Isroil Tehrondagi IIMK qo‘mondonlik markazlariga zarba berdi
Isroil kuchlari qatorasiga to‘rtinchi kun Erondagi strategik nishonlarga zarba bermoqda. Tehronda Islom inqilobi muhofizlari korpusining bir necha qo‘mondonlik markazlariga hujum uyushtirildi.

Foto: Shadati/Xinhua/IMAGO
Isroil ketma-ket to‘rtinchi kun Erondagi strategik nishonlarga hujum qilmoqda. 16 iyun, dushanba kuni tongda Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) Eron markazidagi «yer-yer» raketa omborlariga, shuningdek, Tehrondagi Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning bir qancha qo‘mondonlik markazlariga zarbalar berilgani haqida xabar qildi. Kecha kechqurun Isroil Eron g‘arbidagi «yer-yer» raketalari saqlanadigan o‘nlab nishonlarga zarba bergani haqida xabar qilgandi. Mamlakat shimoli-sharqidagi Mashhad shahridagi aeroport ham hujumga uchragan.
O‘z navbatida, Eron 16 iyun kuni ertalab yangi raketa hujumlarini boshladi. Isroil tez yordam xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning markaziy qismiga berilgan zarbalar natijasida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 87 kishi jarohatlangan. AFP agentligi Tel-Avivdagi yonib ketgan turar joy binolari va Hayfa sohilbo‘yi shahri yaqinidagi yong‘inlar tasvirlarini chop etdi. Quddusda kuchli portlashlar eshitildi. IIMK Isroildagi nishonlarga «bundan ham vayronkor» zarbalar berish bilan tahdid qildi.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga misli ko‘rilmagan hujum uyushtirib, mamlakatdagi yadroviy obektlar va harbiy infratuzilmalarga zarba berdi, bu vaqtda ko‘plab yuqori martabali harbiylar ham halok bo‘ldi. Eron Isroilga raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan javob berdi.
Tehron ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning juma kunidan beri Erondagi zarbalari oqibatida kamida 224 kishi halok bo‘lgan, 1000 dan ortiq kishi jarohatlangan. Har ikki tomondan aholi turar joylariga vayronkor raketa zarbalari berilgani xabar qilingan. Dam olish kunlari Isroilda Eron uchuvchisiz uchoqlari va raketalari tufayli havo hujumi haqida ogohlantirish signallari tinmay yangradi.