O‘zbekiston | 20:03 / 07.07.2025
4215
4 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva Zoyid nomidagi xalqaro mukofotning hakamlar hay’atiga kiritildi

2026 yilgi Zoyid nomidagi insoniyat birodarligi mukofotining hakamlar hay’ati a’zolari e’lon qilindi. 1 mln dollarlik mukofot sohibini aniqlovchi hakamlar hay’ati tarkibiga O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, YUNISEF bosh direktori Keterin Rassell, Yevropa Kengashi sobiq prezidenti Sharl Mishel va boshqalar kiritildi.

Hakamlar hay’ati tarkibi

Zoyid nomidagi insoniyat birodarligi mukofoti tashkilotchilari 2026 yilgi sovrindorni aniqlashda ishtirok etadigan hakamlar hay’ati a’zolarini e’lon qildi.

Hakamlar qatoridan O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining rahbari Saida Mirziyoyeva ham joy olgan. Uning nomzodi Al-Azhar bosh imomi Ahmad al-Toyib tomonidan ilgari surilgan.

Zoyid xalqaro mukofoti – dunyo bo‘ylab turli soha va mintaqalardan kelgan, insonparvarlik, birodarlik va hamjihatlik tamoyillarini ilgari surish yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan shaxslar hamda tashkilotlarni taqdirlashga qaratilgan.

Mukofot nomi Birlashgan Arab Amirliklari asoschisi, marhum Shayx Zoyid bin Sulton Al Nahayon sharafiga qo‘yilgan.

Turli sohalarda faoliyat yuritadigan va xilma-xil tajribaga ega hakamlar hay’ati 60 dan ortiq davlatlardan kelib tushgan nomzodlarni baholab, iqlim o‘zgarishi, kambag‘allikka qarshi kurash, jamiyat rivojlanishi va sog‘liqni saqlash kabi turli insonparvarlik tashabbuslari bo‘yicha tanlov o‘tkazadi.

Hakamlar hay’atining olti nafar a’zosi quyidagilar:

  • Saida Mirziyoyeva – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari
  • Keterin Rassell – YuNICEF ijrochi direktori
  • Sharl Mishel – Yevropa Kengashining sobiq prezidenti, Belgiya sobiq bosh vaziri
  • Moussa Faki Mahamat – Afrika Ittifoqi Komissiyasining sobiq raisi, Chad sobiq bosh vaziri
  • Kardinal Xose Tolentino de Mendonsa – Muqaddas Taxtning Madaniyat va ta’lim bo‘yicha dikasteriyasi prefekti
  • Sudya Muhammad Abdelsalom – Zoyid nomidagi Inson birodarligi mukofoti Bosh kotibi.

“Ushbu nufuzli hakamlar hay’atiga Markaziy Osiyodan ilk a’zo sifatida qo‘shilayotganimdan behad mamnunman. Hay’atdagi hamkasblarim bilan birgalikda butun dunyoda jamiyatlarni yuksaltirayotgan va dolzarb muammolarni hal etayotgan e’tirof etilmagan gumanitar qahramonlarni tan olishni maqsad qilganmiz”, deya Saida Mirziyoyevadan iqtibos keltirilgan rasmiy press-relizda.

Qayd etilishicha, Mirziyoyeva hay’atga kiritilishi – jamoaga xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, inson huquqlari va ijtimoiy rivojlanishni ilgari surish bo‘yicha boy tajribani olib keladi.

Mukofot uchun arizalar qabuli 2025 yil 1 oktyabrgacha davom etadi. Nomzodlar o‘z arizalarini tashkilot rasmiy sayti orqali yuborishi mumkin.

Mukofot summasi – 1 000 000 AQSh dollari.

Ma’lumot uchun, Zoyid nomidagi insoniyat birodarligi mukofoti 2019 yilda, Katolik cherkovining 266-papasi Papa Fransisk va Al-Azhar Bosh imomi Ahmed Al-Toyibning Abu-Dabidagi uchrashuvidan keyin ta’sis etilgan. Bu uchrashuvda ikki diniy peshvo “Insoniyat birodarligi to‘g‘risidagi hujjat”ni imzolagan edi.

Shundan buyon 15 mamlakatdan 16 nafar sovrindor e’tirof etildi.

Bungacha mukofotlanganlar orasida Rim papasi Fransisk (faxriy sovrindor), Al-Azhar bosh imomi Ahmad Al-Toyib (faxriy sovrindor), BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, ekstremizmga qarshi kurash faoli Latifa Ibn Ziaten, Iordaniya qiroli Abdulla II bin Al-Husayn va qirolicha Raniya Al-Abdulla, Haitidagi “Bilim va ozodlik” jamg‘armasi, Sant-Egidio hamjamiyati, keniyalik tinchlik faoli Shamsa Abubakar Fadhil, Indoneziyaning “Nahdlatul Ulama” va “Muhammadiya” xayriya tashkilotlari, dunyoga mashhur kardiojarroh, professor Magdi Yoqub, Chili nodavlat tashkiloti asoschisi rohiba Nelli Leon Correa, Barbados bosh vaziri Mia Amor Mottli, “Dunyo Markaziy Oshxonasi” hamda yoshlar sog‘liqni saqlash innovatori Heman Bekele bor.

Mavzuga oid