Jahon | 21:52 / 21.06.2025
2349
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar birinchi marta Quyoshning sun’iy tutilishi qanday bo‘lishini ko‘rsatdi

Astronomik hodisa Quyoshning yuqori faolligi vaqtida Yerdagi texnologiyalarda yuz beradigan nosozliklarni o‘rganish maqsadida yaratilgan.

Foto: Yevropa kosmik agentligi

Olimlar birinchi marta Yer orbitasidagi ikkita sun’iy yo‘ldosh orqali modellashtirilgan Quyoshning sun’iy tutilishi qanday bo‘lishini ko‘rsatdi.

Yevropa kosmik agentligining (ESA) xabar berishicha, astronomik hodisa Quyoshning yuqori faolligi vaqtida Yerdagi texnologiyalarda yuz beradigan nosozliklarni o‘rganish maqsadida yaratilgan.

Birinchi marta Quyosh tutilishi 2025 yil mart oyida modellashtirilgan edi. Bunda Proba-3 missiyasining ikkita kosmik kemasi bir-biridan 150 metr masofada uchib o‘tdi. Shu bilan birga, sun’iy yo‘ldoshlar bir necha soat davomida millimetrgacha bo‘lgan aniqlik bilan o‘z pozitsiyalarini saqlab qoldi.

Natijada, bir qurilma Quyoshni boshqa qurilmadan to‘sib qo‘ydi va uning optik asboblariga 8 santimetr o‘lchamdagi soyani tushirdi. Buning sharofati bilan olimlar quyosh toji - atmosferasining tashqi qismi tasvirini olishga muvaffaq bo‘ldi.

«Tojni kuzatish quyosh shamolini, materiyaning kosmosga uzluksiz oqimini aniqlash uchun juda muhimdir. Bu, shuningdek, toj massasining otilishini, Quyosh deyarli har kuni, ayniqsa yuqori faollik davrida otadigan zarrachalar portlashini tushunish uchun juda muhimdir», deb tushuntirdi olimlar.

Ularning qo‘shimcha qilishicha, Quyoshning bunday faolligi Yerda qutb yog‘dusi paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin, biroq, zamonaviy texnologiyalar uchun xavf tug‘diradi. Quyoshning yuqori faolligi sayyoramizdagi aloqa, elektr uzatish va navigatsiya tizimlarini buzishi mumkin.

Sun’iy to‘siq tufayli tadqiqotchilar Quyoshdagi ko‘proq tafsilotlarni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi, an’anaviy usullarda bu imkonsiz.

«Birinchi ma’lumotlarni olish nihoyatda hayajonli bo‘ldi. Boshqa o‘lchovlar bilan birgalikda bu yulduzimiz haqidagi uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan masalalarni hal qilishga yordam beradi», dedi loyiha olimi Jo Zender.

Olimlarning ta’kidlashicha, yiliga bir marta sodir bo‘ladigan tabiiy tutilishdan farqli o‘laroq, sun’iy tutilishni har 19,6 soatda simulyatsiya qilish mumkin. Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldoshlar astronomik hodisani olti soatgacha ushlab turadi, tabiiy holatda bu bir necha daqiqa davom etadi.

Mavzuga oid