Toshkentdan vodiyga qaytishda ulkan tirbandliklar kuzatilmoqda
Qamchiq dovoni orqali vodiyga ketish yo‘lida ulkan tirbandliklar yuzaga keldi. Bunga «Chinor» YPX maskanidan o‘tganda amalga oshirilayotgan yo‘l ta’mirlash ishlari sabab bo‘lmoqda. Angren shahridan boshlangan tirbandliklar bir necha kilometrga cho‘zilgan.

Foto: Kun.uz
5 iyun kuni A373 Toshkent-Andijon avtomobil yo‘lining Toshkent viloyati hududidan o‘tgan qismida ulkan tirbandliklar yuzaga keldi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.
Qayd etilishicha, «Chinor» yo‘l-patrul xizmati maskanidan o‘tgandan keyin, Toshkent shahri tomon harakat yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lining bir qismi ta’mirlanmoqda. Natijada avtomobillar harakatini qiyinlashtiryapti. Qurbon hayiti munosabati bilan poytaxtdan vodiyga ko‘plab fuqarolar qaytayotgani bois shu kunlarda hududda juda katta tirbandliklar yuzaga kelgan.
Ta’kidlanishicha, Angren shahridan boshlanayotgan mazkur tirbandliklar dovonga ko‘tarilgunga qadar bo‘lgan 20 kilometrgacha masofaga cho‘zilgan. Avtomobil yo‘lining ayrim nuqtalarida YPX xodimlari transport vositalarining tezroq harakatlanishini ta’minlash maqsadida vodiydan kelayotgan avtomobillar harakatini to‘xtatib ham qo‘ygan.
Kun.uz’ga murojaat yo‘llagan fuqarolardan biri ham «Chinor» postidagi ta’mirlash ishlari ancha muddatdan beri davom etayotgani va bu haydovchilarga qiyinchilik tug‘dirayotganini bildirdi.
«Toshkentdan Farg‘onaga ish bilan har hafta borib turaman. Ammo «Chinor» postidan keyin ta’mirlash uchun yopilgan yo‘l tufayli ko‘p vaqtim shu yerda sarflanmoqda. Bu muammo nafaqat mening, balki ko‘plab fuqarolarning vaqtini olmoqda. Yo‘l uzoq muddat yopiq bo‘lib, ta’mirlash ishlari juda sekin olib borilmoqda. Buning oqibatida yo‘llarda katta tirbandliklar yuzaga kelyapti, odamlar soatlab kutishga majbur bo‘lmoqda. Bu holat ayniqsa shoshilinch yordamga muhtoj bo‘lgan bemorlar va muhim ishlar bilan sayohat qilayotganlar uchun jiddiy noqulayliklar keltirib chiqaryapti», — deydi murojaatchi.
«Qamchiqavtomobilyo‘l IYFK» davlat muassasasi 4 iyun kuni Toshkent—Ohangaron—Angren—Qo‘qon—Shahrixon—Andijon avtomobil yo‘li 121—122-kilometrlar oralig‘ining Toshkent—Vodiy yo‘nalishida qisqa tirbandliklar yuzaga kelayotganini ma’lum qilgandi. Xabarda ushbu holat tegishli tashkilotlar yordamida bartaraf etilgani va avtotransport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanayotgani bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, may oyida prezident topshirig‘iga asosan avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini yanada takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilingandi.
Hujjatda 1 iyundan boshlab shaharlarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno.