Jamiyat | 07:48 / 13.06.2025
10226
6 daqiqa o‘qiladi

Ota mehri. Nogiron bolaning qahramon otasi haqida

Denzel Vashingtonning xuddi shu nomli filmi bor. O‘sha kinoni ko‘rganimdan buyon ota mehri degan so‘z menga boshqacha ta’sir qiladi. Oxirgi ramazonda poyezdda vodiyga safar qildik. Yo‘l bo‘yi bir ibratli voqeaga guvoh bo‘ldimki, taqdir bejizga o‘sha voqeani menga ko‘rsatmadi deb o‘ylab u haqda sizga aytishni istadim. Bugun ota mehri haqida gaplashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Jasurbekning dadasi

Samarqanddan vodiyga boradigan poyezdga chiqarkanmiz yo‘l rejamiz tayyor edi: saharlikni birgalikda qilamiz-da, keyin yetib borguncha dam olamiz. Axir yo‘l olis, ertalabdan ishlashimiz kerak edi. Buning ustiga qaytish avtobusda bo‘lishi aniq edi, u yerda uxlab bo‘lmaydi. Poyezdning tepa qavatiga joy olgandim, avvaldan menga tepada ketish yoqadi, odam xuddi uchib ketayotgandek bo‘ladi.

Tepa qavatga joylashishim bilan pastdagi ikki o‘rindagi yo‘lovchilar e’tiborimni tortdi. Keyin butun yo‘l bo‘yi xayolim shu yo‘lovchilarda bo‘ldi... Ulardan biri o‘rta yoshdagi ota, boshqasi otaning qo‘l-oyog‘i ishlamaydigan o‘g‘li. Chamasi 12-13 yoshdagi bolakay gapirolmas, ba’zi istaklarinigina turli tovushlar bilan ifoda etardi xolos. Uning nafas olishi qiyin, gavdasini ham tik tutolmasdi. Menimcha, bolakayning ahvolini tasavvur qildingiz...

Bolaning otasi yo‘l bo‘yi mana shu dard bilan sinalgan farzandi atrofida parvona bo‘ldi: hali aravachasiga o‘tqizib, derazadan tog‘larni tomosha qildirib qo‘yadi, hali suv beradi, hali hojatga chiqasanmi deb so‘raydi. Ularning gaplaridan bolakayning ismi Azizbek ekanini tushundim. Ota bola vohadan uylariga, vodiyning qaysidir shahriga ketishayotgandi, balki Andijonga, balki Marg‘ilongadir. Har zamonda haligi bolaning oldiga sho‘x ukasi kelib turadi, uning ismi Jasurbek edi, adashmasam. Bu sho‘x bola ham yurishdan, zaboni go‘yodan mahrum akasiga qarab keldi.

Yo‘l bo‘yi bolaning otasi nogiron farzandi atrofida parvona bo‘lib uxlamadi. Va biror mart uf deb noligani, o‘g‘liga ovozini ko‘targani yo‘q. Samarqanddan Namangangacha poyezd juda ko‘p vaqt yuradi, ishoning tor poyezdda harakatdan to‘la mahrum bolaga qaraydigan ota biror marta noshukurlik qilmadi, farzandini ko‘z qorachig‘iday asrab keldi.

Men ularni gapga tutishga yuragim dosh bermadi, juda ta’sirlandim. Ba’zi odamlar ota bilan gaplashib ketishdi. Aytishicha, bolaning uy uchun alohida, ko‘chaga chiqishi uchun alohida aravachasi bor ekan. Ota har kuni orqasi to‘shakda qizarib ketmasligi uchun o‘g‘lini massaj qilarkan.

Yo‘q, azizlar bunday holatni taqdir menga bejizga ko‘rsatmadi, men albatta bu qahramon ota haqida qachondir sizga aytib berishim kerak edi. To‘rt muchasi salomat bolasini uradigan, so‘kadigan, ko‘chada qoldiradigan insonlar juda ko‘paygan zamonimizda o‘zimizning vodiyning bir qishlog‘ida qo‘l-oyog‘i ishlamaydigan, gapirolmaydigan, hojatga chiqishini ham tovushlar bilan ishora qiladigan farzandini ko‘klarga ko‘taradigan, bu sinovga uchraganidan hech ham nolimaydigan Jasurbekning dadasidek qahramon ota borligini bilishingiz kerak.

Men bu oilani juda yaxshi ko‘rdim. Bir inson tanasida shuncha sabr-toqat jam bo‘lganiga hayron qoldim. Yaratganning huzurida bu ota-bolalarning darajasi qanchalik baland ekanini his qildim. Kiyinishlaridan ma’lum, ular oddiy uylarda yashashsa kerak, ro‘zg‘orlari ham haminqadardir, balki. Lekin ishoning bu juda baxtli oila edi. Bunaqa sabr-toqatli otasi bor oila hammadan baxtliroq. Otalar omon bo‘lishsin...

Aziz Kun.uz muxlislari. Siz mening oilamga aylanib qolgansiz. Inson hayotidagi xursandchiligi va qayg‘usini oilasi bolan bo‘lishgisi keladi. Afsuski, bugun men siz bilan o‘z qayg‘umni bo‘lishmoqchiman. Men kechagina otamdan ayrildim. 40 yildan uzoq oddiy jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan padarimiz Zikriyoxon Nizomov 65 yoshda bir necha oy og‘ir dard bilan mardonavor kurashgach, omonatlarini topshirdilar.

Biz otamizning qo‘llaridan tutib ilk marta masjidga, yelkalariga minib ilk marta «Dinamo» stadioniga futbol ko‘rgani bordik. Otamizdan bizga halol luqmadek katta me’ros qoldi, eng qiyin damlarida, oxirgi nafaslarigacha yonlarida bo‘lganimiz biz uchun yagona yupanch bo‘ldi. Otam futbolni yaxshi ko‘rardilar. Qatar bilan o‘yinni kasalxonada birga ko‘rdik, bayram qildik. Sergeyev gol urganidan juda xursand bo‘ldilar. Tongda uyquda jonlarini sohibiga topshirdilar. Iltimos, padarimizni duolaringizda eslab qo‘ying. Otasi borlar, otangizni ehtiyot qiling…

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Tahririyat: Kun.uz mahoratli jurnalist va boshlovchi O‘tkir Jalolxonovning otasi Zikriyoxon Nizomov vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlariga ta’ziya bildiradi.

Mavzuga oid