Jahon | 16:57 / 03.07.2025
2873
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh nafaqat Ukrainaga, balki boshqa mamlakatlarga ham harbiy yordamni to‘xtatdi

Bu qaror Pentagon tomonidan Qo‘shma Shtatlardan qurol olayotgan barcha mamlakatlarga nisbatan o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli tekshiruvning bir qismi doirasida ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: AP

Qurol yetkazib berishning to‘xtatilishi nafaqat Ukrainaga, balki boshqa mamlakatlarga ham ta’sir qildi, deb yozdi CBS News Oq uydagi manbaga tayanib.

CBS News manbasiga ko‘ra, bu qaror Pentagon tomonidan Qo‘shma Shtatlardan qurol olayotgan barcha mamlakatlarga nisbatan o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli tekshiruvning bir qismi hisoblanadi. Bu jarayon AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset tomonidan bir necha hafta oldin, Donald Tramp topshirig‘iga ko‘ra boshlangan edi. Ushbu auditdan maqsad – Pentagon oldingi ma’muriyat davrida «Amerika manfaatlariga muvofiq ustuvorlikni ta’minlaganini» aniqlashdik, dedi rasmiy.

CBS News manbasining ta’kidlashicha, ba’zi boshqa davlatlar ham «qayta tasniflangan», ya’ni Amerika qurollari va o‘q-dorilarini ustuvor oluvchilar ro‘yxatidan chiqarilgan, ammo qaysilari ekaniga aniqlik kiritilmadi.

O‘q-dorilar yetkazib berish to‘xtatilgani fonida, Ukraina Qo‘shma Shtatlardan Yevropaga o‘z armiyasi uchun Amerika qurollarini sotib olishiga ruxsat berishni so‘ramoqchi, deb yozdi Politico.

Nashrning yozishicha, Yevropaning bir qancha hukumatlari mudofaa budjeti hisobidan Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olish rejalarini o‘rganmoqda. Bu pullar yaqinda NATO sammitida tasdiqlangan ittifoq mamlakatlari tomonidan mudofaa xarajatlari miqdorida hisobga olinadi, biroq hozircha qat’iy majburiyatlar yo‘q, deb yozdi Politico.

AQSh Senati Qurolli kuchlar qo‘mitasi raisi Rojyer Uiker so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Zelenskiyning so‘rovi endi «moliyaviy yordam haqida emas, balki Yevropa pullaridan Amerika qurollari va o‘q-dorilarini xarid qilish imkoniyati haqida».

1 iyul kuni AQSh Ukrainaga ba’zi o‘q-dorilar, jumladan Patriot havo mudofaa tizimi uchun raketalarni yetkazib berishni to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. To‘xtatilishiga AQSh armiyasining o‘z zaxiralari tugashi bilan bog‘liq xavotirlar sabab bo‘lgani aytildi. Yevropa rasmiylari Qo‘shma Shtatlarning bu qaroridan «hayratda qolishdi», deb yozdi Bloomberg manbaga tayanib.

AQSh Davlat departamenti Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatmaganini aytdi. Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus: «Bu bir jihat, bitta vaziyat, bitta voqea o‘zgardi», dedi. The Economist bilan suhbatlashgan Ukraina rasmiylariga ko‘ra, AQSh barcha harbiy yordamni, jumladan o‘q-dorilar va ehtiyot qismlarini jo‘natishni to‘xtatgan.

Mavzuga oid