Jahon | 13:27 / 08.06.2025
2599
3 daqiqa o‘qiladi

Los-Anjyelesda migratsiya xizmati reydlari tufayli norozilik namoyishlari avj oldi

Foto: Reuters

6 iyun kuni kechqurun Kaliforniya janubidagi Los-Anjyelesda ICE immigratsiya xizmatining keng ko‘lamli reydlari tufayli norozilik namoyishlari boshlandi..

Shu kun avvalida noqonuniy muhojirlarni tutish va deportatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi ICE 44 kishini qo‘lga olgan, yana bir kishi agentlarga qarshilik ko‘rsatgani uchun ushlangandi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ICE inspektorlari reydlar davomida ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan. Shundan so‘ng, shahar markazida ICE’ning shafqatsiz usullarini qoralagan 300 dan ortiq namoyishchilar to‘plandi.

AQSh prezidenti Donald Trampning noqonuniy immigratsiyaga qarshi keng ko‘lamli kampaniyasi doirasida AQShning qator shaharlarida migrantlarni qo‘lga olish bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda.

Los-Anjyeles politsiyasi namoyishchilarni kechki soat yettigacha tarqalishga chaqirdi, ammo vaziyat keskinlashishda davom etdi, deb yozadi Los Angeles Times.

To‘qnashuvlar federal bino yaqinida ham sodir bo‘lgan. Politsiyaga ko‘ra, namoyishchilar beton bo‘laklarini uloqtira boshlagach, huquq-tartibot idoralari xodimlariga «o‘limga olib kelmaydigan vositalar»dan foydalanishga ruxsat berilgan.

Namoyishlardan olingan kadrlarda politsiya namoyishchilarni kaltaklab, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llayotganini ko‘rish mumkin. Shahar markazidagi tartibsizliklar yarim tundan keyin ham davom etmoqda.

Reydlar chog‘ida ICE agentlari Xalqaro xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kasaba uyushmasi (SEIU) prezidenti Devid Uertani qo‘lga oldi va yarador qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Kasaba uyushmasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, u «Huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlarini kuzatish va hujjatlashtirish bo‘yicha Birinchi tuzatish huquqidan foydalanganida» shunday bo‘lgan.

Uerta qanchalik og‘ir yaralangani va unga qandaydir ayblovlar qo‘yilgani hozircha noma’lum.

Los-Anjyeles meri Karen Bass immigratsiya reydlarini qoralab bayonot berdi. «Bu taktika jamoalarimizda dahshat uyg‘otadi va shahrimizdagi asosiy xavfsizlik tamoyillariga putur yetkazadi», – dedi u.

Mavzuga oid