Jahon | 23:15 / 01.07.2025
2744
3 daqiqa o‘qiladi

Daniya ayollar uchun majburiy harbiy xizmatni qaytardi

Ushbu qaror Rossiyadan kelayotgan tahdidlar sharoitida mamlakat Qurolli kuchlari sonini tezroq oshirish maqsadida qabul qilingan.

Foto: AP

Daniyada ayollar erkaklar bilan bir qatorda harbiy xizmatni o‘tashi majburiy etib belgilandi, deb xabar beradi Associated Press. Bu boradagi o‘zgarishlar 1 iyuldan kuchga kirdi va u 18 yoshga to‘lgan shaxslarga taalluqli.

Qayd etilishicha, shu kunga qadar mamlakatda ayollar o‘z xohishiga ko‘ra armiyada xizmat qilishlari mumin bo‘lgan. Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen bahorda hukumat avvaliga 2027 yildan boshlab majburiy harbiy xizmatni kengaytirishni xohlagani, biroq Rossiyadan kelayotgan tahdid sharoitida mamlakat Qurolli kuchlari sonini tezroq oshirish maqsadida islohotni tezlashtirishga qaror qilganini aytgandi.

Shuningdek, xizmat muddati ham uzaytirildi — endi u to‘rt oy o‘rniga 11 oy davom etadi. Daniyadagi chaqiruv dasturi rahbari polkovnik Kennet Shtromning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar NATOning mudofaa siyosati kuchaytirilgani bilan bog‘liq. «Bu [qaror] amaldagi xavfsizlik vaziyatidan kelib chiqqan holda, ko‘proq jangovar salohiyatga ega bo‘lish va armiya, flot, harbiy-havo kuchlari yoki maxsus operatsiyalar kuchlari uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida qabul qilingan», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Amaldagi tizimga muvofiq, Daniyaning 18 yoshga to‘lgan barcha fuqarolari harbiy hisobga turishlari va armiyada xizmat qilishga yaroqlilik tekshiruvidan o‘tishlari kerak. Dastlab ko‘ngillilar jalb etiladi, qolgan o‘rinlar esa tasodifiy tarzda — lotereya orqali taqsimlanadi. 2033 yilga borib harbiy xizmatga har yili 6,5 ming nafargacha fuqaroni jalb etish rejalashtirilgan. O‘tgan yili Daniya armiyasida 4,7 ming kishi xizmat qilgan — ularning 24 foizi ayollar. Hozirda aholisi 6 millionni tashkil etadigan qirollik Qurolli kuchlarida 9 ming professional harbiy mavjud.

Daniya ayollar uchun harbiy majburiyatni joriy etgan Shimoliy Yevropadagi so‘nggi mamlakat bo‘ldi. Buni ilk bor 2015 yili Norvegiya amalga oshirgan, 2017 yildan esa Shvetsiya ham shunga o‘xshash choralarni qabul qilgan edi.

 

Mavzuga oid