Jahon | 15:24 / 02.07.2025
1933
2 daqiqa o‘qiladi

Paramount kompaniyasi Donald Trampga 16 million dollar kompensatsiya to‘laydi

Avvalroq, Tramp kompaniyani sudga berib, prezidentlikka demokrat nomzod Kamala Harris bilan bo‘lgan suhbatda tomoshabinlarni atayin chalg‘itganlikda ayblagan edi.

Foto: Getty images

Paramount kompaniyasi AQSh prezidenti Donald Trampning sobiq vitse-prezident Kamala Harris intervyusi bo‘yicha da’vosini hal qilish uchun 16 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi, deb yozdi The New York Times.

Paramount to‘lovi AQSh prezidentining sud va yuridik xizmat xarajatlarini o‘z ichiga oladi. Pul Trampning bo‘lajak prezidentlik kutubxonasiga yo‘naltiriladi.

Kompaniya shuningdek, kelajakda prezidentlikka nomzodlar bilan bo‘ladigan «60 daqiqa» suhbatlarining yozma stenogrammalarini nashr etishga rozi bo‘ldi. Biroq Paramount ta’kidlaganidek, Tramp bilan kelishuv uzr so‘rashni o‘z ichiga olmaydi.

Tramp 2024 yil noyabrida CBS News telekanaliga qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi. Ushbu telekanalga Paramount kompaniyasi egalik qiladi.

Trampning ta’kidlashicha, prezidentlikka demokrat nomzod Harris bilan suhbatda Isroil va Hamas haqidagi savolga javobning ikki varianti ko‘rsatilgan. U telekanalni tomoshabinlarni chalg‘itayotganlikda aybladi. Dastlab u zararni 10 milliard dollarga baholagan bo‘lsa, keyinroq da’vo miqdorini ikki baravar oshirdi. Tramp CBS harakatlarini «noto‘g‘ri talqindagi yangilikni namoyish etish» deb atadi. Kanal bu ayblovni rad qildi.

Ko‘pchilik advokatlar Trampning da’vosini asossiz deb hisobladi. Ularning fikriga ko‘ra, CBS oxir-oqibat sudda g‘alaba qozongan bo‘lardi, shu jumladan, kanal hech qanday noto‘g‘ri xabar bermagani sababli va qonun nashriyotlarga ma’lumotni qanday taqdim etishni belgilashda keng ixtiyoriylik bergani tufayli.

Paramount raisi va nazorat paketi egasi Shari Redstoun kompaniya direktorlar kengashiga Tramp bilan da’voni hal qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlashini aytgan edi.

Mavzuga oid