Jahon | 21:31 / 03.07.2025
2311
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga qarshi sanksiyalarini kengaytirdi

Yangi cheklovlar sakkiz nafar jismoniy shaxs, 21 ta yuridik shaxs va 12 ta sudga taalluqli.

Foto: EPA/TASS

Vashington Tehron va «Hizbulloh»ga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etdi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi saytida e’lon qilingan xabarda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, cheklovlar sakkiz nafar jismoniy shaxs, 21 ta yuridik shaxs va 12 ta sudga taalluqli.

Iyun oxirlarida NBC News AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff yaqin kunlarda Eron bilan yadro bitimi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqchi ekanini ma’lum qilgandi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Uitkoff Eron tomoniga Tehronga nisbatan sanksiyalarni yumshatish evaziga uranni boyitishdan voz kechishni taklif qilmoqchi.

AQShning Eronga nisbatan birinchi bir tomonlama sanksiyalari 1978-1979 yillarda yuz bergan Islom inqilobidan keyin joriy etilgan. So‘nggi yillarda AQShning Eronga qarshi sanksiyalar rejimi bir necha bor o‘zgardi. 2016 yilda Eron va oltita vositachi davlat (Rossiya, AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya) o‘rtasida Yadroviy dastur bo‘yicha birgalikdagi harakatlar rejasi imzolanganidan keyin cheklovlar bekor qilingan edi.

2018 yilda AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatni ushbu rejadan olib chiqib, Eronga qarshi yana sanksiyalar qo‘llagandi. Bunga javoban Eron o‘zining texnologik potensiali va yuqori boyitilgan uran zaxirasini sezilarli darajada oshirdi. Ayrim g‘arb ekspertlarining baholashicha, bu Eronga qisqa muddatlarda yadro qurolini yaratish imkoniyatini beradi.

 

Mavzuga oid