv shaklda qayta hisoblanadi.

2025 yil 1 oktyabrdan davlat pensiya ta’minotiga oid hamda «Xalq banki» tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq xizmatlar fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish, ya’ni Face-ID hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshiriladi.

Qamchiqda Gentra xandaqqa tushib ketdi

Toshkent–O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida Vodiy–Toshkent yo‘nalishida harakatlangan Gentra rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning xandaq qismiga tushib ketdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu yo‘nalishida harakatlangan yana bir «Mersedes» rusumli avtomobil haydovchisi ham boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqqa urilgan va amaliy yordam zarurligi to‘g‘risida «Qamchiq» maxsus-qidiruv yong‘in-qutqaruv boshqarmasiga xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan, qutqaruv otryadi aytilgan manzillarga yetib borib, maxsus texnika va asbob-anjomlar yordamida xandaqqa tushib ketgan avtomobil chiqarilgan va ikkinchi avtomobil xavfsiz hududga olib o‘tilgan.

Gentra rusumli avtomobilda haydovchi va 4 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ikkinchi avtomobilda haydovchining o‘zi bo‘lgan.

Hodisa oqibatida Gentra rusumli avtomobil haydovchisi yengil tan jarohati olgan.

Mavzuga oid