Jamiyat | 20:26 / 29.05.2025
74329
12 daqiqa o‘qiladi

54 kun qidirilgan murda: navoiylik oshiq-ma’shuq qotillar

2024 yil 29 noyabr. “Navoiy-Toshkent” yo‘nalishida qatnaydigan avtobusda “posadchik” bo‘lib ishlaydigan yigit uyiga qaytmaydi. O‘zbekiston karlar jamiyati Navoiy viloyat hududiy bo‘limi raisi lavozimida ishlaydigan turmush o‘rtog‘i “Sizlar bilan ketgandi, topib beringlar”, deya avvaliga avtobuschining oldiga boradi. So‘ngra IIBga murojaat qiladi. Hamma uni izlar, biroq 33 yoshli yigit hech qayerda yo‘q edi. Oradan 54 kun o‘tib u topildi, faqat murdasi: yigit qotillik qurboni bo‘lgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shunday jinoyatlar bo‘ladiki, qaysidir jihati bilan yillar davomida odamlar xotirasida muhrlanib qoladi. 2024 yilning noyabr oyi oxirida Karmana tumanida sodir etilgan qotillikni ham navoiyliklar, ayniqsa g‘avvoslar hali-beri unutishmasa kerak. Chunki qotillik qurboni bo‘lgan 33 yoshli yigitning murdasi Zarafshon daryosidan qariyb 2 oy davomida izlangan. Maqolada ushbu jinoyat tafsilotlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Yo‘qolib qolgan “posadchik”

Davron Kenjayev va Maftuna Husainova 2012 yilda turmush qurishgan. Ular ikki farzandi bilan Karmana tumanining Kattamachid mahallasida istiqomat qilishardi.

Davron Kenjayev “Navoiy-Toshkent” yo‘nalishida qatnaydigan avtobuslarning birida yo‘lovchilarni yo‘naltiruvchi (posadchik) bo‘lib ishlagan. U mehnatkash, uyim-joyim deydigan oddiy yigit bo‘lgan. 1990 yilda tug‘ilgan Maftuna Husainova esa O‘zbekiston karlar jamiyati Navoiy viloyat hududiy bo‘limi raisi lavozimida ishlagan.

Davron 2024 yil 29 noyabr kuni erta tongda ishga ketganicha uyiga qaytmaydi. Ertasi kuni ham daragi bo‘lavermagach, turmush o‘rtog‘i avvaliga eri bilan birga ishlaydiganlarga qo‘ng‘iroq qilib, uni so‘raydi. “Sizlar bilan birga ketgan edi-ku”, deydi ayol xavotirli ohangda. So‘ngra turmush o‘rtog‘i yo‘qolib qolgani haqida ichki ishlar bo‘limiga xabar beradi.

Ishi tugashi bilan uyiga yuguradigan Davronning birdan yo‘qolib qolishi uning yaqinlarini oyoqqa turg‘izgandi: hamma uni izlashga tushadi, biroq ha deganda topilavermaydi. Davron mudhish qotillik qurboni bo‘lganini bu paytda hech kim bilmasdi.

Oshiq taksist

Davron va Maftuna bir qarashda atrofdagilarga baxtli oila kabi ko‘rinardi: har ikkisi ishli, farzandlari bor, birovdan kam joylari yo‘q. Hatto Maftuna bolalarini maktab va bog‘chaga olib borib-keltirish, o‘zining yumushlari uchun shaxsiy taksist ham tutib qo‘ygandi. Bu 1992 yilda tug‘ilgan Soyib Primov edi.

Soyib oylik to‘lov evaziga har kuni ertalab Maftunaning o‘g‘lini maktabga, qizini esa bog‘chaga olib borib, darslar tugagach keltirib qo‘yardi. Undan hech kim shubha qilmagan. Ammo oldindan tanish bo‘lgan Soyib va Maftuna 2023 yilning dekabr oyidan boshlab don olisha boshlagandi. Davron Toshkentga ketganida Maftuna Soyibni ko‘ngli tusab, uni kechasi uyiga chaqirar, oshiqlarning bunday diydorli tunlari haftada bir-ikki bo‘lib turardi.

Kutilmagan “mehmon”

2024 yilning 29 noyabr kuni tunda ham oshiq-ma’shuqlarning ana shunday uchrashuvi bo‘lib o‘tadi: o‘sha kuni soat 21:00 dan keyin Soyib Maftunaga borishini aytib xabar jo‘natadi.

Maftuna avvaliga o‘g‘lini, keyin qo‘shni xonaga olib o‘tib qizini uxlatadi. Keyin tashqariga chiqib darvozani ochadi va Soyib kirib keladi. Ular xonaga kirishadi va o‘tirib, birga ovqatlanishadi. So‘ngra ayol uxlab yotgan qizi yonida boshqa erkak bilan oshiq-ma’shuq o‘yinini o‘ynaydi.

Soat tungi 1:00 lar atrofida Soyib kech bo‘lib qolganini aytadi va ketishga chog‘lanadi. Tashqariga chiqqanda kutilmaganda darvozadan Davron kirib keladi. Yo‘l azobi – go‘r azobi deganlariday, u xorib-tolgan holatda edi. Ammo xiyonat ustidan chiqqan Davron yarim tunda uyida taksistni ko‘rib, Soyibning yoqasidan oladi. 12 yillik turmushi davomida ishonib kelgan ayolining qilmishi uni esankiratib qo‘ygandi.

Tundagi qotillik

Davron va Soyib janjallasha boshlaydi. Biroq Maftunani ularning janjali emas, mahalla-ko‘y va qarindoshlari oldidagi sharmandalik ko‘proq o‘ylantira boshlagandi.

Soyib Davronning yuziga ketma-ket musht tushiradi va uni yerga yiqitadi. Eri yordam so‘rab baqira boshlaganini ko‘rgan ayol yugurib borib qo‘llari bilan uning og‘zini yopadi. Bundan foydalangan oshiq taksist Davronning egnidagi kurtkasi yoqasi bilan uni bo‘g‘ib, qasddan o‘ldiradi.

Shu tariqa, Davron o‘z uyida qotillik qurboni bo‘ladi. Mudhish jinoyatga qo‘l urgan oshiq-ma’shuqning oldida endi murda va jinoyatni yashirish muammosi turgandi. Maftuna va Soyib o‘lib yotgan Davronning qo‘llarini orqasiga qilib bog‘lashadi va Nexia mashinasi yukxonasiga yuklashadi. So‘ngra Karmana va Navbahor tumanlarini bog‘lovchi ko‘prikdan o‘tib, murdani Zarafshon daryosiga tashlab yuborishadi.

Shuningdek, ular Davronni go‘yoki bedarak yo‘qolgan shaxs sifatida ko‘rsatish maqsadida unga tegishli fuqarolik pasportini yoqib yuborishgan.

Maftuna Soyib bilan ishqiy munosabati hamda Davronning o‘ldirilishi yopiqligicha qoladi, deb o‘ylagandi. Ammo unaqa bo‘lmadi.

Yo‘qotilgan izlar va soxta xavotir

Erining murdasi daryoga tashlab qaytilgach Maftuna tonggacha uxlolmaydi. Erta tongda tashqariga chiqib, hovlini supurib, izlarni yo‘qotadi.

Soat 9:00 larda Davron bilan birga ishlaydigan yigit Maftunaga qo‘ng‘iroq qiladi va erini so‘raydi. Shunda ayol ovoziga biroz xavotir tusini berib, “Iye, axir sizlar kecha birga Toshkentga ketgandingizlar-ku, qaytib keldingizlarmi?” deb so‘raydi. Bunga javoban yigit bu safar Toshkentga bormaganini, Davronning qayerdaligini amakisidan so‘rab aniqlashini aytadi. Oradan ko‘p o‘tmay o‘sha yigit yana qo‘ng‘iroq qilib, Davron kechasi uyiga ketganligini bildiradi. Maftuna esa turmush o‘rtog‘i hali kelmaganini aytadi.

So‘ngra ayol ishga, u yerdan chiqib maktabga ota-onalar majlisiga boradi. Soat 17:30 larda uyga keladi. Keyin “102” raqamiga murojaat qilib, turmush o‘rtog‘i uyga qaytib kelmaganini aytadi.

Jinoyatning ochilishi

Maftuna va Soyib jinoyatni qancha yashirishga urinmasin, buning uddasidan chiqa olishmaydi. 2024 yil 5 dekabr kuni Maftunani tuman prokuraturasiga chaqirishadi va nima bo‘lganini so‘rashadi. U o‘zi oldindan to‘qib qo‘ygan cho‘pchagini aytib beradi.

So‘ngra ayolni tuman ichki ishlar bo‘limiga chaqirishadi. Maftuna u yerda ham qilt etmasdan yolg‘onini aytib turaveradi. Shunda unga Soyibning telefon raqamini ko‘rsatishib, kimligini so‘rashadi. Haydovchim, deydi ayol.

Soyib ham ichki ishlar bo‘limiga chaqiriladi. Oshiq taksist hammasi oshkor bo‘libdi, degan o‘yda bo‘lib o‘tgan voqealarini aytib beradi.

Aslida zinokorlar qilgan qotilliklari oshkor bo‘lmasligi uchun tish-tirnoqlari bilan harakat qilishgan. Hatto Soyib Maftunani Navoiy shahrida yashovchi Tuyg‘un Nazarovning oldiga olib borgan. U esa duo o‘qish orqali ish ochilmasligini tashkillashtirib berish uchun 1000 dollar so‘ragan.

Maftuna ertasiga 10 mln so‘m kredit olib, Tuyg‘un Nazarov aytgan bank kartasiga o‘tkazib bergan. Erkak esa bir hayvon terisini ayolga tutqazib, unga duo o‘qiganini, terini chap ko‘kragiga skotch yordamida ilib qo‘yishni, shunda IIB xodimlari chaqirsa ham undan shubha qilmasliklarini aytgan. Bundan tashqari, bir qulf berib, uni oqar suvga tashlashni, bu orqali qilgan ishlari folbinga borib, “fol” ochtirilsa ham chiqmasligini bildirgan.

Tush ko‘rding, o‘g‘lim”

Hammasi aniq bo‘lgan, ammo Davronning murdasi topilmagandi. Qish kuni emasmi, havoning sovuqligi ham g‘avvoslarga qiyinchilik tug‘dirardi. Tinimsiz davom etgan qidirish ishlaridan so‘ng oradan 54 kun o‘tib murda topiladi.

Maftuna Husainova sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan, turmush o‘rtog‘ining o‘lishini ham, tirik qolishini ham istamaganini aytgan.

Davronga Soyibni oylik taksist sifatida yollaganimni aytgandim. Soyib bilan 2024 yil 30 noyabr kunidan keyin har kuni jinoyat fosh bo‘lmasligi uchun suhbatlashib turdik. 1 dekabr kuni u bilan ko‘chada taksi yollab, kamera bor yoki yo‘qligini bilish maqsadida Davronni daryoga tashlab yuborgan joyga ham borib keldik.

Men birinchi navbatda sharmanda bo‘lishdan, keyin javobgarlikdan qo‘rqdim. Men Soyib Davronni hushsiz holatga keltirganda u o‘lgan ham bo‘lishi mumkin deb o‘ylagandim, ammo o‘lganiga to‘liq ishonchim komil bo‘lmagandi. Uning tirik qolishini ham xohlamagandim. Chunki tirik qolsa, bizlar sharmanda bo‘lardik. Qasd olish uchun bizni o‘ldirishi mumkin edi. Shu uchun uni yo‘q qilish fikri tug‘ilgandi.

Soyib hovlida Davron bilan janjallashayotgan vaqtda men yugurib uyga kirdim va to‘shalgan ko‘rpa-to‘shakni yig‘ib, so‘ngra qaytib hovliga chiqdim. Uyga kirgan vaqtimda o‘g‘lim uyg‘oq turganini ko‘rdim. Undan nimaga uxlamayotganini so‘radim. O‘g‘lim “dadamning ovozini eshitdim” dedi. O‘g‘limga tush ko‘rganini aytib, yotib uxlashini buyurdim va xonadan chiqib ketdim.

Ertalab maktabga olib borayotganimda ham o‘g‘lim kechqurun dadasining ovozini eshitganini aytdi. Shunda o‘g‘limga bu haqda hech kimga aytmasligini, agar biror kishiga aytadigan bo‘lsa, meni qamab qo‘yishlari mumkinligini tayinladim”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.

Jazo

Maftuna va Soyibning jinoyati o‘zlarining iqrorligidan tashqari rad qilib bo‘lmas ko‘plab dalillar, o‘nlab ekspertiza xulosalari asosida isbotini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziltepa tuman sudining 2025 yil 6 maydagi hukmi bilan oshiq-ma’shuqlar qotillik jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Maftuna Husainovaga 13 yil 1 oy, Soyib Primovga 18 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Shuningdek, hukm bilan Tuyg‘un Nazarovga ham jazo qo‘llangan. U firibgarlik hamda jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish jinoyatini sodir qilgan deb topilib, 2 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiallari asosida tayyorlandi. 

Mavzuga oid