Jahon | 09:46
1115
2 daqiqa o‘qiladi

Mers AQSh bilan birgalikda Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish niyatida

Germaniya kansleri AQSh bilan Ukrainani qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi. Mers Rossiyani jiddiy harbiy jinoyatlarda aybladi.

Foto: Jens Krick/Flashpic/picture alliance

Rossiyaning Ukrainaga havo hujumlari davom etayotgan bir paytda Germaniya hukumati Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers Bundestagda bu borada AQSh bilan hamkorlikda harakat qilishiga ishonishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh ma’muriyati bilan Ukrainani qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga qaratilgan «kelishuvlar»ni muhokama qilmoqchi.

«Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamimiz na moliyaviy cheklovlar, na xodimlar yetishmasligi tufayli to‘xtatilmaydi. Hozirda bizda taqchillik bo‘lgan yagona soha — bu harbiy texnika, qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarish», — dedi Mers. U Rossiyani o‘z hujumlari bilan «Ukrainada deyarli har kuni og‘ir harbiy jinoyatlar sodir etishda» aybladi.

O‘z navbatida, Germaniya Mudofaa vazirligi hamkor mamlakatlarning Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlari haqida gapirdi. Vazirlik vakilining aytishicha, ular hamkorlar bilan Ukrainani «hozirda foydalanilmayotgan resurslar» bilan ta’minlash mumkinmi yoki yo‘qmi, shu masalani muhokama qilmoqda. Mudofaa vaziri Boris Pistorius kelasi hafta AQShga tashrifi chog‘ida havo mudofaasi mavzusiga ham to‘xtalib o‘tadi. U Amerika tomoni bilan «Ukrainaning Rossiya hujumlariga qarshi havo mudofaasini kuchaytirish uchun birgalikda nima qilish mumkinligini» muhokama qiladi, dedi vazirlik vakili.

Germaniya Mudofaa vazirligi vakili Ukrainadan olingan kadrlarni dahshatli deb atadi. «Vayron qilingan fuqarolik infratuzilmasi, energetika inshootlari, yuzlab raketalar va dronlarning kunlik hujumlari – bularning barchasi hech kimni befarq qoldira olmaydi». Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Ukraina havo mudofaasini «o‘z imkoniyatlari chegarasiga» yetkazmoqchi.

Mavzuga oid