Iqtisodiyot | 13:16 / 03.06.2025
8263
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor og‘ir texnika ishlab chiqarish boshlandi

Misrning "Axbarna" va "Misr Al-An" axborot agentliklari hamda Mining.com saytida O‘zbekistonning yerosti boyliklariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi.

Foto: “NKMK” AJ Matbuot xizmati

"O‘zbekistonning Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli "Muruntau" koni dunyodagi eng yirik oltin zaxirasiga egaligi bilan birinchi o‘rinni band etdi. Zaxiralar taxminan 4 500 tonna deb baholanmoqda. 2024 yili bu kon dunyoda oltin ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallab, 2 million 676 ming 2 unsiya oltin ishlab chiqargan", – deyiladi maqolada.

Xalqaro konchilik mutaxassisi va Muruntau kondagi 2-gidrometallurgiya zavodi direktori Jasur Abdullayevning aytishicha, Muruntau konining kashf etilishi XX asrning ikkinchi yarmida qimmatbaho metallar sohasidagi eng muhim kashfiyotlardan biri sifatida xalqaro geologiya jamiyati tomonidan e’tirof etilgan. "Bu yutuqlar 2-gidrometallurgiya zavodining qurilishi va ishga tushirilishi bilan davom etdi — bu zavod dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri hisoblanadi", – deya o‘zbekistonlik mutaxassis so‘zlaridan iqtibos keltirilgan nashrlarda.

Materialda O‘zbekistonning Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga oltin qazib chiqaruvchi kon, zamonaviy zavod, Amudaryodan Zarafshongacha cho‘zilgan suv inshootlari va to‘liq shakllangan sanoat shahrini o‘z ichiga oladigan integral majmuani yaratish vazifasi yuklatilgani qayd etilgan. Shu bois bugungi kunda bu yirik loyiha O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy ustunlaridan biriga aylangan.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi paytda Muruntau konining chuqurligi 675 metrdan oshib ketgan bo‘lib, maydoni 5 kilometrdan ortiq. Kon faoliyat yuritganidan beri taxminan 2 milliard kub metr ma’danli tosh qazib olingan. Hozirda konni 1 000 metr chuqurlikkacha kengaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

"O‘zbekistonda ilk bor og‘ir texnika ishlab chiqarish boshlandi. Bu Navoiy mashinasozlik zavodi va Zarafshon ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish zavodi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha O‘zbekistonning dunyodagi konchilik uskunalari sanoatidagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi" – deya xulosa qilinadi maqolada.

Mavzuga oid