Jahon | 19:50 / 30.05.2025
10138
2 daqiqa o‘qiladi

Global isish tufayli La-Manshga sakkizoyoqlar yopirildi

Mahalliy baliqchilik kompaniyalari sakkizoyoq ovi o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 200 foizdan ziyodga oshganini ma’lum qilmoqda.

Foto: AFP/Getty Images

Shimoliy Atlantika suvlari haroratining sezilarli darajada ko‘tarilishi La-Mansh bo‘g‘oziga sakkizoyoqlar yopirilishiga olib keldi. Mahalliy baliqchilik kompaniyalari sakkizoyoq ovi o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 200 foizdan ziyodga oshganini ma’lum qilmoqda.

Bloombergʼning yozishicha, ushbu o‘zgarishlar ekolog va biologlar orasida xavotir uyg‘otmoqda. May oyida Irlandiya qirg‘oqlarining g‘arbiy qismidagi suv harorati me’yordan 4 darajaga oshgan, Buyuk Britaniya qirg‘oqlarida esa — 2,5 darajaga ko‘tarilgan. Bu butun tadqiqot davomidagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Ekspertlar avgustga borib suvning isishi yangi rekord darajaga chiqishidan ogohlantirmoqda.

Olimlarning ma’lum qilishicha, La-Manshda sakkizoyoqlar sonining ko‘payishi mayda mollyuskalar populyatsiyasi kamayishiga ta’sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, bo‘g‘ozda suvning isishi meduza va dengiz olabug‘alari ko‘payishiga olib keladi.

Britaniya Ekologiya, baliqchilik va akvamadaniyat ilmiy markazi biologlarining ma’lumotlariga ko‘ra, La-Manshda dengizdagi oziq-ovqat zanjirining asosi hisoblangan planktonlar soni kamaymoqda.

Mavzuga oid