Jahon | 14:14 / 25.06.2025
3323
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh generali Grinkevich Ukrainaning urushda g‘alaba qozonishiga ishonyapti

AQSh Qurolli kuchlari Yevropa qo‘mondonligi rahbari lavozimiga nomzod Ukraina Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishi mumkin, deb hisoblaydi. Senatda Grinkevich nomzodini tasdiqlash bo‘yicha eshituvlar bo‘lib o‘tdi.

Foto: Staff Sgt. Draeke Layman/U.S. Air Force/AP/picture alliance

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan AQSh Qurolli kuchlari Yevropa qo‘mondonligi (EUCOM) rahbari lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan general-leytenant Aleksus Grinkevich Ukraina Rossiya tomonidan uch yildan ortiq davom etayotgan urushda g‘alaba qozonishiga ishonch bildirdi. Grinkevich 24 iyun, seshanba kuni AQSh Senatida o‘z nomzodi ko‘rib chiqilayotgan eshituvda so‘zga chiqdi.

«O‘ylaymanki, Ukraina g‘alaba qozonishi mumkin. O‘ylaymanki, har safar vataningizga xavf tug‘ilganda siz biz uchun tasavvur qilish qiyin bo‘lgan matonat bilan kurashasiz», — deya Grinkevichning so‘zlarini keltiradi Reuters.

General-leytenantning nomzodi avvalroq NATOga a’zo davlatlar qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan, deb xabar qildi alyans matbuot xizmati 5 iyun kuni. Shu kuni avvalroq Tramp Grinkevich nomzodini asosiy harbiy lavozimga ko‘rsatgan. EUCOM rahbari, an’anaga ko‘ra, Yevropada NATO Birlashgan qurolli kuchlari (SACEUR - Supreme Allied Commander Europe) bosh qo‘mondoni lavozimini egallaydi.

Grinkevich amaldagi qo‘mondon, general Kristofer Kavolini almashtiradi. Rasmiy vakolatlarni topshirish yozda amalga oshirilishi kutilmoqda.

NATOning Yevropadagi birlashgan kuchlarining yangi rahbari katta harbiy tajribaga ega. U AQSh shtab boshliqlari qo‘mitasining operatsiyalar bo‘yicha direktori bo‘lib ishlagan, ungacha qo‘shma kuchlarning havo kuchlariga qo‘mondonlik qilgan. U, shuningdek, F-16 Fighting Falcon va F-22 Raptor qiruvchilari uchun parvoz instruktori, qurol-yarog‘ bo‘yicha ofitser va sinov uchuvchisi bo‘lib xizmat qilgan.

SACEUR lavozimi alyans tuzilmasida bosh kotibdan keyin ikkinchi eng muhimi hisoblanadi. Ushbu lavozim egasi harbiy harakatlarni boshqarish va missiyalarni rejalashtirish uchun javobgardir. U alyansga a’zo davlatlardan siyosiy darajada tasdiqlangan vazifalarni bajarish uchun zarur kuchlarni so‘rash huquqiga ega.

Mavzuga oid