Jahon | 14:00 / 08.07.2025
829
2 daqiqa o‘qiladi

Texasdagi suv toshqini qurbonlari soni 104 kishiga yetdi

Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, eng ko‘p o‘lim holatlari Kerr okrugida qayd etilgan, deydi rasmiylar.

Foto: AFP via Getty Images

AQShning Texas shtatidagi suv toshqini qurbonlari soni 104 kishiga yetdi.

Rasmiylar mintaqada 4 iyul kuni kuchli yomg‘irdan keyin qurbonlar soni ortganini ma’lum qildi. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, aksariyat o‘lim holatlari Kerr okrugida qayd etilgan, deydi rasmiylar.

Xususan, ushbu okrugda 84 kishi, jumladan, 28 bola halok bo‘lgan.

Kuchli yomg‘ir tufayli Kerr okrugida Gvadalupe daryosi toshib, keng ko‘lamli toshqinlarga sabab bo‘ldi.

Texas gubernatori Greg Ebbott ijtimoiy tarmoqlarda falokat oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha resurslar safarbar qilinganini aytdi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat hududida 50 mingga yaqin odam bor, qutqaruv ishlari hamon davom etmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp Kerr okrugini falokat hududi deb e’lon qildi.

Ayni paytda, shtatdagi respublikachi rasmiylar Tramp ma’muriyatining tejamkorlik siyosati doirasida budjeti qisqartirilgan Milliy meteorologiya xizmatini (NWS) tabiiy ofat boshlanishidan oldin o‘z vaqtida ogohlantirish va aniq prognozlar bermagani uchun tanqid qildi.

Mavzuga oid