O‘zbekiston | 16:39 / 23.06.2025
2403
3 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva BMT Davlat xizmati forumida ishtirok etdi

Shuningdek, BMT Bosh kotibining iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yordamchisi Navid Hanif bilan uchrashdi.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Samarqandda BMT Davlat xizmati forumida ishtirok etdi.

«Bugun Samarqandda xalqaro hamkorlikning yangi sahifasini ochdik — BMT Davlat xizmati forumi boshlandi. Ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti nomidan samimiy qutlov so‘zlarini yetkazish men uchun katta sharafdir.

Dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda va biz O‘zbekistonda bu o‘zgarishlarga faol islohotlar bilan javob bermoqdamiz: raqamli davlat quryapmiz, iste’dodlarga sarmoya kirityapmiz, barcha uchun — ayniqsa, davlat boshqaruvi organlarining uchdan biridan ko‘prog‘ini tashkil etayotgan ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytiryapmiz.

Global bilimlar markazi kabi tashabbuslarimizga ishonch bildirgan xalqaro hamkorlarimizga minnatdorlik izhor etmoqchiman.

Sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash orqaligina biz odamlarga, ularning kelajagiga chinakam xizmat qiladigan davlat xizmati tizimini yaratishimiz mumkin», deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Samarqandda BMT Bosh kotibining iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yordamchisi Navid Hanif bilan uchrashdi. Muloqotning asosiy mavzusi — ilk bor O‘zbekistonda tashkil etilgan Davlat xizmati bo‘yicha global forum yakunlari va natijalariga bag‘ishlandi.

«Suhbat davomida islohotlarimiz samarasi, raqamlashtirish jarayoni va «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasidagi rejalar haqida ma’lumot berdik, shuningdek, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari: yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va mutaxassislarimizning BMT loyihalarida ishtirok etishini muhokama qildik. Ekologiya masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi — Xalqaro iqlim akademiyasini tuzish va Orol hududini tiklash bo‘yicha fikr almashdik.

Bugungi beqaror dunyoda eng muhim jihat — bir-birimizni eshitishni o‘rganish. BMT — ana shunday ochiq muloqot va yechimlarni birgalikda izlash mumkin bo‘lgan maydondir. Oldinda hali ko‘plab yangi g‘oya va loyihalarimiz bor — ularni hamjihatlikda amalga oshirishga tayyormiz», deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

 

 

 

Mavzuga oid