Jahon | 10:21 / 15.07.2025
3126
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Shmixalni Ukraina mudofaa vaziri lavozimiga taklif qildi

Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal mamlakat Mudofaa vazirligini boshqarishi mumkin. Zelenskiy uning lavozimini Yuliya Sviridenkoga taklif qildi.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosh vazir Denis Shmixalga mamlakat Mudofaa vazirligiga rahbarlikni taklif qildi. Bu haqda u 14 iyul, dushanba kuni kechqurun o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

«Denis Shmixalning katta tajribasi Ukraina mudofaa vaziri sifatida albatta qo‘l keladi – aynan shu sohada hozirda mamlakatda maksimal resurslar, maksimal vazifalar va katta mas’uliyat bor», — deya izoh berdi Zelenskiy hukumatdagi rejalashtirilgan o‘zgarishlar haqida.

U Oliy rada «Ukraina hukumatining yangi konfiguratsiyasi»ni qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi va shuningdek, vazirlar mahkamasi «nima ishlayotgani va nimani qayta ko‘rib chiqish yoki faollashtirish kerakligini» aniqlash uchun Kiyev hamkorlari bilan «barcha kelishuvlar auditini» tezda o‘tkazishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Rustem Umerov hozirda Ukraina Mudofaa vazirligini boshqaradi. 10 iyul kuni Volodimir Zelenskiy matbuot anjumanida u mamlakatning AQShdagi elchisi etib tayinlanishi mumkinligini aytdi.

Shu kuni Volodimir Zelenskiy mamlakat bosh vaziri birinchi o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoga Ukraina bosh vaziri lavozimini taklif qilganini xabar bergandi. «Men Yuliya Sviridenkoga Ukraina hukumatini boshqarishni va uning faoliyatini sezilarli darajada yangilashni taklif qildim. Yangi hukumatning harakat rejasi yaqin orada taqdim etilishini kutaman», deb yozgan Zelenskiy. U buni «Ukrainadagi ijro hokimiyat tizimini o‘zgartirish» sari qadam deb atadi.

Mavzuga oid