Jahon | 14:27 / 03.07.2025
2043
4 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya G‘azodagi «oziq-ovqat tuzog‘i» - GHFʼni yopmoqda

Shveytsariya hukumati Isroil va AQSh tomonidan moliyalashtirilgan «G‘azo insonparvarlik fondi»ning Jyenevadagi bo‘limini yopmoqda. BMT va xalqaro tashkilotlar fondni G‘azoda betaraflik prinsiplariga amal qilmaslikda ayblab kelayotgandi. So‘nggi 2 haftada GHFʼning yordam karvonlariga yetib borishga uringan kamida 580 falastinlik halok bo‘ldi.

Foto: Eyad BABA / AFP

Isroil va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, hozirda G‘azoda faoliyat yuritayotgan bahsli insonparvarlik tashkiloti — G‘azo insonparvarlik fondi (Gaza Humanitarian Foundation) — rasman tugatilmoqda. Bu haqda 2 iyul kuni Shveytsariyaning jamoat teleradiokompaniyasiga tayanib Anadolu nashri xabar bermoqda.

Shveytsariya Federal Fondlar nazorati boshqarmasi (ASF) GHFʼni yopish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki fond Shveytsariyada vakilga ham, rasmiy manzilga ham ega emas. Ular bu muammoni bartaraf etish uchun esa hech qanday chora ko‘rmagan. Shveytsariya Ichki ishlar vazirligi bu qarorni tasdiqladi.

Iyunning boshida Shveytsariya tashqi ishlar vazirligi GHFʼning Jyenevadagi bahsli bo‘limi «faolsiz» va «huquqiy talablarga javob bermaydi» deya berilgan bahoni tasdiqlagan edi.

Ushbu mojaro ortidan GHFʼning Shveytsariyadagi direktori iste’foga chiqqan edi. Ayni vaqtda Shveytsariyadagi TRIAL International nohukumat tashkiloti federal hokimiyatga ikkita shikoyat arizasi topshirdi va fond faoliyati shaffofligi bo‘yicha tergov talab qilmoqda.

Tashkilot GHF faoliyati nafaqat qonunga zid, balki «Shveytsariyaning xalqaro obro‘siga xavf soladigan darajada xavfli bo‘lishi mumkin», deya ta’kidladi.

G‘azo insonparvarlik fondi Reuters’ga bergan bayonotida Shveytsariyada faoliyat boshlamaslik haqida strategik qaror qabul qilganini va hozirda ushbu mamlakatda ro‘yxatga olingan tuzilmasini tugatish ustida ishlayotganini bildirdi.

GHF – bu qanday tashkilot?

Isroil va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu bahsli gumanitar tashkilot – Gaza Humanitarian Foundation AQShning Delaver shtatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, joriy yil 12 fevral kuni Jyenevada filial ochgan edi.

Uning maqsadi BMT orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri G‘azoga oziq-ovqat yetkazishni muvofiqlashtirish bo‘lgan.

GHF mexanizmi xalqaro hamjamiyat va BMT tomonidan keskin qoralanib, tanqid ostiga olinib kelayotgan edi. Bu tanqidlarga sabab — yordam tarqatish paytida sodir bo‘lgan tartibsizliklar va yuzlab falastinliklarning halok bo‘lishi bo‘ldi. GHFʼning bunday harakatlari ko‘p hollarda och-nahor falastinliklar uchun «o‘lim tuzog‘i» deb nomlandi.

Foto: AFP via Getty Images

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur Isroil bu tashkilot orqali «yordamni urush quroliga aylantirayotganini» aytgan edi. Shuningdek, tashkilot G‘azodagi urushda betaraflik prinsiplariga amal qilmaslikda ayblanmoqda.

G‘azodagi tibbiy idoralar ma’lumotiga ko‘ra, GHF faoliyat boshlaganidan beri yordam tarqatish markazlari yoki ularning yaqinidagi yo‘llarda Isroil kuchlari tomonidan qo‘riqlanuvchi hududlarda 600 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

Isroil OAVlariga ko‘ra, Tsaxal dushanba kuni bergan bayonotida ba’zi falastinlik tinch aholi vakillari yordam markazlari yaqinida o‘ldirilganini tan oldi. Armiyaga «olingan saboqlar» asosida yangi ko‘rsatmalar berilgani bildirildi.

GHF esa besh hafta ichida muhtoj falastinliklarga 52 million hissadan ortiq ovqat ulashganini ma’lum qilgan. Tashkilotning aytishicha, boshqa humanitar guruhlar yordamlarining deyarli barchasi talon-toroj qilingan.

Isroil — Hamas oziq-ovqat ustidan nazorat qilmasligi uchun, GHFʼni qo‘llab-quvvatlaydi. BMT va yirik humanitar tashkilotlar esa GHF bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan, chunki bu jamg‘arma Isroil harbiy maqsadlariga xizmat qilishi haqida shubhalar bor.

Mavzuga oid