«ChatGPTʼdan diniy savollarga javob olish joiz emas» – O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolariga ko‘ra, inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot, ya’ni sun’iy intellekt diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Shu sababli diniy masalalarda «biror narsani bilmay qolsa, o‘sha sohaning zikr ahlidan o‘rganish» lozim bo‘ladi.

Foto: Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan rasm
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi «ChatGPT (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?» degan savol yuzasidan o‘z javobini e’lon qildi.
«Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, ChatGPT platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor», deyiladi diniy idora mutaxassislarining javobida.
Diniy idora mas’ullarining aytishicha, musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi.
«Alloh taolo oyati karimada «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!» (Anbiyo surasi, 7-oyat) deya marhamat qilgan. Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va din-u diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi», deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bayonotida.
Mavzuga oid

00:07 / 10.06.2025
Britaniyada 400 mingdan ortiq davlat xizmatchisi sun’iy intellektdan foydalanishga o‘qitiladi

18:26 / 09.06.2025
Xitoydagi muhim imtihonlar paytida sun’iy intellekt ilovalari o‘chirib qo‘yildi

19:01 / 03.06.2025
Microsoft 6 ming xodimini ishdan bo‘shatganidan keyin yuzlab ishchilarini qisqartirdi

14:40 / 02.06.2025