Eron Qatardagi AQSh bazasiga hujum qildi
Eron AQShning Qatardagi bazasiga hujum qildi. Ha, to‘g‘ri eshitingiz, Eron arab davlati hududiga raketa uchirdi. Bu chinakam ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqea bo‘ldi.

Qatar osmonida raketa
Yaqin Sharqda urush deganda, odatda, Isroil Falastin, Iroq yoki Suriya hududidagi to‘qnashuvlar tushuniladi. Saudiyadagi Saudi Aramco zavodiga yamanlik husiychilar har zamonda raketa ham uchirib turishadi. Bor-ey, BAAda ham shov-shuvli qotilliklar, juda bo‘lmasa, pichoqbozliklar bo‘lib turadi. Kuvayt ham bir necha yil avval Iroq bilan urushgan.
Lekin mintaqada bir davlat borki u yerda qandaydir urush ketishi, osmonida raketa uchishini tasavvur qilolmaysiz. Bu – Qatar. Men Qatarda 40 kun yashagan odam sifatida aytaman, bu davlatda politsiya yoki biror qoidani buzgan hind haydovchini yoki futbol o‘yiniga soxta chipta sotayotgan biror muhojirni qo‘lga olib qamashi mumkin. Albatta, jinoyat hamma yerda bo‘ladi, lekin men bu misollarni Qatar qanchalik tinch, urushdan yiroq davlat ekanini tushuntirish uchun aytdim.
Bugun mana shu Qatarning osmono‘par binolari ustida raketalar uchdi. Ularning urish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushirildi. Men Qatar uzra Eron raketalari uchayotganini ko‘rib ishonolmadim to‘g‘risi. Axir Qatar arab davaltlari ichida Eron eng qalin bo‘lgan davlatlardan edi.
Oltita raketa
Eron Doha yaqinida joylashgan AQShga tegishli «Al Udeyda» aviabazasiga hujum qildi. Eron tomoniga ko‘ra, baza to‘liq yo‘q qilingan, lekin Qatar tomoni barcha raketalar tutib qolinganini aytmoqda.
Eron tomoni bu AQShning mamlakat yadro obektlariga zarbasiga javob bo‘lgani haqida bayonot berdi. Qatar Eronga javob berish huquqiga egaligini eslatdi. Doha hujumni Qatar suverenitetiga ochiq tahdid deb qabul qilishini bildirgan. Amerika nashrlariga ko‘ra, Qatardagi bazaga oltita raketa tashlangan.
Tramp Eronga rahmat aytdi
Donald Tramp Eron Qatardagi bazaga 14 ta raketa otgani, ulardan 13 tasi urib tushirilgani va bittasi noaniq ketganini aytdi. Va diqqat qiling, Tramp Eronga hujum haqida oldindan ogohlantirgani uchun rahmat aytdi. Tushundingiz-a? Eron AQShga qaysidir davlat orqali aloqaga chiqib, o‘rtoqlar biz sizning Qatardagi aviabazangizga zarba beramiz, ehtiyot bo‘linglar degan ekan. Har holda Amerika prezidenti shunaqa deyapti.
Tramp postida shu bilan Eron bilan to‘qnashuv tugadi degan mazmunda gapirib, Tehron endi tinchlikni tanlashi kerakligini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, Tramp Eron nomigagina hujum qildi degan mazmunda hazil ham qilgan.
Bu nima degani?
Eron – Isroil urushi atrofidagi bu voqealar dunyo siyosatida ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi. Endi dushmanlar bir-biriga ochiq dushmanlik qila boshladi, andishaning vaqti o‘tdi. Eron arab davlatlarini yoqtirmasligini bugun nihoyat ko‘rsatib, eng tinch arab davlari Qatarga raketa uchirdi. Isroil ortiq Eron proksi guruhlari bilan urushishga holi yo‘qligini bildirib, Eronga hujum qildi. Amerika Eronga bayonotlarda tahdid qilishdan charchab, Tehronning yadro obektlariga hujum qildi.
Ro‘yxat to‘liq bo‘lishi uchun endi Eron to‘g‘ri Amerikaga raketa uchirishi kerak, biroq bu ish hozircha imkonsiz. Agar yaponlarga o‘xshab suvosti kemasidan hujum qilishmasa, oddiy raketa bilan buning iloji yo‘q. Va bilasizmi, bu ishlarning barchasi Rossiya va Ukraina urushidan keyin sodir bo‘lmoqda. Chunki, butun dunyo ko‘rdi, Dunyodagi eng katta davlat Yevropadagi eng katta davlat bo‘lmish qo‘shnisining hududiga bostirib kirdi. Bu ikki davlat to‘rt yildan beri bir-biriga raketa otib keladi, lekin osmon uzilib yerga tushmadi.
Trampning gap so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki, NATOning mashhur beshinchi moddasi ham quruq gapdan boshqa narsa emas. Masalan, bugun kimdir Latviya, Litva yoki Estoniyaga hujum qilsa, NATOning barcha davlatlari o‘sha moddaga ko‘ra buni o‘ziga hujum deb qabul qilib boyagi davlatga hujum qilmaydi.
Isroil va Eron ham buni ko‘rib bir-biriga hujum qilsa, hech narsa bo‘lmasligini tushunib yetishdi. Oddiy qilib aytganda, mushti zo‘r yengadigan bemaza davrga yetib keldik. Nima bo‘lsa ham, bizda tinchlik bo‘lsin. Omon bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid

14:34
AQSh Kongressida WhatsApp ilovasidan foydalanish taqiqlandi

14:12
🔴 LIVE: Eron–Isroil: Sulh amalga oshadimi?

13:33
AQSh bazalariga zarba bergan Eron, urush tugashini e’lon qilgan Tramp va Putinga topshirilgan maktub – kun dayjesti

12:11