Iqtisodiyot | 12:38 / 28.06.2025
10258
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Chevrolet avtomobillari narxi arzonlashdi

Qozog‘istonda Chevrolet brendiga tegishli kamida uchta model: Cobalt, Onix va Tracker’ning narxi pasaytirildi. Brend vakillari bu o‘zgarishni narxlarni doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqish siyosatining bir qismi deb atadi.

Foto: REUTERS/Andrew Kelly

Qozog‘istonda yangi Chevrolet avtomobillari narxi sezilarli darajada arzonlashdi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan nashri xabar berdi.

Narxning pasayishi brendning kamida uchta modeliga ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, Cobaltʼning Optimum komplektatsiyasi narxi 8,19 mln tengedan (198,1 mln so‘m) 7,29 mln tengega (176,3 mln so‘m) pasaygan bo‘lsa, Onixʼning mexanik uzatmalar qutisiga ega bazaviy modeli 6,99 mln tengegacha (169,1 mln so‘m), Tracker’ning boshlang‘ich narxi esa 9,99 mln (241,7 mln so‘m) tengega tushirilgan.

Chevroletʼning Qozog‘istondagi rasmiy vakillari bu o‘zgarishni kompaniyaning narx siyosatini doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqish siyosatining bir qismi sifatida baholagan.

«Narxlarni muntazam ravishda ko‘rib chiqish siyosati doirasida va joriy bozor sharoitlarini inobatga olgan holda Qozog‘istonda Chevrolet brendining ba’zi modellari narxi arzonlashtirildi. Ushbu qaror Chevrolet avtomobillarini mijozlarimiz uchun yanada qulayroq qilish maqsadida qilingan», deyiladi rasmiy bayonotda.

Mavzuga oid