Jahon | 14:12 / 23.06.2025
11081
2 daqiqa o‘qiladi

Eron tashqi ishlar vaziri Moskvaga keldi

Eron «hozirgi xavfli sharoitda» Rossiya bilan maslahatlashuvlarga katta ahamiyat beradi, dedi Moskvaga tashrif bilan kelgan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi.

Foto: Tasnim

«Hozirgi yangi xavfli sharoitda, dunyo tartibi haqiqatda tahdid ostida bo‘lgan bir paytda, bizning Rossiya bilan maslahatlashuvlarimiz, albatta, katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin», dedi vazir Eron davlat teleradiokompaniyasi efirida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron va Moskva «bir-biri bilan pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga harakat qilmoqda», mamlakatlar «umumiy tashvishlar va umumiy raqiblarga ega».

Eron tashqi ishlar vaziri, shuningdek, AQShning Eron yadroviy inshootlariga hujumlarini qoralagani uchun Moskvaga minnatdorchilik bildirdi. «Amerikaning hujumi bu tajovuzdir, uni so‘zsiz qoralash kerak», dedi u.

Abbos Arag‘chi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv 23 iyun, dushanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, unda, vazirning so‘zlariga ko‘ra, «umumiy [Rossiya va Eronga] tahdidlarga qarshi qanday kurashish» masalasi muhokama qilinadi.

Moskvaga safari oldidan Abbos Arag‘chi AQSh Eron yadroviy inshootlarini o‘qqa tutish bilan qizil chiziqni kesib o‘tganini aytdi. Unga ko‘ra, Donald Tramp nafaqat Eronga xiyonat qilgan, balki amerikaliklarni ham aldagan.

Mavzuga oid