AQSh elchisi Rossiya bilan Pushkin satrlarini yozib xayrlashdi
2023 yil yanvaridan beri Rossiyada ishlab kelgan Linn Treysi Pushkinning Chaadayevga murojaatidan vatanparvarlik ruhidagi satrlarni keltirdi. U hamkasblarini rus xalqi bilan munosabatlar va aloqalarni yaxshilash ustida ishlashni davom ettirishga chaqirdi.

Foto: Vladimir Astapkovich/SNA/IMAGO
2023 yil yanvaridan o‘z lavozimida ishlab kelgan AQShning Rossiyadagi elchisi Linn Treysi diplomatik missiyasini yakunlab, Moskvani tark etmoqda. Bu haqda 27 iyun, juma kuni AQShning Rossiyadagi elchixonasi o‘zining Telegramʼdagi kanalida ma’lum qildi.
Postda qayd etilishicha, Treysining hissasi «doimiy diplomatiya, rus madaniyatiga chuqur hurmat va Amerika xalqiga fidoiy xizmat»ga asoslangan bo‘lib, uning faoliyati «ochiqlik, halollik va qiyin paytlarda ham mazmunli muloqot muhimligiga ishonch bilan ajralib turdi».
Treysining o‘zi shunday deb yozgan: «Mana shunday og‘ir damlarda Moskvada o‘z mamlakatimga vakillik qilganimdan faxrlanaman. Rossiyani tark etar ekanman, elchixonadagi hamkasblarim Rossiya xalqi bilan munosabatlarimizni yaxshilash va aloqalarni davom ettirish yo‘lida ishlashda davom etishini bilaman. O‘z vatanini sevadigan va har kuni yaxshi kelajak uchun mehnat qiladigan ruslar bilan uchrashishdan ilhom oldim».
U Aleksandr Pushkinning «Chaadayevga» she’ridagi vatanparvarlik ruhidagi mashhur satrlarni ham keltirdi:
- «Ozodlik bilan yonayotganda,
- Qalb sharaf uchun tirik ekan,
- Do‘stim, Vatanga bag‘ishlaylik
- Qalbimizning go‘zal shiddati!»
30 yildan ortiq tajribaga ega diplomat Linn Treysi 2023 yilning yanvarida Jon Sallivan o‘rniga AQShning Moskvadagi elchisi lavozimini egallagan. U avvalroq AQShning Armanistondagi elchisi, 2014 yildan 2017 yilgacha Moskvadagi missiya rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2017-2018 yillarda Treysi Davlat departamentining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha byurosida Rossiya masalalari bo‘yicha katta maslahatchi bo‘lgan.
2024 yil 29 oktyabrda, Siyosiy qatag‘on qurbonlarini xotirlash kunida Treysi boshqa G‘arb diplomatlari bilan birga Moskvadagi Solovetskiy toshiga gul qo‘ydi. 16 fevral kuni, Aleksey Navalniy vafotining bir yilligi munosabati bilan u rossiyaliklarning Moskvadagi Borisovskoye qabristonidagi muxolifat yetakchisi qabriga gul qo‘yish marosimiga qo‘shildi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z missiyasini tugatgandan so‘ng diplomatik xizmatdan voz kechib, oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish niyatida.
Mavzuga oid

23:45 / 28.06.2025
Ozarboyjon Rossiyani ikki ozarboyjonlikni o‘ldirganlikda aybladi va tergov talab qildi

22:29 / 28.06.2025
Detroytda vertolyotdan pul sochildi

17:35 / 28.06.2025
Tramp Eron oliy rahbarini «sharmandali o‘limdan» qutqarganini aytdi

16:49 / 28.06.2025